Toshkentning Olmazor tumanida 14-yanvar, seshanba kuni soat 16:00 atrofida 3-Beruniy dahasidagi besh qavatli uyning beshinchi qavatida uch yosh 11 oylik bola osilib qolgani haqidagi videoxabar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylandi. “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov voqea joyida bo‘lib, bolakayni qutqarib qolgan mahalladoshlar bilan suhbatlashdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Kadr: Telegram

“Hammayoq g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi. Tinchlikmikan, deya so‘rasak, qo‘shnining bolasi tepada osilib qolibdi, deyishdi”, — deydi qo‘shni xonadon egasi Ma’murjon Ibragimov. Xabarni eshitganlarning bari tashqariga otilib chiqqan. Bola bo‘ynidan panjarada osilib qolgan, shunga qaramay uning o‘zi ham chiqib ketishga harakat qilib, tepaga talpingan.

“Pastda adyolni ikki qavat qilib, ushlab turdik. Qo‘shnilar uy eshigini ochib, ichkariga kirishga va qutqarib qolishga ulgurishmadi. Ungacha bola pastga quladi va Allohning karomati bilan, adyolga tushdi. Keyin uni uyga olib kirib, lat yegan joylarini ko‘zdan kechirdik. Birozdan so‘ng tez yordam yetib keldi”, — dedi Ma’murjon aka.

Mahalla faollaridan biri Rixsivoy Sultonovning so‘zlariga ko‘ra, bolaning beshinchi qavatda osilib turganini qo‘shni mahallada yashovchi Ulug‘bek aka ismli kishi ko‘rib qolib, hammani yordamga chaqirgan.

“Biz ham tashqariga yugurdik. Kelinim uydan olib chiqqan adyolni tutib turdik. Shokka tushib qolgandik, hammaning xayoli bolada edi. Tepada bola bechora yig‘lab, dodlayapti, buyoqda ayollar qichqiryapti, odamning yuragi toshib ketyapti. Qarasam, bola pastga tushmayapti, uning kallasi qisilib qolgan ekan. Yugurib tepaga chiqsam, qo‘shnilar — Zafar aka, Ulug‘bek aka va o‘g‘lim eshikni ochishga harakat qilishayotgandi”, — deydi Rixsivoy aka.

Rixsivoy Sultonov.
Foto: “Daryo”

“Ular eshikni ochaman deb, jon-jahdi bilan urib, boltani ham sindirib qo‘yishibdi. O‘g‘lim darrov yerto‘ladan montirovka va lomni olib chiqdi. Eshikni ochishimiz bilan o‘g‘lim deraza tomon yugurdi va: “Bola tushib ketdi, ulgurmadim”, dedi. O‘sha payt qotib qoldim; boshi panjaradan o‘tib, charchab qolgani uchun, qo‘lini qo‘yib yuborgan ekan”, — deydi Rixsivoy aka.

Bola yashaydigan uyning eshigi.
Foto: “Daryo”

U qolganlar bilan birga shok holatida pastga tushganida, bola Ma’murjon akaning qo‘lida bo‘lgan.

“Qo‘shnilar bilan birga bolakayni uyiga olib chiqdik. Bola charchagan shekilli, uxlab qoldi. Birozdan so‘ng IIB xodimlari, keyin shifokorlar keldi, bolani yurgizdirib ko‘rishdi. Bola qo‘li og‘riyotganini aytdi. Onasi kelgach, bolani shifoxonaga olib borib, rentgen qildirib qaytishdi. Kasalxonadan kelganidan keyin bolani ko‘rdik, ahvoli yaxshi”, — dedi Rixsivoy aka.

Voqea yuz bergan vaqtda bola uyda bir o‘zi bo‘lgan, onasi esa 1-sinfda o‘qiydigan qizini maktabdan olib qaytish uchun chiqib ketgan bo‘lgan.

Foto: “Daryo”

“Bola o‘zi shamollagan ekan, onasi sovuqda bolani olib yurmay deb, katta qizini maktabdan olib kelish uchun ketgan ekan. Bola uyda uxlab qolgan. Turganidan keyin oynani ochgan. Bu ham bir falokat-da. Alloh saqlagani shu bo‘ldiki, bola ozgina osilib turdi. U ham chayir ekan, tepaga qarab ancha tirmashib, talpindi”, — dedi Rixsivoy Sultonov.

Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, bolani to‘rtinchi qavatdan turib tutib qolish imkoni deyarli yo‘q edi.

“To‘rtinchi qavatga chiqqanimizda ham tutib qololmasdik. Ikki deraza orasida uch metr masofa bor — qanday qilib tutib qolasiz? Biror narsa bilan ushlab tutaman desangiz ham, bola qaltisroq harakat qilib yuborsa, boshqachasiga tushib ketishi mumkin. Bola kichkina bo‘lgani uchun birovning bo‘yi ham yetmasdi unga”, — dedi Rixsivoy aka.

Olmazor tumani IIO FMB 7-sonli IIB bo‘limi profilaktika inspektori, mayor Mirsaid Mirkarimovning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, bola osilib qolgani haqidagi xabar soat taxminan 16:00 larda kelib tushgan.

“Aytilgan manzilga borganimizda, uyning yotoqxonasidan tashqari tomonga qaragan derazaning panjara qismida chamasi 4—5 yoshli bola osilib turganini ko‘rdik. Shundan so‘ng shu yerdagi fuqarolar yordamida uy egalariga xabar berildi, bola adyol bilan tutib, qutqarib qolindi. Unga hech qanday jiddiy shikast yetmadi. Faqat pastga qulayotganida 3-qavat bo‘g‘oti (soyaboni)ga qo‘li tegib, shilindi, xolos. Shifokordan uning sog‘-salomat ekanligi haqida ma’lumotnoma oldik”, — dedi u.

Bolaning ahvoli yaxshi ekanligini uni otasi Yoqubjon aka ham tasdiqladi; uning aytishicha, bola hozir uyda, ahvoli yaxshi, “o‘ynab yuribdi”.

“Men ishda bo‘lgandim, rafiqam katta qizimizni maktabdan olib kelgani ketgandi. Falokat ekan, asosiysi, o‘g‘lim tirik qolibdi. Derazaga panjara qo‘yilgan, qanday qilib u yerga kirib qolganiga hayronmiz. O‘g‘limizning ahvoli yaxshi, hozir uyda. Shifokorlar ko‘rib tekshirishdi, shilingan joylari bor. Yordam qilganlarning bariga, qo‘ni-qo‘shnilarga katta rahmat. Shifokorlar, favqulodda holat, ichki ishlar organlari xodimlariga minnatdorlik bildiramiz”, — dedi bolaning otasi.

“O‘rnimizda boshqa odamlar bo‘lganida ham shunday qilgan bo‘lardi… Ilohim, bolakayning umrini uzoq qilgan bo‘lsin!”, — deya qo‘shimcha qildi “qutqaruv operatsiyasi”ga bosh-qosh bo‘lgan Ma’murjon aka.Muallif:Musulmonbek Ibrohimov

От qwert.uz