Xonanda Abdulla Qurbonov “Daryo” internet nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Xonanda Abdulla Qurbonovning hamkasbi Jahongir Otajonovga yo‘llagan audioyozuvlari ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan edi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Ushbu shov-shuvli vaziyat “O‘zbekkonsert” tomonidan xonanda Abdulla Qurbonovning litsenziyasi olib qo‘yilishi bilan yakunlangandi.

Xonanda Abdulla Qurbonov suhbat davomida Jahongir Otajonov bilan janjali sabab, hamkasbi bilan avvaldan kelishmovchiliklari bor yoki yo‘qligiga oydinlik kiritdi.

Men kechirim so‘raydigan ish qilganim yo‘q. Jahongir Otajonovni o‘zimning ukam deb bilar edim. Akaning ukani urushishga, tanbeh berishga haqqi bor. Bir paytlar ‘Panorama’da, ijodimning 10 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturimda, Jahongir Otajonovni birinchilardan bo‘lib taklif etganman. ‘Jahongir, kel ukam, ustozlarning qo‘shig‘ini zo‘r aytibsan, kel’, deganman. O‘zimning ukam deb, chin mehr bilan yondashganman o‘shanda.

U ham o‘ziga kerakli xulosani chiqarib oldi. Men shunaqa fikrdaman. Biz u bilan ko‘rishdik. Ko‘rishganda ham  ‘Aka, nega unaqa dedingiz, ukam, nimaga bunaqa deding’, demadik, unaqa narsalar yopildi, ketdi. Ketganiga achinma deyishadi-ku.

Hech qaysi bir san’atkorga shaxsiy adovatim yo‘q. Negaki o‘zim ham san’atkorman, san’atdan nonimni yeganman, san’atdan baxtimni topganman, xalq nazariga tushganman. Jahongirga hech qanaqa yomonligim yo‘q. Telegram’dagi o‘rtoqlarimga to‘g‘ri ma’noda ‘aytib qo‘yinglar chegaradan chiqmasin, iloji boricha kibrdan qochsin’, deganman. U chiqargan videoda ‘jonli ijroda kuylash senlarga emas’, degan gapi menga yoqmagan.

O‘zingdan bir kun avval bo‘lsa ham sahnaga chiqqan odamni hurmatini qilish kerak. Har bir insonni hurmatini, ehtiromini qilish kerak. San’at maydonida faqat u emas-ku yoki o‘zidan o‘zi mashhur bo‘lib qolmagan-ku.

O‘sha audio xabarlar tarqab ketgani noto‘g‘ri bo‘ldi. Do‘st deb bilganlarim, non-tuz yeb yurganlarim shunday qilishdi. Qanday qilib keyin ularni do‘st deb bilasiz? Ulardan birortasi ‘men tarqatib yubordim’ deya olmadi. Deganida o‘zlari  nima bo‘lishini bilishardi. Mendan qanaqa javob olib, nima bilan tugashini yaxshi bilishar edi.

Abdulla Qurbonov, xonanda

Ma’lumot uchun, xonanda Abdulla Qurbonovning litsenziyasi hamkasbi Jahongir Otajonov bilan bir vaqtda qaytarildi. Xonanda Jahongir Otajonov 2019-yilning 14-oktabr kuni litsenziyasidan ayrildi. “O‘zbekkonsert” xonandaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan har xil video lavhalari va undagi xatti-harakatlarini buning sababi qilib ko‘rsatgan edi.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasida 2019-yil 16-oktabr kuni shoshilinch brifing o‘tkazildi. Yig‘ilishda xonandalar Jahongir Otajonov, Shahlo Ahmedova, Abdulla Qurbonov va qiziqchi Halima Ibragimovaning litsenziyasi qaytarib berilgani ma’lum qilindi.

Abdulla Qurbonov suhbat davomida qamalishining sababi, nega ijodida turg‘unlik bo‘layotgani, 2019-yildagi u bilan bog‘liq bir qancha shov-shuvli vaziyatlarga oydinlik kiritgan.

От qwert.uz