O‘zbekistonlik migrantlar Moskva budjetiga milliardlab rubl foyda keltirdi

Mehnat migrantlari 2019-yilda Moskva budjetiga 18,4 milliard rubl (290,7 million AQSh dollari) foyda keltirdi. “TASS”ning Moskva iqtisodiy siyosat va taraqqiyot departamenti matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, bu 2018-yilda ko‘rilgan daromaddan 5,2 foizga ko‘pdir  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Foto: Asia-Plus

Xabarda aytilishicha, 2019-yilda Moskvada 463,7 mingta mehnat patenti berilgan bo‘lib, 2018-yilga nisbatan 2,7 foizga ko‘p. Patentlarning yarmi O‘zbekiston fuqarolariga, 38 foizi Tojikiston fuqarolariga, 6 foizi Ukraina fuqarolariga, 3 foizi Ozarbayjon va Moldova fuqarolariga berilgan.

Moskva iqtisodiy siyosat va rivojlanish departamenti boshlig‘i Denis Tixonovning aytishicha, 5 yil davomida chet el fuqarolari Moskvada ishlash uchun 2 milliondan ortiq patent oldi va budjetga qariyb 77 milliard rubl kiritdi. Mehnat migrantlari Moskva bozorida alohida qatlam bo‘lib, ular asosan poytaxtliklar qo‘l urmaydigan ishlar: obodonlashtirish, ko‘cha tozalash, yuk ortish, mardikorchilik bilan shug‘ullanadi. Patent olganlarning barchasi tibbiy ko‘rikdan va rus tili bo‘yicha imtihondan o‘tgan.