O‘tgan bir sutka davomida Xitoyda COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar soni 121 kishini tashkil etdi. Bu haqda Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi xabar berdi.
Foto: Reuters
Ta’kidlanishicha, mamlakat bo‘ylab jami vafot etganlar soni 1380 kishiga yetgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 13-fevral holati bo‘yicha kasallikni yuqtirib olganlar soni bir sutkada 5090 kishiga ortib, 63 851 ga yetgan. Shuningdek, 6723 kishi sog‘ayib, uyiga javob berilgan, 10 204 kishining ahvoli og‘irligi aytilmoqda. Kasallar bilan aloqada bo‘lgan yana 177 ming kishi shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.
Gonkongda koronavirusga chalinganlar soni 53 nafar (bir kishi vafot etgan), Tayvanda — 18 nafar, Makaoda — 10 nafarga yetgan.
SCMP’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab yangi turdagi koronavirusga chalinganlar soni 64 434 kishini tashkil etmoqda. Ularning 248 nafari Yaponiyada, Singapurda — 58, Tailandda — 33, Janubiy Koreyada — 28 nafar. Xitoydan tashqarida jami 505 kishida koronavirus aniqlangan.
Mavzuga doir:
- Gonkongda koronavirus tufayli o‘quv ta’tili 16-martgacha uzaytirildi
- Uxanga yana 2,6 ming nafar tibbiyot xodimi yuborildi
Avvalroq Yaponiyada koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati kuzatilgani haqida xabar berilgandi. Ekspertlarning fikricha, yangi turdagi koronavirus bilan Yer aholisining uchdan ikki qismi kasallanishi mumkin. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 13-fevral kuni olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanmagan.