Internet foydalanuvchilari tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targ‘ib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida ulardan pul talab qilayotgan xakerlar paydo bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi

Ma’lum qilinishicha, fuqarolar tomonidan pornografik foto va video mahsulotlarni targ‘ib qiluvchi internet resurslaridan foydalanish jarayonida boshqa shu kabi resurslarga avtomatik tarzda o‘tib ketish oqibatida “O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limidan bildirishnoma” sarlavhasi ostida sizib chiquvchi oyna paydo bo‘lmoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

IIVning xabar berishicha, paydo bo‘ladigan oynada foydalanuvchining taqiqlangan saytlarga kirgani sababli go‘yoki IIV tomonidan u 200 ming so‘m, ayrim hollarda esa 300 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabar chiqadi. Xabarda foydalanuvchi Webmoney elektron to‘lov tizimi orqali davlat hisobiga to‘lovni amalga oshirishi kerakligi aytiladi.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan jarima to‘lanmagan taqdirda qurilmada saqlangan kontaktlarga foydalanuvchining pornografik foto va video mahsulotlar joylashtirilgan internet resurslaridan foydalangani haqida hodisa bayoni hamda foydalanuvchiga jarimani to‘lashi talabi bilan SMS xabar yuborilishi aytilmoqda. Shu bilan birga, foydalanuvchilarning internet brauzeri blokirovka holatiga tushib qolmoqda.

Foto: O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi

Ushbu holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibida Kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi nomi bilan faoliyat yurituvchi bo‘lim yoki bo‘linma mavjud emas. Shuningdek, Webmoney to‘lov tizimida O‘zbekiston IIV tarkibiy va hududiy tuzilmalari elektron hamyonlarga ega emas.

IIV fuqarolarni internet tarmog‘idan foydalanayotganda bu kabi salbiy holatlarga duch kelmaslik uchun firibgarlarning aldoviga ishonib qolmaslikka chaqirgan hamda bugungi kunda mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilgan.

От qwert.uz