Google’ga tegishli Alphabet xoldingi ilk marta YouTube videoservisiga reklama joylashtirishdan qancha daromad topishi haqida ma’lumot berdi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Avval ular internetdagi alohida servislardan qancha pul topishi haqida ma’lumot bermasdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. Kompaniya e’lon qiladigan hisobotlarda YouTube’ni ham o‘z ichiga olgan boshqa xizmatlardan olinadigan daromadlar keltirilar edi.

“Endilikda biz biznesimiz va uning istiqbollari haqida to‘liqroq ma’lumot berish uchun YouTube va Cloud kabi alohida servislardan qancha daromad olishimizni oshkor etmoqchimiz”, — deydi Alphabet moliyaviy direktori Rut Porat.

Alphabet e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, kompaniya 2019-yilda YouTube’dagi reklamadan 15,149 milliard dollar daromad olgan. Bu esa 2018-yildagi 11,155 milliard dollarlik ko‘rsatkichdan 35,8 foiz ko‘p degani. 2017-yilda ushbu ko‘rsatkich 8,15 milliard dollarni tashkil etgan.

Bundan tashqari YouTube’ning reklama joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan daromadlari Google’ning boshqa umumiy daromadlariga kiritilgan bo‘lib, aynan ushbu yo‘nalishda o‘sish 21 foizni tashkil etib, 14 milliarddan 17 milliardga oshgan.

От qwert.uz