O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining sobiq direktori, siyosatshunos Rafik Sayfulin davlatga xoinlik qilganlikda aybdor deb topilib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Fergana”

Xabar berilishicha, 2020-yil 25-may kuni O‘zbekiston Harbiy sudida Jinoyat kodeksining 157-moddasi (Davlatga xoinlik qilish) 1-qismi va 248-moddasi (Qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan Rafik Sayfulinga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

“Bir necha oy davomida o‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi. Tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchining vajlari tekshirildi”, — deyiladi Oliy sud xabarida.

Ma’lum qilinishicha, sud sudlanuvchi Rafik Sayfulinni yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

OAVlarning yozishicha, Rafik Sayfulin bilan birga O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va Mudofaa vazirligining bir necha xodimi ham davlatga xoinlik qilganlikda ayblangan. Siyosatshunos 2019-yilning iyul oyida qo‘lga olingan. Rafik Sayfulin davlat sirlari va tahliliy materiallarni Rossiya tomoniga yetkazganlikda ayblangan.

Rafik Sayfulin o‘z faoliyatini SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasida boshlagan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Sayfulin Prognozlashtirish va statistika davlat qo‘mitasida ishlagan. Keyinchalik u O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga rahbarlik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil fevral oyida Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasining sobiq muxbiri Vladimir Kaloshin davlatga xiyonatda ayblanib 12 yilga qamoq jazosiga hukm qilingandi. 2020-yilning yanvarida esa davlatga qarshi xiyonat bo‘yicha ayblangan TIVning sobiq xodimi Qodir Yusupovga sud hukmi e’lon qilingandi.

От qwert.uz