Xitoyning murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan Uxan shahriga yana 2600 nafar tibbiyot xodimi yuborildi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

Bu qarorni Xitoy raisi va mamlakat markaziy harbiy kengashi rahbari Si Szinpin qo‘llab-quvvatlagan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Uxanga qo‘llab-quvvatlovchi guruh quruqlik, dengiz, havo va raketa kuchlaridan, shuningdek, boshqa harbiy qismlardan jalb qilinadi.

Yangi shifokor va sanitarlar bemorlarni Tunszi kasalxonasi va Gungu tumanidagi ona va bola salomatligini muhofaza qilish klinikasi bazasida “Xoshenshan” gospitali modeli asosida davolash chora-tadbirlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Birinchi kasalxonada 860 ta, ikkinchisida 700 ta o‘rin tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi turdagi koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasida so‘nggi bir sutka davomida COVID-19 infeksiyasi asoratlaridan 242 kishi vafot etdi.

Gonkong rasmiylari COVID-19 koronavirusining kanalizatsiya quvurlari orqali tarqalishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ushbu taxmin shahardagi turar joy komplekslaridan birida sodir bo‘lgan voqea tufayli yuzaga keldi.

Qayd etilishicha, kasallanganlardan biri 62 yoshli ayol bo‘lib, u epidemiyaning markaziga aylangan Uxanga bormagan va boshqa kasallangan kishilar bilan aloqada bo‘lmagan. Faqatgina ehtimoliy virus manbasi bir hafta oldin kasalxonaga yotqizilgan 75 yoshli odam bo‘lishi mumkin. Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, erkak va ayol tanish bo‘lmagan, ammo bitta kanalizatsiya quvuri ularning kvartiralaridan o‘tgan.

12-fevral kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada o‘tkazilgan brifing davomida so‘nggi haftada Xitoyda yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlar soni barqaror ravishda kamaygani va har kuni bir xil darajada turganini ma’lum qildi.

London shahrida COVID-19 koronavirusi bilan kasallangan birinchi bemor qayd etildi. Qayd etilishicha, yangi bemor virusni Xitoyda yuqtirib olgan. Hozirda u Londondagi ixtisoslashtirilgan sog‘liqni saqlash milliy tizimi markaziga joylashtirilgan.

От qwert.uz