2020-yilning 23-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tumani sudida 20 yoshli Xumora I.ga nisbatan sud ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov “Daryo”ga ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

Skrinshot: YouTube

Fuqaro Xumora I. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi (o‘g‘irlik) bilan ayblanib, unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” qo‘llanilgan.

Aniqlanishicha, Xumora 2019-yilning 23-aprel kuni ochiq maydonda bog‘lanib turgan, Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yashovchi amakisi A.X.ga tegishli bo‘lgan 5 million so‘mlik bir bosh chorva molni o‘g‘irlagan. U molni shu kunning o‘zidayoq sotib yuborgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.

Ayblanuvchi sud jarayonida mazkur jinoyatga muhtojlikdan qo‘l urganligi, o‘zi sotib yuborgan chorva moli IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tergov harakatlari davomida topilib, amakisi A.X.ga qaytarib berilganini ta’kidlagan. Shuningdek, Xumora o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, sarflab yuborgan mablag‘larini qaytarishi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy ahvoli hamda o‘ziga yetarli xulosa chiqarib olganligini inobatga olib, qonun doirasida yengillik berishni so‘ragan.

Skrinshot: YouTube

Sudya Baxtiyor Mamadaminov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida guvohlarning ham fikrlari tinglandi.

Sud Xumoraga nisbatan shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish va bir yil sinov muddati belgiladi. Sinov muddati davomida Xumoraning zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklatildi:

  • yashash va ish joyi o‘zgarsa, bu haqda yashash joyidagi IIBga xabar berish;
  • har oyda ikki marotaba yashash joyidagi IIBdan ro‘yxatdan o‘tish;
  • 2020-yil 1-aprelga qadar fuqaroviy da’vogar M.A.ga 4 million so‘m zararni qoplash.

Sudlanuvchi Xumora sinov davrida zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasa yoki jamoat tartibi hamda mehnat intizomini buzgan taqdirda, Jinoyat kodeksining 72-moddasi 6-qismiga asosan, jazoning shartliligi bekor qilinishi va hukmda tayinlangan jazo ijro etilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Eslatib o‘tamiz, sirdaryolik Xumora “Sevimli” telekanalining yirik loyihalaridan biri hisoblangan “Zirapcha” realiti shousida qatnashgan. U ushbu loyihadagi ishtiroki davomida “Zirapcha”ning bir qancha qismida mazkur jinoyatga qo‘l urganidan pushaymonligini bildirgan.

От qwert.uz