O‘zbekiston Prezidenti 6-mart, juma kuni, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: O‘zA
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning mazkur qarori loyihasi 2019-yilning dekabrida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yilgan edi.
Qarorda belgilanishicha, chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimini takomillashtirish, mazkur jarayonni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, nomzodlarga qo‘shin turlarini tanlash imkoniyatini yaratish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirish jarayonidagi bir-birini takrorlovchi tadbirlarni istisno etish maqsadida:
O‘zbekiston fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
- O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safini har tomonlama yetuk, sog‘lom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli chaqiriluvchilar bilan butlash;
- chaqiriluvchilar ongida milliy g‘urur, ona yurtga sadoqat, vatanparvarlik va millatparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish;
- chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning mavjud tizimini optimallashtirish;
- chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda bir-birini takrorlovchi bosqichlarni soddalashtirish;
- tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sifati va samaradorligini oshirish;
- tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning xolisligini va tezkor amalga oshirilishini ta’minlashga yo‘l qo‘ymaydigan mavjud tizimni qayta ko‘rib chiqish;
- chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarni harbiy okruglar harbiy gospitallari mutaxassislari tomonidan o‘tkazish;
- harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek, harbiy okrug qo‘mondonlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
“Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarining o‘tkazilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun shaxsan mas’uldirlar.
Nizomga ko‘ra, quyidagilar o‘z faoliyatini har yili:
- tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiyalar — 15-fevraldan 30-aprelgacha;
- tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi butlash komissiyalari — 15-fevraldan 30-aprelgacha;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yig‘ish punktlarida harbiy tibbiy komissiyalar — 20-fevraldan 30-aprelgacha;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi — 20-fevraldan 30-aprelgacha;
- tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi hududiy komissiyalari — 1-martdan 30-aprelgacha amalga oshiradi.
Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatiga olish bo‘yicha komissiyalar a’zolarining (kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bundan mustasno) doimiy ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha oylik ish haqi ular mazkur nizomda belgilangan majburiyatlarini bajaradigan butun davr mobaynida saqlab qolinadi.
Butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya hamda hududiy tibbiy komissiya qarori va xulosasidan norozi bo‘lgan chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari tomonidan Rahbariyat kengashiga, shuningdek, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Mazkur nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.