Huawei kompaniya smartfonlarida olingan suratlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlovning roligida professional kamerada olingan suratlardan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Bunga 2018-yilda iPhone’da olingan suratlar tanlovida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Xuapen Chjao e’tibor qaratgan — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Weibo / Syu Tai

Chjaoning yozishicha, u Huawei tanlovi reklamasiga bir necha bor duch kelgan va promo-rolikdagi suratlardan biri unga tanish tuyulgan. Bloger ushbu surat smartfonda emas, professional kamerada olinganini shubha qilgan.

Keyinroq Chjao haq ekanligi ma’lum bo‘lgan: surat Huawei roligida paydo bo‘lishidan oldin 500px servisiga yuklangan. Uning muallifi Syu Tayi bo‘lib, qirg‘oqdagi kun botishini Nikon D850 kamerasida suratga olgan — kamera narxi 3 ming dollardan qimmatroq turadi.

Chjao muammoga e’tibor qaratganidan so‘ng, Huawei kompaniyasi Weibo ijtimoiy tarmog‘i orqali kechirim so‘ragan. Shu bilan birga, kompaniya ushbu surat Huawei Next-Image servisidan olinganini, u yerga esa istalgan qurilmadan surat yuklash mumkinligini ta’kidlagan.

2018-yilda Chjao har yil o‘tkaziladigan iPhone Photography Awards tanlovi g‘oliblaridan biriga aylangan. U dengiz qirg‘og‘i yaqinida sayr qilib yurgan bolakayni suratga olgan.

Foto: Xuapen Chjao

iPhone 6S’da olingan surat

Huawei professional fotoapparatlarda olingan suratlar borasidagi mojaroga birinchi bor duch kelayotgani yo‘q. 2018-yilda kompaniya professional kamerada olingan suratlarni Nova 3i smartfoniniki deya ilgari surgan bo‘lsa, 2019-yilning martida esa Getty Images saytidan olingan suratni P30 Pro flagmaniniki deya atagan.

От qwert.uz