Buyuk Britaniyaning BBC nashri Angliya Premyer Ligasi 2019/20-yilgi mavsumining eng yaxshilarini ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: BBC
Unga ko‘ra, “Liverpul” sardori Jordan Henderson APLning joriy mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchisi nomini qo‘lga kiritdi. Yarim himoyachi so‘rovnomada 23% ovoz yig‘di. Ikkinchi o‘rindan uning jamoadoshi Sadio Mane (17%) o‘rin olgan bo‘lsa, “Manchester Siti” xavbeki Kevin de Bryuyne (14%) kuchli uchlikka yakun yasadi.
Eng yaxshi murabbiy sifatida “Liverpul” ustozi Yurgen Klopp (55%) e’tirof etildi. “Sheffild Yunayted” bosh murabbiyi Kris Uaylder (25%) bu borada ikkinchi bo‘ldi, “Vulverhempton” murabbiyi Nunu Eshpiritu Santu (7%) esa 3-pog‘onadan joy oldi.
Eng yaxshi yosh o‘yinchi nomiga “Liverpul” qanot himoyachisi Trent Aleksander-Arnold (47%) loyiq ko‘rildi. Trent bu borada “Manchester Yunayted” hujumchisi Markus Reshford (10%) va “Sheffild” darvozaboni Din Hendersonni (9%) ortda qoldirgan.
Shuningdek, quyidagi nominatsiyalarda ham g‘oliblar aniqlandi:
Mavsum o‘yini — “Uotford”—“Liverpul” 3:0
Yil kashfiyoti — Adama Traore (“Vulverhemton”)
Yil transferi — Din Henderson
Mavsum goli — Son Hyon Minning “Byornli”ga (5:0) urgan goli
Mavsum ramziy terma jamoasi: Alisson — Trent Aleksander-Arnold, Virjil van Deyk, Chag‘lar Suyunju, Endryu Robertson — Kevin de Bryuyne, Jordan Henderson, Brunu Fernandesh — Muhammad Saloh, Serxio Aguero, Sadio Mane.
Eslatib o‘tamiz, Premyer Liga bahslari koronavirus pandemiyasi sabab 29-turga kelib to‘xtab qolgan. Unda “Liverpul” 82-ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi va eng yaqin ta’qibchisini 25 ochkoga ortda qoldirmoqda.