“Kimlargadir bu ish yoqmas, lekin menga yoqadi”. Shavkat Mirziyoyev — ayollarning hokim etib tayinlanishi haqida

O‘zbekistonda so‘nggi bir oy ichida olti nafar ayol hokim lavozimida ish boshladi. Jumladan, Dilfuza O‘rolova Sirdaryoning Boyovut tumaniga, Nargiza Ne’matova Buxoroning Olot tumaniga, Sadbarxon Mamitova Andijonning Bo‘ston tumaniga, Maqsuda Mustafoyeva Qashqadaryoning Qarshi tumaniga, Zulayho Mahkamova Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumaniga, Gavhar Alimova esa Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahriga hokim etib tayinlandi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 7-mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan asosiy bayram tadbirida Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi ayol hokimlarni alohida tabriklagani haqida xabar berilgan edi. “Kun.uz”ning xabar berishicha, davlat rahbari o‘z nutqi davomida nima uchun ayollar hokimlik lavozimiga tayinlanayotganiga izoh bergan, shuningdek, ayol-hokimlar bilan suhbatlar vaqtida ularga nima deganini aytib o‘tgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tariximizda ko‘p sonli ayollarni hokimlikka qo‘yish hali bo‘lmagan. Yoki bo‘lganmi? Bunga men tashabbuskor bo‘lib, xohish bildirdim. Chunki ayollar bo‘lgan joyda adolat, poklik bo‘ladi… Men bir qancha tumanlarda hokimlik vazifasi bo‘yicha ayollarga ishonch bildirdim. Ular bilan suhbat chog‘ida aytdimki: “Hech narsadan qo‘rqmanglar!”.

Ishonaman — ayollar rahbar bo‘lgan tumanlarda adolat bayrog‘i boshqacha hilpiraydi. Biz hokimlikka saylangan rahbar ayollarimizga doim yordam beramiz, yelkadosh bo‘lamiz. Bundan keyin ham katta-katta tashkilot va kompaniyalar rahbarligiga ayollarni tayinlash tashabbusi davom etadi. Biz ularni tayyorlayapmiz. Kimlargadir bu ish yoqmas, lekin menga yoqadi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti