Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-sonli ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan shahrisabzlik mahkuma u bilan birga bir joyda jazo muddatini o‘tagan Gulnora Karimova haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda “Kun.uz” xabar bermoqda.

Shahrisabzlik mahkuma.

Foto: “Kun.uz”

Uning so‘zlariga ko‘ra, u va boshqa mahkumalar Gulnora Karimova bilan birga “bir oilada yashagandek yashagan”  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

“Gulnora Karimova haqida bu yerga kelguncha deyarli eshitmagandim, qamoqqa kelgach uni tanidim. U biz bilan bir bo‘limda yashadi. Shundagina uni Gulnora Karimova ekanini bildim. U bilan deyarli bir oilada yashagandek yashadik. Birga ovqatlandik, bir joyda nafas oldik”, — dedi.

“Hayotda bir shiorim bor: kim edim-u kim bo‘ldim? Gulnora Karimovaning hayoti ham menga katta saboq bo‘ldi. Shu ayol menda yashashga, hayotga bo‘lgan qiziqishni orttirdi. O‘zimga o‘zim Gulnora Karimova kim edi, mana u ham shu yerda-ku dedim”, — deya qayd etib o‘tdi shahrisabzlik mahkuma.

Ayni vaqtda, u Gulnora Karimova haqidagi shaxsiy fikri yaxshi emasligini tan olgan. “Uni hech qachon oliy ma’lumotli, madaniyatli va tarbiyali qiz deb o‘ylamayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Jinoyatchi sifatida bu yerda bo‘lsak ham, inson sifatida aslida kimligimiz gaplarimiz, muomalamiz va o‘zimizni tutishimizda yaxshiroq ko‘rinadi. So‘zlash, tinglash, muomala va kiyinish madaniyati bor. Men shu narsalarni Gulnora Karimovada ko‘rmadim. Bular mening shaxsiy fikrlarim”, — dedi u.

Uning aytishicha, Gulnora Karimova koloniyaga ilk kelgan vaqtida bu yerdagi sharoitlarga ko‘nikkan. “Qovun qovundan rang oladi. U ham bizdan ‘rang oldi’. Ammo keyinchalik mahkumalar va xodimlarga muomalasi o‘zgara boshladi. Oxir-oqibatda o‘zining hurmatini yo‘qotdi”, — dedi mahkuma.

“U bilan juda ko‘p salomlashavermasdim, chunki ertalab ishga ketardim. Kechki payt esa kutubxonaga borardim… U davlatdan qarzi bo‘lgani uchun muassasa hududidagi ishlab chiqarish korxonasida ishlardi. Shu korxonada tikuvchi edi”, — deya ma’lum qildi mahkuma.

Shahrisabzlik mahkuma qamoqdoshi Gulnora Karimova qamoqxona ovqatlaridan bosh tortib, faqat pechenye yeb kun ko‘rgani haqidagi gaplar qisman haqiqat ekanligini aytdi. “Bu yerdan ham ovqatlanardi, uyidan kelgan ‘peredacha’larni ham yerdi”, — dedi u.

От qwert.uz