Har yili 9-dekabr kuni Genotsid jinoyati qurbonlari xotirasi kuni sifatida yodga olinadi. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh genotsidlar tarixiga to‘xtaladi.
“Genotsid” so‘zi yunoncha γένος — “qabila” va lotincha caedo — “o‘ldiraman” so‘zlarining birikishidan paydo bo‘lgan. U jamoaviy zo‘ravonlik turini, odamlarga milliy, etnik yoki irqiy sabablar ortidan zo‘ravonlik qilish, ularni qisman yoki to‘laligicha yo‘q qilib tashlashni anglatadi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Google Photos
1948-yilda BMT tomonidan genotsid xalqaro jinoyat deb belgilab qo‘yildi. Genotsidni uyushtirgan shaxslar jazolanishi belgilandi. Shuningdek, genotsid insoniyatga qarshi jinoyat deb baholanadigan bo‘ldi.
Insoniyat tarixida genotsidlar ko‘p bo‘lgan. Ming afsuski, insoniyat yuksak taraqqiy etgan XX asrda ham genotsid jinoyatlarini sodir etish to‘xtamayapti. Political Instability Task Force hisobotiga ko‘ra, 1956-yildan 2016-yilgacha dunyo bo‘ylab 43 ta genotsid sodir etilgan. Buning oqibatida 50 million odam halok bo‘lgan.
BMT hisobotiga ko‘ra esa, 2008-yilgacha 50 milliondan oshiq odam qochqin sifatida boshqa yurtlarga joylashtirilgan.
“Genotsid” atamasini ilk bor polshalik huquqshunos Rafael Lemkin qo‘llagan. 1933-yilda Madridda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Lemkin fenotsidga qarshi xalqaro qonunlar ishlab chiqishni taklif etgan.
1945-yili Nyurnbergda fashist rahbarlari ustidan o‘tkazilgan sud jarayonida bu atama ham qo‘llandi. Ammo bu so‘z hali rasmiy maqom olmagan edi. “Genotsid” so‘zining ilk rasmiy qo‘llanishi 1948-yildan, BMTda Genotsid jinoyatlaridan ogohlantirish va uni sodir etganlarni jazolash haqidagi konventsiya qabul qilinishi bilan boshlandi.
Kolumb Amerikani ochishi va u Yevropa mamlakatlari uni bo‘lib olishi genotsidga yo‘l ochdi. Buning ortidan Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya, Yangi Zelandiyadagi tubjoy aholi qirib yuborildi. Bu jarayon XIX asrgacha davom etdi.
Insoniyat XX asrda yangi genotsidlar guvohi bo‘ldi. Jahon urushlarida sodir etilgan genotsidlar shular jumlasidandir. Birgina SSSRning o‘zida 1917-yilda sodir etilgan Oktabr to‘ntarishidan boshlab Stalin vafot etgunicha turli millatlarga mansub millionlab insonlar genotsid qilingan. Stalin davridagi ayovsiz qatag‘onlar, turli millatlar surgun qilinishi ham genotsid edi.
Ana shunday genotsid XX asrda Xitoyda ham sodir etilgan. 1960-yil avgust oyida Xalqaro komissiya huquqshunoslari tayyorlagan hisobotda Xitoy hukumati Tibetda diniy qarashlar tufayli tibetliklarni qirib yuborganini ma’lum qilgan edi.
XX asrdagi yana bir genotsidni Kambodjada Pol Pot 1975–1979-yillarda amalga oshirgan. O‘shanda qisqa muddatda 3 milliondan oshiq kambodjalik qirilib ketgan. Shuningdek, 1994-yilda Ruandada xutu millatiga mansub 800 ming aholi qirib tashlangan.
1992–1998-yillarda Bolqon yarim orolida qurolli mojarolar bo‘lib turganda serblar ko‘plab musulmonlarni ommaviy qirib tashlagan. Ular orasida 1995-yilda Srebrenitsa shahrida sodir etilgan qatliom eng ayanchlisi bo‘lgan. Bu yerda serb harbiylari shaharning musulmon aholisini bitta qoldirmay qirib tashlab, buldozerlar yordamida jasadlarni chuqurga surib tushirib, ustidan tuproq tortgan. Qorabog‘ mojarosi davomida arman jangarilari Xo‘jali shahrida ozarbayjonlarni qirib tashlagan; bu ham genotsid hisoblanadi.
Shuningdek, ayrimlar XX asr boshida Usmoniylar imperiyasi armanilarni genotsid qilgan deb hisoblaydi. Ammo Turkiya buni tan olmaydi. Aksincha, Kavkazda armanilar tomonidan musulmon turklar, ozarbayjonlar va gruzinlar qirg‘in qilingan deb hisoblaydi.
Quyida tarixdagi eng yirik genotsidlar o‘nligini keltiramiz.
10. “Anfol” dasturi, kurdlar genotsidi
Kurdlar Yaqin Sharqda yashaydigan millat hisoblanadi. Bugun etnik kurdlar yashayotgan hududlar Iroq, Suriya, Turkiya va Eron hududida joylashgan.
“Anfol” qurbonlari.
Foto: ANF News
1980-yillarda bo‘lib o‘tgan Iroq–Eron urushi paytida Saddam Husayn rahbar bo‘lgan BAAS partiyasi “Anfol kodi” deb nomlangan maxsus dastur tayyorlab uni amalga oshirgan. Bu dasturga ko‘ra, Shimoliy Iroqda yashagan etnik kurdlar bilan jang paytida kurd aholi punktlarida kimyoviy qurol qo‘llanilgan.
Ushbu dasturga Saddam Husaynning akasi Ali Hasan al-Majid boshchilik qilgan. Kurdlarga qarshi kimyoviy qurollardan foydalangani uchun unga Ali Kimyoviy laqabi berilgan. O‘shanda kimyoviy qurol qo‘llash natijasida 180 ming kurd halok bo‘lgan. Yana ko‘plab kurdlar bedarak yo‘qolgan.
Oradan yillar o‘tib, Ali Kimyoviy AQSh harbiylari qo‘liga asirga tushgan. Uni harbiy jinoyatlari uchun sud qilib, jazoga tortishgan.
9. Moriori genotsidi
Maorilar Yangi Zelandiyaning tubjoy aholisi hisoblanadi. Ular Yangi Zelandiyada qariyb ming yildan beri yashab kelayotgan edi.
Moriorilar.
Foto: Pinterest
Bundan 500 yil avval maorilarning bir qismi Yangi Zelandiya yonidagi qo‘shni orol – Chatemga ko‘chib o‘thadi va o‘zini moriori deb ataydi.
Bu ikki orolda yashovchi qardosh xalq bir-biri bilan juda do‘stona bo‘lmasa ham, o‘zaro dushmanlik qilmay yashab keladi.
Yevropalik kolonistlar dunyoning boshqa burchaklarini bosib olib, o‘zaro taqsimlab bo‘lganidan keyin navbat Yangi Zelandiyaga keladi. Ammo maorilar juda jasur edi. Buning ustiga, yevropaliklarga yordam kuchi va ta’minot yetkazish masalasi og‘ir edi. Shu uchun yevropaliklar orol aholisi bilan jangga kirishga oshiqmaydi.
Ular avvaliga maorilar bilan sohil bo‘ylarida savdo-sotiq qilib, ularga miltiq otishni o‘rgatadi. Shundan so‘ng maorilar yevropaliklardan miltiq sotib ola boshlaydi.
1835-yilda miltiqlar bilan qurollangan maorilar Chatem oroliga, birodarlari bo‘lgan moriorilarga qarshi hujum boshlaydi. O‘zaro urush boshlanadi. O‘ttiz yil davom etgan urushda maorilar moriorilarni batamom qirib tugatadi.
Chatem orolida bor-yo‘g‘i 200 ga yaqin moriori odam qolgani. 1933-yilda moriorilarning oxirgisi dunyodan ko‘z yumdi va shu tariqa bu qavm batamom yo‘q bo‘lib ketdi. G‘olib maorilarning ham taqdiri ayanchli kechdi. Yevropalik kolonizatorlar ularni yengib, Yangi Zelandiyani bosib oldi. Bugun bu davlatda hozir kam sonli maori yashamoqda.
8. Ruandadagi genotsid
Ruanda xalqi bir paytlar hamjihatlikda yashagan. Biroq bu yurtni yevropaliklar bosib olib, mustamlakaga aytirganidan so‘ng bantu qavmiga mansub xalqni ikkiga ajratdi. Chorva mollari bor, o‘ziga tinchroqlarini tutsi deb nomlashdi. Aholining kambag‘al qismini esa xutu deb atashdi. Shu tariqa aholi ikki tabaqaga bo‘lindi. Ana shu holatda tutsi kambag‘allashsa xutu qavmi safiga o‘tar, aksincha, xutu qavmidan kimdir boyisa tutsi qavmiga o‘tar edi. Jamiyatda bunday tabaqalanish bir qavmni ikkiga ajratdi va har ikki tarafda bir-biriga nafrat uyg‘ota bordi. Ayniqsa kambag‘al qavm xutular biroz boy bo‘lgan tutsilarni yomon ko‘rib qoldi.
Ruanda qochqinlari.
Foto: Google Photos
1990-yillar boshida nafrat qurolli mojaroga aylandi. Xutular tutsilarga qarshi bosh ko‘tardi va qo‘liga qurol olib, tutsilarni ko‘rgan yerida o‘ldira boshladi. Qurolli zo‘ravonliklar natijasida yuz minglab begunoh odamlar halok bo‘ldi. Yosh qizlar, ayollar zo‘rlandi.
Xalqaro tashkilotlar aralashuvi bilan ushbu qurolli mojaro to‘xtatilgandan so‘ng jami halok bo‘lganlar soni 500 mingdan 1 milliongacha hisoblanadi.
7. Irlandiyadagi ocharchilik
Janubiy Amerikadan Yevropaga kartoshka olib kelinganidan so‘ng Irlandiya qit’aning eng ko‘p kartoshka yetishtiradigan davlatlaridan biri bo‘lgan. Bu mamlakatda yetishtiriladigan kartoshkaning ichki bozordan ortgani asosan Angliyaga yetkazib berilgan.
Foto: RTE
1846–1852-yillarda Irlandiyada kartoshka tanqisligi oqibatida ocharchilik yuzaga keldi. Buning oqibatida million nafardan ortiq irlandiyalik halok bo‘ldi. Yana milliondan ortiq irlandiyalik okeanortiga muhojirlikka ketdi.
Bu hodisani tarixchilar angliyaliklar tomonidan irlandiyaliklarga qarshi uyushtirilgan genotsid deb baholaydi.
6. Pigmeylar genotsidi
Markaziy Afrikada bir nechta qabilalardan iborat, umumiy nomi pigmey bo‘lgan qavm yashagan. Ular boshqalardan bo‘yining pastligi bilan farqlanib turgan. Bu qavm odamlarining bo‘yi 1,5 metrdan oshmagan.
Foto: Martian Herald
Kongo xalqlari o‘rtasidagi fuqarolar urushi davrida pigmeylarning ko‘p qismini shunchaki qirib yubordi. Oxir-oqibat pigmeylar BMTga o‘zini Kongo ozodlik harakati jangchilaridan himoya qilishni so‘rab murojaat etdi.
Genotsiddan 500 mingga yaqin pigmey omon qolgan.
5. Amerika tubjoy aholisining genotsidi
Xristofor Kolumb Hindistonga yo‘l ochaman deb Amerika qit’asiga borib qolgunicha Shimoliy va Janubiy Amerikada turli xalqlar yashagan. Ularning bir qismi sivilizatsiyadan uzoq bo‘lsa, yana bir qismi yuksak taraqqiyotga erishgan, davlatchiligi bo‘lgan, shaharlar qurgan.
Foto: Google Photos
Amerika kashf etilganidan so‘ng yevropaliklar Yangi dunyoga oqib bora va mahalliy aholini ayovsiz qira boshladi.
XX asr boshlarigacha Yangi dunyoda mahalliy aholi juda kam qoldi. Hindularning qanchasi qirib yuborilgan, hisoblash qiyin. Lekin tarixchilarning taxminlaricha, umumiy o‘ldirilganlar soni bir necha o‘n million bo‘lgan.
4. Aborigenlar genotsidi
Aborigenlar dunyodagi eng qadimiy xalqlardan biri hisoblanadi. Oxirgi DNK testlariga ko‘ra, ajdodlari osiyolik bo‘lgan aborigenlarning Avstraliyaga ko‘chib o‘tganiga 50 ming yil bo‘lgan.
Foto: Wikipedia
1909-yildan Avstraliya hukumati aborigenlarning bolalarini ota-onalaridan tortib olib, alohida lagerlarda saqlay boshladi. Bu ish 1970-yillargacha davom etdi. Avstraliya hukumati bu ishni “aborigen bolalarni og‘ir sharoitdan saqlash” deb xaspo‘shlagan bo‘lsa ham, aslida bu ish ularni tag-tugi bilan yo‘qotish deb hisoblaydiganlar ham yetarli.
2008-yilda Avstraliya hukumati aborigenlardan farzandlarini tortib olib tarbiyalagani uchun uzr so‘radi.
3. SSSRdagi genotsidlar
Ikkinchi jahon urushi ayni avjiga chiqqan 1943-yil kuzida Stalinning bir nechta millatni surgun qilish haqidagi qarori chiqadi. Avvaliga chechenlar, ingushlar, qorachoylar, keyin esa, 1944-yilda qrimtatarlar, mesxeti turklar “vatanga xiyonat”da ayblanib, surgun qilingan. SSSRning vorisi Rossiya bu surgunlarni genotsid deb tan olmaydi. Ammo ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar Stalinning ishlarini genotsid deb ataydi.
Qrimtatarlar deportatsiyani yodga olmoqda.
Foto: Google Photos
2. Bosniyadagi genotsid
90-yillarda SSSR ortidan ergashgan ko‘plab sotsialistik davlatlarda ham hukumat o‘zgardi va ularning aksariyati sotsialistik tuzumdan voz kechdi.
Srebrenitsa qurbonlari.
Foto: “Kommersant”
Yugoslaviya ham sotsialistik lagerga kiruvchi davlat edi. Uning tarkibida oltita ittifoqdosh respublika bor edi. SSSR tarqab, undagi ittifoqdosh respublikalar mustaqil bo‘lganidan so‘ng Yugoslaviya tarkibidagi ittifoqdosh respublikalar ham birin-ketin mustaqillik e’lon qila boshladi. Rossiyadan farqli ravishda, Yugoslaviyada hukmron bo‘lgan Serbiya ittifoqdosh respublikalarning mustaqil bo‘lib ketishiga ko‘nmadi va qonli mojaro kelib chiqdi. Bosniyada yashovchi aholi orasida islom diniga va nasroniy diniga birday e’tiqod qiladiganlar bor edi. Bu mintaqada 1992-yildan 1999-yilgacha davom etgan mojaroda eng ko‘p jabr chekkanlar musulmon aholi bo‘ldi. Birgina Srebrenitsada 30 mingdan ortiq musulmon qirib tashlandi.
1. Xolokost
Yahudiy millati tarixda ko‘p azoblarga yo‘liqqan. Misrda, Rimda, o‘rta asrlarda Aragonlik Izabella davrida quvg‘inlarni boshidan kechirgan. Ammo birontasi bu millatni genotsid qilish darajasiga bormagan. XX asrning birinchi yarmida Germaniyani natsional-sotsialistlar egalladi. Ularning lideri Adolf Gitler Uchinchi reyx o‘rnatilganini e’lon qildi. 1938-yildan boshlab Yevropadagi davlatlarni birin-ketin bosib ola boshladi. Oxirida SSSRga hujum qildi va Moskva ostonalarigacha keldi.
Foto: Wikipedia
Gitlerchilar Yevropani bosib olar ekan, yahudiylarni alohida ajratib olib, legarlarga joylashtirdi. Lagerlarda ular ustidan tadqiqotlar o‘tkazdi. Gaz kameralariga qamab, o‘ldirishdi; hatto terisini shilib, sanoatda ishlatishdi, suyaklaridan o‘g‘it qilishdi.
Umumiy hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘shanda fashistlar 6–7 million yahudiyni o‘ldirgan. Lagerlarda qolganini 1944-yildan so‘ng nemislar chekinayotganda ozod qilishgan.