Davlat komissiyasining 1-sonli bayoniga muvofiq, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini inobatga olgan holda 2020/2021-o‘quv yili qabulida test sinovlari qoida tariqasida bir kunda ikki yoki uch smenada o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuot xizmati xabar qildi.
Foto: “Daryo”
“Bunda har bir abituriyent uchun binolarda 3 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan joy ajratiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi sharoitida sanitariya normalari talablaridan kelib chiqib, imtihonlarda abituriyentlarning ota-onalari va ularning yaqinlari uchun alohida kutish (to‘planish) joylari tashkil qilinmasligi belgilab qo‘yilgan.
Avval abituriyentlar hujjatlarini DTM sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinishi, test sinovlari karantin qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazilishi, hujjatlar 20-iyundan 20-iyulgacha (20-iyul kuni ham) qabul qilinishi, abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi haqida videoqo‘llanma ishlab chiqilgani haqida xabarlar berilgandi.