Bugungi kunda Rossiyada 20 ming nafar odam hali ham koronavirus yuqtirib olganlik gumoni bilan mutaxassislar nazoratida bo‘lib turibdi. Bu haqda “Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popova ma’lum qilgan, deya yozmoqda “RBK” — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “RBK”
Popovaning so‘zlariga ko‘ra, nazoratdagilarning 6 ming nafari Xitoy xalq respublikasi fuqarosi.
“2019-yil 31-dekabrdan beri 769 nafar odam tekshiruvdan o‘tkazilgan va shifoxonaga yotqizilgan. Shundan 97 nafarida gripp, yana 121 nafar odamda respirator kasalliklar kuzatilgan”, – deya vaziyatga izoh bergan Popova.
Xitoydan kelgan odamlarning hammasi karantin hududlariga joylashtirilmoqda va u yerda ikki hafta davomida tibbiyot xodimlari nazorati ostida ushlab turilibdi. Bu kabi karantin hududlari Rossiyaning davlat bosh sanitar shifokorining farmoyishi asosida tashkil qilinmoqda. Shuningdek, hududlarda Xitoydan qaytgan rossiyaliklar uchun ham yashash joyida izolyatsiyalangan, muntazam tibbiy tekshirish o‘tkazish mumkin bo‘lgan maxsus zonalar tashkillashtirish tavsiya etilgan.
Popova hozircha Rossiya hududida koronavirus ineksiyasining tarqalib ketishini oldini olishga qaratilgan cheklovlar qo‘llashga zarurat yo‘qligini bildirgan. Popovaning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning o‘sish sur’ati pasaymoqda, lekin rossiyalik va xitoylik mutaxassislar ushbu vaziyatga baho berishga shoshilmayapti.
“Hozircha biz ham ular ham bu borada yuqori optimizmni his qilmayapmiz”, — degan tashkilot rahbari.
Avval Rossiyadagi ikki nafar Xitoy fuqarosida yangi turdagi virusga chalinganlik alomatlari qayd etilgani ma’lum bo‘lgan va ularni mamlakatdan tez orada chiqarib yuborish ishlari olib borilishi aytilgandi. Bu ish amalga oshsa, Rossiya hududida yangi koronavirus infeksiyasiga chalingan birorta ham odam qolmaydi.
Hozircha Rossiyadagi karantin hududlarida Xitoydan evakuatsiya qilingan MDH davlatlarining fuqarolari va rossiyaliklar saqlanmoqda. Dastlabki laboratoriya tekshiruvlari natijasida ularda 2019-nCoV virusiga chalinganlik alomatlari kuzatilmagan.