O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani “Xalqobod” mahallasida aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida yuz bergan nizoli holat yuzasidan bayonot berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Kadr: Telegram

Ma’lum bo‘lishicha, “Oq-oltin manzarasi” fermer xo‘jaligiga qarashli paxta va g‘allaga mo‘ljallangan ekin yer maydonining jami 0,39 gektari olti fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan, 235,35 kvadrat metr maydonida esa yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan uy-joy binolari qurib olingan.

Holat bo‘yicha 8-fevral kuni ishchi guruh a’zolari — tuman hokimi Alisher Jumayev, prokurori T.Berdimurotov, IIB boshlig‘i A.Mirzayev, yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i J.Bobomurodov va boshqalar tomonidan noqonuniy qurilish qilgan fuqarolarga ushbu yer maydoni fermer xo‘jaligi tasarrufida ekanligi ma’lum qilinib, fuqarolarning o‘z hisoblaridan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarini buzib olishlarini va ularga boshqa manzildan uy qurishlari uchun yer berilishi haqida tushuntirib o‘tilgan.

Noqonuniy ravishda qurilish qilib olgan fuqarolarning iltimosiga asosan ularga o‘zlari hisobidan binolarni buzib olishlari uchun ikki kun muddat berilgan. Biroq 14-fevral kuni ishchi guruh a’zolari yuqorida ko‘rsatilgan manzilga borib ko‘rilganida, uch nafar fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan bo‘lsa-da, ko‘chib kirib olganligi aniqlangan.

“Ishchi guruh tomonidan noqonuniy qurilgan uy-joylarni buzib olishlari tushuntirilganida, avvaldan to‘planib turgan fuqarolar hokimiyat vakili va IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Noqonuniy qurilgan uylarni buzishni imkoniyati bo‘lmaganligi sababli ishchi guruh a’zolari ortiga qaytib ketgan. Shu kuni soat 15:00 chamasida ishchi guruh tomonidan yuqoridagi manzilga borilganda, yuqoridagi fuqarolar va ularning qarindoshlari qo‘llarida benzin, tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan qurollangan holda ishchi guruh oldiga chiqishgan.

“Ushbu holatda jamoat tinchligini saqlash va vujudga kelishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarning oldini olish maqsadida tuman IIB xodimlari jalb qilingan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Hokimiyat vakillari va tuman IIB xodimlari tomonidan tushuntirilishiga qaramasdan fuqarolar hokimiyat vakillari va IIB xodimlariga qo‘llaridagi narsalar bilan tashlanib ketishgan. Ushbu jarayonda ikki nafar tuman IIB xodimlari hamda bir nafar fuqaro tan jarohati olgan.

“Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda”, — deya qo‘shimcha qilingan Bosh prokuratura axborotida.

От qwert.uz