Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan Xitoyda yangi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi xalqaro darajadagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilindi. Bundan bir muddat oldin Vazirlar Mahkamasida Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lsa, shu yil 29-yanvarida davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora- tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etish to‘g‘risida” gi farmoyishi qabul qilindi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, bugun ayni masalada JSSTning mamlakatdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Uni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov olib borgan.

Unda qayd etilganidek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoydagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda O‘zbekistonga hududiga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan uzluksiz ishlamoqda, hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, havo, avtomobil va temir yo‘l transporti obyektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Bu borada qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqilib, barcha tegishli vazirlik va idoralarga ijro uchun yuborildi. Tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Kasallikka gumon qilingan fuqarolarni ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarida chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Mamlakatda davlat chegaralarining kesishish joylarida 52 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Chegara postlaridan o‘tayotgan fuqarolar tibbiy nazorat ko‘rigidan o‘tkazilmoqda, shuningdek, teplovizor yordamida yo‘lovchilarning tana harorati masofadan turib o‘lchanmoqda va umumiy holati tekshirilmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ammo ushbu chora-tadbirlar xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi degani emas, deya qayd etildi videoselektorda. Negaki, koronavirus infeksiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikni klinik belgilari 14 kungacha yashirin kechishi xotirjam bo‘lishga sabab bo‘lmasligiga e’tibor qaratildi. Qolaversa, bugungacha 20 ga yaqin tibbiyoti rivojlangan mamlakatda bu kasallik kuzatilayotganligi vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib turibdi.

Shu bois bo‘lib o‘tgan videoselektorda ayni paytga qadar O‘zbekistonda bunday kasallikka chalinish holati umuman kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini yanada kuchaytirish borasida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Jumladan, xorijdan, ayniqsa, Xitoydan kelayotgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning ro‘yxatini shakllantirish, kasallikning yashirin davri davomida tibbiy nazoratga olish, zahira o‘rinlarini tayyorlash, dori-darmon, dizenfeksiya vositalari va zarur tibbiy anjomlar bilan ta’minlash ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, kasallikka qarshi kurashishda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikdagi faoliyatni kuchaytirish kabi qator vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

От qwert.uz