Turli yuqumli kasalliklar viruslari keng tarqalishining oldini olish maqsadida Hududiy sanitariya va epidemiologiya markazlari bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi avtobus saroylari hamda ularga biriktirilgan shohbekatlarda dezinfeksiya ishlari boshlandi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu sanitariya tadbiri bir hafta davom etadi. Bu muddatda avtosaroylar va ulardagi transport vositalari hamda Toshkentdagi barcha shohbekatlarda dezinfeksiya ishlari bajariladi.

Eslatib o‘tamiz, xorij davlatlarida, xususan, Xitoyda xavfli yuqumli virus — koronavirus bilan kasallanish holati avj olgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu virus qurbonlari soni 500 kishidan oshdi. Koronavirus tarqalishi tufayli Xitoydan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayoni yakunlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 5-fevral, chorshanba kuni, e’lon qilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 71 nafar fuqarodan koronavirus infeksiyasi tahlili uchun namunalar olingan.

Koronavirus tufayli O‘zbekistonda tibbiy niqoblar savdosi avjiga chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining yozishicha, aksariyat dorixonalarda tibbiy niqob tugab qolgan, borlari esa odatdagi narxdan qimmat sotilmoqda. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi O‘zbekistonda tibbiy niqoblar narxini asossiz oshirgan dorixonalar yopilishini ma’lum qildi.

От qwert.uz