AQSh davlat departamenti 2019-yilda vaqtincha sayyohlik va xizmat safarlari uchun “B” toifasidagi viza olishni so‘ragan O‘zbekiston fuqarolarining 68,06 foiziga rad javobini berdi. Bu haqda tashkilotning hisobotidan ma’lum bo‘ldi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Foto: Google Images

O‘zbekistonga berilgan rad javoblari soni Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng ko‘pi hisoblanadi. O‘tgan yil bilan taqqoslaganda, o‘zbekistonliklarga berilgan rad javoblari soni 6 foizga ko‘paygan.

2019-yilda ikkinchi o‘rindan Qirg‘iziston fuqarolari 67,75 foiz bilan joy olgan. Viza so‘ragan Tojikiston fuqarolarining 60,97 foizi rad javobini olgan bo‘lsa, Turkmaniston fuqarolari uchun bu ko‘rsatkich 56,26 foizni tashkil etgan. Rad javoblari bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Qozog‘istonga tegishli bo‘lib, mazkur mamlakatdan viza so‘raganlarning 42,58 foiziga rad javobi berilgan.

Rad javobi olish bo‘yicha O‘zbekistondan ko‘ra yomonroq ko‘rsatkich yettita mamlakatda qayd etilgan. Ularning qatorida Yaman (78 foiz), Somali (81 foiz), Eron (87 foiz), Liviya (89 foiz), KXDR (100 foiz), Mikroneziya federativ shtatlari (100 foiz) va Palau (100 foiz) o‘rin olgan.

Rad javoblari bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlar Papua-Yangi Gvineya (1,74 foiz), Solomon orollari (2,2 foiz), Polsha (2,76 foiz) va Kiprda (2,78 foiz) qayd etilgan. Lixtenshteyn fuqarolari esa umuman rad javobi olmagan.

От qwert.uz