O‘zbekiston Birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Britaniyaning Surrey grafligidagi qasr hamda Londonning nufuzli tumanlaridagi umumiy qiymati 40 million funt sterlingga (52 million dollar) teng ikki kvartiraga egalik qiladi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Foto: Daily Mail

Qayd etilishicha, birlashgan qirollik hukumati aynan ushbu obyektlarni o‘z foydasiga musodara qilishga harakat qilmoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Gulnora Karimovaga tegishli mol-mulklar ro‘yxatini katta miqdordagi firibgarlik jinoyatlariga qarshi kurashish byurosi taqdim etgan.

Karimova Surreydagi Gorse Hill Manor qasrini 2010-yilda 18 million funt sterling (23,5 million dollar) evaziga sotib olgan. Bugungi kunda ushbu obyekt 30 million funt sterlingga (39 million dollar) baholanmoqda.

Qasr 1912-yilda qurilgan bo‘lib, uning hududida qayiqda sayr qilishga mo‘ljallangan ko‘l hamda 70 ming metr kvadrat maydonga ega bog‘lar joylashgan.

Qasrga yondosh hududlarda badavlat insonlarning saroylari joylashgan. Xususan, Gulnora Karimovaga tegishli qasr yaqinida Bruney sultonining uyi bor.

Britaniya poytaxtida esa Karimovaga tegishli ikkita kvartira mavjud: Meyfer tumanidagi 8 million funt sterlingga (10,4 million dollar) va Belgraviya tumanida 2 million funt sterlingga (2,6 million dollar) baholangan xonadonlar.

2018-yilning oktabrida Britaniyaning katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi Gulnora Karimovaning korrupsion faoliyatidan topilgan pullar evaziga xarid qilingan uchta obyektni xatlash yuzasidan da’voni ilgari surgan edi. Biroq o‘shanda aynan qaysi obyektlar nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan.

2017-yilda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkinchi jinoyat ishini ochgan edi. O‘shanda Karimova xorijiy mamlakatlardagi aktivlarni legallashtirganlikda ayblandi.

Jinoyat ishi doirasida Gulnora Karimova Britaniyada 4,2 million funt sterling (5,5 million dollar) miqdoridagi pul mablag‘lari, shuningdek umumiy qiymati 22,9 million funt sterlingga (30 million dollar) teng uy, kvartira va villalarga egalik qilishi oydinlashgan edi.

Britaniyadagi aktivlar ro‘yxatida, xususan Londondagi Chesham Street, 25-uyda joylashgan to‘rt qavatli turar joy binosining birinchi, uchinchi va to‘rtinchi qavatlaridagi kvartiralar OAVda tilga olingan edi.

2019-yilda Fransiya hukumati Karimovaning mol-mulkini sotishdan tushgan pulni O‘zbekistonga qaytarishni ma’lum qilgan edi. Gap Parijdagi kvartira, Sen-Trope tumanidagi villa hamda Parij tashqarisidagi qasr haqida ketmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Parijdagi kvartira auksionda 14 million yevroga sotilgan. Pulning bir qismi ya’ni 2 million yevro tergov xarajatlariga ishlatiladi. Mablag‘ning qaytarilgani haqida hozirgacha ma’lumot berilmagan.

Shveysariya prokuraturasi ham mamlakat banklaridagi muzlatilgan Gulnora Karimovaga tegishli pullarni O‘zbekistonga qaytarishga tayyorligini bildirgan. Biroq aktivlar O‘zbekistonga muayyan shartlar asosida qaytariladi: Toshkent pullarning qaytarilish jarayonining shaffof bo‘lishini, pullar aholi farovonligi hamda mamlakat rivojlanishi uchun ishlatilishini ta’minlashga kafolat berishi kerak.

Gulnora Karimova 2015-yil avgustida besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘sha vaqtda unga nisbatan yana bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etayotgan edi. Jamoatchilik bu haqda faqat 2017-yil iyuliga kelibgina xabar topgan.

Gulnora Karimova 2019-yil martidan beri Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-son umumiy tartibdagi koloniyada saqlanmoqda.

2019-yilning dekabr oyida Gulnora Karimovaga nisbatan yana bir jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U o‘lpon yig‘ish va qo‘rqitib, mulklarni tortib olishda ayblangan. 2020-yilning 8-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi.

11-yanvar kuni Gulnora Karimovaning uylaridan 12,7 milliard so‘mlik san’at asarlari chiqqani haqida ma’lumot berildi.

От qwert.uz