Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning ayrim hududlarida koronavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu xabarlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

“Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligida mamlakatimiz hududiga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, mazkur agentlikda tashkil etilgan ‘Ishonch telefonlari’ orqali Xitoydan kelayotgan fuqarolar, tahsil olayotgan talabalar, ularning ota-onalari, tadbirkor va boshqa soha xodimlariga tegishli tushuntirish va kerakli tavsiyalar ham berib borilmoqda.

Shu kunlarda havo, avtomobil va temir yo‘l transporti obyektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati har qachongidan ham kuchaytirilmoqda. Tezkor ma’lumotlarga qaraganda, birgina shu yilning 31-yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan uchib kelgan jami 4194 nafar, temir yo‘llari orqali esa 953 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan. Natijada agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olingan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmagan.

Shu o‘rinda, turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda koronavirus qayd etilganligi bilan bog‘liq xabarlar haqiqatga mutlaqo zid ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz. Bugungi kunga qadar yurtimiz fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq vazirlik O‘zbekistonda koronavirus kirib kelishiga qarshi ehtiyot choralari yanada kuchaytirilishini ma’lum qilgan edi. 

От qwert.uz