Milliy gvardiya institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom muhokamasi yakunlandi.

Foto: “Daryo”

Unda dastlabki tanlash tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish taribi, nomzodlar bilan harbiy-professional tanlash tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha qoidalar belgilangan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Nizomga ko‘ra, institutga o‘qishga kirishni xohlagan O‘zbekiston fuqarolarini o‘qishga qabul qilish Prezident tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq, Milliy gvardiya qo‘mondonining institutga qabul o‘rinlarini ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi.

Institut kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun:

  • harbiy-professional yo‘nalish;
  • dastlabki tanlash;
  • harbiy-professional tanlash;
  • test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.

Institutga o‘qishga kirish uchun nomzodlar O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur.

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi tomonidan har yilning 1-dekabriga qadar Mudofaa vazirligiga kelgusi yil uchun institutga qabul qilinuvchi nomzodlar soni to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilinadi.

Institutga qabul qilinuvchi nomzodlarni dastlabki tanlash tadbirlarini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalariga topshiriq beriladi.

Institutga o‘qishga qabul qilish uchun Milliy gvardiyasi qo‘mondonining buyrug‘i bilan qabul komissiyasi tuziladi va ularning tarkibi tasdiqlanadi.

Qabul komissiyasiga Institut boshlig‘i rahbarlik qiladi. Qabul komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Milliy gvardiyasi tegishli tarkibiy tuzilmalarining mutaxassislari kiritiladi.

Qabul komissiyasi qabul yilining 10-martidan 1-sentabriga qadar faoliyat yuritadi.  Nomzodlardan arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1-fevralidan 1-apreliga qadar qabul qilinadi.

Ushbu nizom uni taqdiqlash tog‘risidagi buyruq Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng huquqiy kuchga kiradi.