Kuzatuv kameralari 8-yanvar kuni falokatga uchragan “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ga tegishli Boeing 737-800 samolyotiga qarata ikkita raketa qanday uchirilganini qayd etgani ma’lum bo‘ldi. Videoyozuv The New York Times’da e’lon qilingan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Nashrning ta’kidlashicha, mazkur yozuvlar 14-yanvar kechasi YouTube’da paydo bo‘lgan. Uni eronlik foydalanuvchi videoxostingga yuklagan. Ushbu video Binkan qishlog‘i yaqinidagi binoga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi tomonidan yozib olingan.

Videodan ma’lum bo‘ladiki, samolyotga qarata dastlab bitta raketa uchirilgan. Oradan 30 soniyalar o‘tgach, havo kemasi tomon ikkinchi raketa uchgan. Raketalarning hech biri samolyotni darhol urib tushirmagan. Ikkinchi raketa urilgach, samolyot bir daqiqaga yaqin havoda turgan va shundan keyingina yonib ketib, pastga keskin qulagan.

Ukrainaning Boeing 737 samolyoti 8-yanvar kuni Tehron yaqinida qulashi oqibatida 176 kishi — 82 nafar eronlik, 63 nafar kanadalik, 11 nafar ukrain, 10 nafar shved, 4 nafar afg‘on, 3 nafar nemis va 3 nafar britaniyalik halok bo‘lgan edi.

От qwert.uz