O‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan buxorolik ayol jazolandi

Payg‘ambarlikka da’vo qilgan buxorolik ayolga bir yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga Vobkent tuman sudi raisi vazifasini bajaruvchi Nozimjon Jo‘rayev xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati Shofirkon tumani Jo‘ynav qishlog‘ida yashovchi D.Y. 2019-yilning dekabrida o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Avvaliga o‘z ismini oshkor etmagan ayol atrofidagilarga o‘ziga vahiy kelayotgani va g‘ayb xabarlari asosida “Tuhfa” nomli kitob nozil bo‘lganligini bildirib, da’vatlar qilib, yolg‘on xabarlar tarqatib kelgan.

Soxta da’vo bilan chiqqan bu ayol “Tuhfa” kitobida Muhammad (s.a.v.) oxirgi payg‘ambar ekani va Qur’oni karim ilohiy kitob ekanini rad etgan. U “Tuhfa”ning o‘ziga Allohdan kelgan kitob ekanligi, ushbu kitob orqali Xudoni tanishini va inson ruhiyatini davolashga xizmat qila olishini aytgan.

Xonadonida olib borilgan qidiruv-tintuv harakatlari davomida “Tuhfa” nomli kitobidan ko‘chirilgan 27 dona daftar, 3 dona fayl papka, 1 dona fleshkartani tarqatish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Ayol Buxoro davlat universitetini bitirgan qizi D.U., opasi D.Y., shuningdek, yana 4 nafar ayolni kitobni qo‘lyozma shaklida ko‘chirib olishga jalb etgan. Bu bilan u aqidaparastlik bilan yo‘g‘rilgan ma’lumotlarni tarqatib, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash va tarqatish jinoyatini sodir etgan.

Bundan tashqari, ko‘plab fuqarolarni kasalligidan forig‘ etgani uchun ular tomonidan o‘zining “Payg‘ambar” deb tan olingani xususidagi ko‘rsatmalari yolg‘on va asossiz ekanligi fosh etilgan.

Ma’lum qilinishicha, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallar tayyorlash va tarqatish jinoyatini sodir etishda ayblangan D.Y. Jinoyat kodeksi 244-1-moddasining 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 1 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.