Xonanda Abdulla Qurbonov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.
Abdulla Qurbonov suhbat davomida qamoqxonaga tushgan vaqtlarida san’atkor do‘stlari, tanishlari orasidan faqatgina Yulduz Usmonova uni yo‘qlab borgani haqida gapirib berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Shuncha san’atkorlarning ichida Yulduz Usmonovaning mard taraflaridan bittasi — qamoqda ekanligimda Qashqadaryodagi qamoqxonaga meni ko‘rgani borgan ekanlar.
Qamoqxonaga borib, rahbarlarni chaqirib, “shu bola mening bolamday, mening ukam, men eng yaxshi ko‘rgan san’atkorlardan bittasi bu, unga e’tiborni jiddiyroq qilinglar, bu hali xalqqa kerak. Har xil gap-so‘zlar eshityapmiz, ishqilib bolaga tazyiqlar yo‘qmi, hech qanaqa zulmlar yo‘qmi?”, deb mendan xabar olishga borganlar.
Mayli, odamning narsasi emas, odamni e’tibori muhim, qancha san’atkorlar bo‘lgan o‘sha payt, qo‘rqqan hammasi, xuddi menga yaqinlashsa, ularni ham qamab qo‘yadigandek tuyulgan ularga. To‘g‘risi-da, qo‘rqqan. Odamlardan emas, Xudodan qo‘rqishsin! O‘sha payt Yulduz opa hech nimadan qaytmasdan Qashqadaryoga jamoa bilan borgan ekanlar. Mening qaysi qamoqxonada ekanligimni surishtirishgan.
Meni rahbariyat chaqirib, “Yulduz Usmonova senga kim bo‘ladi?”, deb savol berishganda men xavotirda bo‘ldim. Nima balo, opamgayam bir narsalar bo‘lganmikan, degan fikrda bo‘lib turganimda, “o‘ylama, qo‘rqma, xavotir olma. U odamga hech qanaqa yomonlik qilmaymiz, to‘g‘ri ma’noda so‘rayapmiz, kim bo‘ladi?”, deganida, men “opam bo‘ladilar, hurmat qilaman, nima gap?” desam, shu yerga keldilar, lekin qonun doirasida uchrashtirish mumkin emas, nimagaki, familiya to‘g‘ri kelmaydi, “faqatgina oilangga ruxsat, boshqalarga mumkin emas degan qonun bor”, deyishganda ular ham, opa ham to‘g‘ri tushunganlar.
“Mayli, faqat mening shaxsiy iltimosim, mening kelganimni chaqirib, mening nomimdan ikki og‘iz hol-ahvolini so‘rab qo‘yinglar”, deganlari katta e’tibor. Ko‘ryapsizmi e’tiborni, misol, menga jonlari achib, nima uchun borganlar, qaysidir jihatim opaga xush kelgan, qaysidir xarakterimni yaxshi ko‘radilar Yulduz opam.
Xudoga shukr, Yulduz opam bilan ham bitta sahnada ijod qilib kelganmiz. Mustaqillik paytlari, mustaqillik bayramlarida, birga nechta tadbirlarda qatnashganman, el-yurt xizmatlarida ko‘pincha birga bo‘lib qolamiz. Rostmana, to‘yxonaga opa bilan baravar yoki undan oldin kelgan bo‘lsam ham, menga navbat berishmoqchi bo‘lsa, men “Yulduz opaga bergin”, deyman. Sababi, ham ustoz, ham bizdan katta, ham ayol kishi. Ayol kishi boshi bilan, uncha-muncha erkak kishi qilmagan mehrni bergan shu odam. Shuning uchun ham opani yaxshi ko‘raman.
Abdulla Qurbonov, xonanda
Abdulla Qurbonov suhbat davomida qamalishining sababi, nega ijodida turg‘unlik bo‘layotgani, 2019-yildagi u bilan bog‘liq bir qancha shov-shuvli vaziyatlarga oydinlik kiritgan.