Navoiy shahri markazidagi 4 qavatli bozorda 16-yanvar kuni kechqurun yong‘in kelib chiqqani haqida xabar berilgan edi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Telegram
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan ma’lum qilinishicha, 2020-yil 16-yanvar kuni soat taxminan 21:15 da Navoiy shahridagi 4 qavatdan iborat bo‘lgan Navoiy savdo kompleksining 4-qavatida yong‘in kelib chiqqan. Natijada 150 kvadrat metr maydonni egallagan 6 ta kiyim-kechak savdo do‘koni yonib yaroqsiz holga kelgan, 14 ta savdo do‘koni esa zararlangan. Tan jarohati olgan fuqarolar va qurbonlar yo‘q. Hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda. Yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Foto: Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “Daryo”ga ma’lum qilinishicha, yong‘in 16-yanvar kuni soat 21:19 da Navoiy shahar M.Tarobiy ko‘chasida joylashgan “Navoiy Savdo kompleksi” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 3 qavatli savdo majmuasining 3-qavatidagi savdo do‘konlarida sodir bo‘lgan.
Foto: Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi
Viloyat FVB navbatchilik qismiga kelib tushgan ma’lumotga asosan soat 21:23 da voqea joyiga 7 ta yong‘in o‘chirish va 1 ta qutqaruv avtomashinasi yetib borgan. Amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida soat 21:45 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan hamda majmuaning 208 ta savdo do‘koni joylashgan 6958 kvadrat metr qismi yong‘indan saqlab qolingan.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in natijasida 6 ta savdo do‘konining jami 82 kvadrat metr qismi yonib zararlangan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar yo‘q. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in qisqa tutashuv natijasida kelib chiqqan.
Foto: Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi
“Kun.uz”ning xabar berishicha, savdo markazi ichidan hech narsani olib chiqishning imkoni bo‘lmagan. Aholi vakillari bu bino o‘rnida oldin ham savdo majmuasi bo‘lgani va u ham o‘z vaqtida yonib ketganini ma’lum qilgan.