“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.
Iqlim o‘zgarisi: muzliklar taqdiri qanday kechadi?
The New York Times nashri Arktika mintaqasida bu yilgi yoz rekord darajada yuqori bo‘lgani haqida tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Muzliklar erib borishi esa mintaqada oziq-ovqat zanjiri uzilishi va suv sathi keskin ko‘tarilishi kabi muammolarga olib kelmoqda — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .
Foto: Google Photos
Iqlimshunos olimlar Arktikada sentabr oyida kuzatilgan o‘rtacha harorat 1900-yildan beri eng yuqori ikkinchi ko‘rsatkichda bo‘lganini qayd etdi. Aynan o‘sha yildan harorat qayd qilib kelinadi.
Yangi yuqori daraja kuzatilar ekan, bu dunyo iqlimshunoslari orasida Arktikada oxirgi olti yil mobaynida eng iliq harorat kuzatilgani borasida xavotirlar keng yoyilishiga olib keldi.
Hisobotning muzliklar haqidagi bo‘limiga mas’ul bo‘lgan Dartmut kolleji professori Donald Perovich “kuzatishlar chindan butun bir ekotizim keskin oqibatlar ostida qolib ketayotganini ko‘rsatmoqda”, deb ta’kidladi.
Milliy okeanshunoslik va atmosfera havosini kuzatish ma’muriyati hisobotlarga nazar tashlar ekan, hisobotdagi iqlim o‘zgarish bilan bog‘liq dalillarni tahlil qiladi va ayni paytda olingan natijalarni o‘tmishdagi natijalar bilan taqqoslaydi.
Arktikaga tadqiqotchilar e’tibor berayotganining sababi shundaki, bu mintaqa Yer sayyorasining boshqa mintaqalari kabi o‘ta tez sur’atlar bilan isib bormoqda. Nafaqat dunyo ummonlarida, balki quruqlikdagi hayotda ham jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmoqda.
Iyul oyida Reykyavikda (Islandiya) va Ankorijda (Kanada) rekord daraja deb qayd etilgan iliq yoz oyi bo‘ldi.
Harorart iliq bo‘lishi nafaqat yoz oylari uchun xos. Dekabr oyida Svalbardda (Norvegiya) harorat Selsiy bo‘yicha 5,5 darajani ko‘rsatdi. Bu 1981–2018-yillar oralig‘ida kuzatilgan harorat o‘rtacha darajasidan iliqroq bo‘lganini ko‘rsatdi.
Hisobotda, shungdek, Grenlandiyadagi muz tog‘lari ulkan hajmda erib borishi suv sathi keskin ko‘tarilib borishiga sabab bo‘layotgani aytiladi. The Nature jurnalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Grenlandiyada muz erishi 1990-yillardagidan yetti borabarga tezlashgan.
Muzliklar erishi nafaqat sut sathi ko‘tarilishi, balki ularni o‘ziga makon qilgan qutb ayiqlari va boshqa jonzotlar omon qolishiga ham xavf tug‘dirmoqda.
Havo harorati ko‘tarilishi Arktika mintaqasida istiqomat qilayotgan tub aholining ham hayotiga jiddiy xavf solmoqda. Tub aholini asrlar mobaynida oziq-ovqat bilan ta’minlab kelgan mintaqa endilikda ularni ochlikdan azob chekishga mahkum qilmoqda.
Bu olimlarni iqlim o‘zgarishi borasida siyosatni o‘zgartirish kerakligi haqida bong urishga chaqirmoqda. O‘z vaqtida Arktikada kerakli ishlar olib borilmasa, bu dunyo kelajagini hozirgidan-da fojialiroq bo‘lgan mudhishliklarga olib borishi mumkin.
Turkiyaning keyingi nishoni Liviya bo‘ladi
O‘rtayer dengizi yirik to‘qnashuvlar markaziga aylanadi, deb yozmoqda The Jerusalem Post nashri. Bu mintaqada bir tarafdan Turkiya, boshqa bir tarafdan Misr, Gretsiya, Kipr va Isroil to‘qnashmoqda. Manfaatlar to‘qnashuvi kengayar ekan, ehtimoliy ziddiyatlarga Liviya, BAA, Saudiya Arabistoni va Rossiya qo‘shilib ketadi.
Foto: Google Photos
Rasmiy Anqaraning bayonot berishicha, Turkiya hukumati mintaqada Isroil, Kipr, Gretsiya va Misrga qarshi chiqadi. Liviya va O‘rtayer dengizidagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etadi.
Bu esa Turkiya oktabr oyida Suriyada boshlagan harbiy amaliyotdan hech qancha vaqt o‘tmay yangi siyosiy avantyura boshlash istagidaligini ko‘rsatib qo‘ymoqda.
Anqara Kipr, Gretsiya, Misr va Isroilga tahdid bitilgan bayonnoma yuborar ekan, ular mintaqada tabiiy gaz tashish chegaralarini o‘zi bilganicha o‘rnata olmasligini bildirdi. Shuningdek, Turkiya hukumati mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun Liviyada harbiy amaliyot boshlashga yashil chiroq berishini ham qo‘shimcha qildi. Ko‘rinib turibdiki, Turkiya armiyasidan “tinchlik posboni” sifatida foydalanishga urinmoqda.
Adolat va taraqqiyot partiyasi va uning rahnamosi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bir necha yillardan beri mintaqadagi davlatlarga harbiy tahdidlarini yog‘dirib keladi. Buning isbotini Iroq va Suriyadagi turk harbiy amaliyotlarida ko‘rish mumkin.
Hozirga qadar Turkiya terrorchilikka qarshi kurash maqsadida nigohini qo’shni mamlakatlarga qaratib kelayotgan edi. Endilikda Anqara diqqatini O‘rtayer mintaqasiga qaratmoqda. Xalqaro jamoatchilikka hech bir subyekt O‘rtayer dengizida turk hukumati roziligiz neft va gaz qidira va burg‘ulay olmasligini ta’kidlamoqda. Yaqin vaqtlarga qadar Turkiya o‘z qirg‘oqlari yaqinida gaz va neft konlarini qidirish va burg‘ulash huquqiga ega ekanini ta’kidlab kelgan bo‘lsa, endilikda u O‘rtayer mintaqasini ikki qismga bo‘lgan holda Kipr, Gretsiya va Liviya suv hududlarini nazorat qilayotganini va u yerga hech kim kira olmasligini ta’kidlamoqda.
Tahdidlar Turkiya hukumati Liviyadagi o‘zaro nizolashayotgan siyosiy guruhlarning Tripolida joylashgan milliy rozilik hukumati rahbarlari bilan kelishuv imzolaganidan so‘ng yangramoqda. Avval Turkiya Tripoliga uchuvchisiz uchoqlar va zirhli texnika yetkazib berdi. Dekabr oyida esa Tripoli hukumati bilan iqtisodiy hududlarni demarkatsiya qilish kelishuviga erishdi. Bu kelishuv Anqaraga kichik bo‘lsa-da, O‘rtayer dengizi hududini nazorat qilish imkonini berdi. TRT kanalida bayonot bergan turk hukumati Kipr hukumati bir tomonlama burg‘ulashiga qarshilik ko‘rsatishini aytdi.
Turkiya 1970-yillarda Gretsiya agressiyasiga javoban Kipr hududiga qo‘shin kiritgan edi. Shundan beri u Shimoliy Kiprni qo‘llab-quvvatlab keladi. Turkiya nazarida, Shimoliy Kipr zaxiralardan foydalanish huquqiga ega. Anqara Shimoliy Kipr O‘rtayer dengizida eng uzun dengiz chizig‘iga ega deb hisoblaydi.
Erdo‘g‘on Saudiya Arabistoni va Qatar o‘rtasida kechgan nizo davrida Qatarga, so‘ng Somaliga qo‘shin yuborgan edi. Bugun esa Tripoli lozim topsa, Liviyaga ham qo‘shin yuborishini ochiqladi.
Rossiya, Misr va BAA Liviyada Xalifa Haftar hokimiyatini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, Turkiya milliy rozilik hukumatini dastaklamoqda. Suriyadagi kabi turk hukumati rasmiy Kreml bilan Liviyada ham birgalikda ishlashiga to‘g‘ri keladi. Hurriyet nashrining xabar qilishicha, turk hukumati Liviya masalasini muhokama qilish uchun Rossiya bilan telefon muloqoti o‘tkazadi. Kelasi yilning 8-yanvar sanasida Erdo‘g‘on Putin bilan “Turk oqimi” quvuri loyihasini Istanbulda muhokama qilishni belgilagan.
Rasmiy Anqaraning Isroildan yoki Kiprdan Italiyaga yo‘naltiriladigan gaz quvuri o‘rnatishni to‘xtatgani O‘rtayer dengizida o‘yin qoidalari o‘zgarganidan darakdir.
Bu esa Turkiya O‘rtayer mintaqasida yetakchi kuch bo‘lishga intilayotgani, Kurdiston ishchi partiyasiga qarshi reydlarda qudratini ko‘rsatib qo‘yishni istayotgani, falastinliklarni Isroildan himoya qilib, HAMASni dastaklashga intilayotganidan darak.
Iroq millatchiligi qaytib keldimi?
Iroqdagi norozilik namoyishlari o’sib borar ekan, Amerika hukumati bu mamlakatdan yaxshi xushxabarlar kelishiga umidvor, deb yozadi The Foreign Policy nashri.
Foto: AP
Amerikaliklar nazarida norozilik namoyishlari Texronning Iroqdagi ta’sir doirasiga zarba beradi. Bu haqida hattoki AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo o’zining twitterdagi rasmiy sahifasida ham izoh qoldirdi.
Today, we’re taking action to honor the pledge to use our legal authorities to sanction corrupt Iraqis who are stealing the country’s public wealth and targeting peaceful protesters. Political leaders and government officials must put #Iraq first.6,51310:18 PM — Dec 6, 2019Twitter Ads info and privacy2,544 people are talking about this
Eron yollagan guruhlar “Eron, yo‘qol!” deb norozilik bildirayotgan namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik qilmoqda. Bu Iroqda Tehron soyasida qolayotgan hukumatga, korrupsiyaga qarshi norozilik harakatlari keng quloch ochishiga olib keldi.
Iroqdagi vaziyat AQShda ajoyib ssenariy sifatida qabul qilinayotgan bo‘lsa-da, amerikaliklarning qoni va puli evaziga mamlakatda Eron ta’siri kuchaydi deb hisoblash xatolik bo‘ladi. Bu Yaqin Sharqdagi vaziyatni Eron–Amerika raqobati deb nomlanuvchi ko‘zoynak bilan ko‘rishdir. IShIDga qarshi kurashda Eron va AQSh o‘zaro ittifoqchilarga aylangan bo‘lsa-da, bu mavzu kun tartibidan ko‘tarilgach, Iroqda yana Eron va AQSh raqobatchiligi yuzaga keldi. Masala Iroqda kim ko‘proq ta’sirga egaligida ham emas. Yana bir arab jamiyatida odamlar islohot talab qilib ko‘chaga chiqdi.
2010-yildan buyon Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi ommaviy norozilik namoyishlari mintaqani titratib kelmoqda. Tunis, Liviya, Bahrayn, Suriya, Yaman, Jazoir, Sudan, Misr, Iroq va Livan shular jumlasidandir. Eronning o‘zida ham ko‘p namoyishlar bo‘ldi. Muxolifatga qarshi kurashish uchun yangi strategiya va taktika sinovdan o‘tkazildi.
Tunisni aytmaganda, yuqoridagi barcha mamlakatlarda norozilik namoyishlari natijalarini ijobiy deb baholab bo‘lmaydi. Bugun Iroq ham o‘sha o‘choqda qaynamoqda, ammo bu norozilik namoyishlari qanday natija bilan tugaydi, hozircha aytib bo‘lmaydi.
Bir narsa ayonki, Iroqdagi norozilik harakatlari sektantizmga qarshi ruh bilan sug‘orilgan. Namoyishchilar Iroq millatchiligi bilan ko‘chalarga chiqqan. Bu vaziyatdan Iroq millatchilari yetakchisi Muqtado as-Sadr foydalanmoqchi.
Iroqdagi millatchilik haqida gap ketganda, yoqimli xotiralar esga kelmaydi. Aynan shu millatchilik 1980-yilda Iroq–Eron urushiga turtki bergan va iroqlik kurdlar qatag‘on qilinishini keltirib chiqargan edi.
Amaldagi Iroq bosh vaziri hokimiyatdan ko‘cha noroziliklari natijasida ketadigan bo‘lsa, Iroqda nima sodir bo‘lishini taxmin qilish mumkin.
Avvalo, mamlakatdagi ikki yirik parlament guruhi – Sayrun va FATH bosh vazir taqdiri borasida turli qarashlarga ega bo‘lib qoladi va mamlakat siyosatda boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Qolaversa, Abdulmahdi bosh vazirlikdan ketadigan bo‘lsa, uning iste’fosi Iroqni AQShning do‘stiga aylantiradi degan ishonch yo‘q. Boshqacha aytganda, Abdulmahdining o‘rniga Sadr keladigan bo‘lsa, u 2018-yilgi saylovdan beri Iroqdan AQSh qo‘shini olib chiqib ketilishini talab qilmoqda.
Shunday vaziyatda Iroqdagi namoyishchilarning ham huquqlarini ikkinchi darajaga tushirib bo‘lmaydi. Ular amaldagi hukumatning xatolarini yuzaga chiqarmoqda. Ular korrupsiya, mamlakatga sodiqlik tushunchasi firqalarga sodiqlik tushunchasidan-da pastroq ekanligidan, iqtisodiy islohotlar samara bermayotganidan norozi bo‘lmoqda.
Boris Jonsonning Trampga xush kelgan g‘alabasi
Boris Jonson yana besh yilga bosh vazirlik maqomini saqlab qolishi Oq Uyda xursandchilik bilan kutib olindi, deb yozadi The Neewsweek nashri.
Foto: Getty Images
Tramp Twitter’da Boris Jonsonni g‘alaba bilan tabrikladi:
“Boris Jonsonni yirik g‘alabasi bilan tabriklayman! AQSh va Buyuk Britaniya Brexit’dan so‘ng yangi ulkan savdo bitimi tuzish uchun erkin bo‘ldi. Bu bitim Yevropa Ittifoqi orzu qilishi mumkin bo‘lgan bitimdan kattaroq va jozibaliroq bo‘ladi. Boris, tabriklayman”.
Donald J. Trump✔@realDonaldTrump
Congratulations to Boris Johnson on his great WIN! Britain and the United States will now be free to strike a massive new Trade Deal after BREXIT. This deal has the potential to be far bigger and more lucrative than any deal that could be made with the E.U. Celebrate Boris!195K11:08 AM — Dec 13, 2019Twitter Ads info and privacy60.8K people are talking about this
Tramp Londonga safari davomida jurnalistlarga intervyu berar ekan, shaxsan Boris Jonsonni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan edi.
Yanvar oyida Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishi AQSh va ingliz hukumati iqtisodiy aloqalarida yangi bosqich bo‘lishi mumkin. Tramp nutqlarida Yevropa Ittifoqini tanqid qilib keladi.
Bundan tashqari, Boris Jonsonning millatchi, Brexit’chi o‘ng partiyasi Jeremi Korbinning so‘l partiyasini ulkan farq bilan mag‘lub qilishi Trampga 2020-yilgi saylov oldidan katta ruhiy kuch bag‘ishlashi mumkin.
Ammo yumshoqroq Brexit tarafdori bo‘lgan Jonsonning partiyadoshlari orasida Vashingtondan Bryusselni afzal ko‘radiganlari ko‘proq. Jonson parlament saylovida g‘alaba qilishini ta’minlagan partiyadoshlari orasida keskin Brexit’ni yoqlaydigani ham kam emas. Lekin ular hukumatni Boris Jonsonga topshirishga rozi bo‘lganining bosh sababi ular avvalgi konservator rahbarda qat’iy siyosatni ko‘rmagani ham bo‘ldi.
London universiteti professori Robert Singh nazarida, konservatorlar Jonsonga yana besh yil imkon berganining sababi barqaror hukumat mamlakatni boshqarishini istaganidir.
Boris Jonsonning hozirgi kelishuvi qanchalik shoshilinch bo‘lmasin, Buyuk Britaniyani Yevropa Ittifoqining bojxona kelishuvidan uzoqlashtiradi va inglizlarga istagan mamlakati bilan erkin savdo shartnomasini tuza olish imkonini beradi. Britaniya Yevropa Ittifoqini yanvar oyida tark etishni rejalashtirgan. O‘sha davrda yuz beradigan rasmiy London va Bryussel o‘rtasidagi muzokaralarda hozirgi tartib Boris Jonsonga yumshoqroq Brexit’ga erishishida asqatishi mumkin.
Buyuk Britaniya hozirda bir paytning o‘zida ham AQSh, ham Yevropa bilan silliq kechadigan savdo munosabatlariga ega bo‘lolmaydi, chunki Vashington va Yevroittifoq o‘rtasida imzolanishi kerak bo‘lgan Transatlantik savdo va sarmoya hamkorligi muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Saylov kampaniyasi vaqtida Leyboristlar partiyasi matbuotga sizdirgan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda Buyuk Britaniya va AQSh o‘rtasida Brexit’dan keyingi savdo aloqalari qanday bo‘lishi borasida shartnoma bandlari ochiqlangan.
Yangi saylangan Boris Jonson yaqin vaqtlar ichida sog‘liqni saqlash tizimi kelajagi qanday bo‘lishini ham belgilab olishi kerak. Boisi, Milliy sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) aksar britaniyaliklar uchun bosh masala bo‘lib qolmoqda. Leyboristlar partiyasi o‘z vaqtida konservatorlarni bu tizimni AQSh xususiy kompaniyalariga sotganlikda ayblab chiqqan edi. Biroq Jonson bu tizim hech qachon AQSh va Buyuk Britaniya savdo muzokaralari kun tartibidan joy olmaganini aytdi.
Nima bo‘lganda ham, Jonsonning g‘alabasi Bryusselga Brexit’ga tayyorlanish va ko‘nikish signalini, Oq Uyning amaldagi egalariga esa 2020-yilgi saylovda g‘alaba qilish umidini, britaniyaliklar uchun kutilmagan iqtisodiy va siyosiy islohotlarga ishonchni tug‘dirmoqda.
Jahongir Ergashev tayyorladi.