Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradiga kelgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bergan — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Kremlin.ru”

Shavkat Mirziyoyev hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin suhbat chog‘ida strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan.

Vladimir Putin O‘zbekiston Qurolli Kuchlari vakillari mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor 24-iyun kuni Qizil maydonda bo‘lib o‘tadigan paradda ishtirok etishi haqida so‘z yuritib, “bu o‘ziga xos ittifoqchilik munosabatlarining yaqqol namoyishi” ekanini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti O‘zbekiston xalqi G‘alabaga ulkan hissa qo‘shganini, o‘zbekistonliklar front ortida fidokorona mehnat qilganini, evakuatsiya qilinganlarni bag‘rikenglik bilan qabul qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Toshkent shahrida G‘alaba bog‘i tashkil etilgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentlar keyingi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etgan.

Jahon inqirozi oqibatlarining salbiy ta’siriga qaramay, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘smoqda. Xususan, 2019-yilda ushbu ko‘rsatkich 6,6 milliard dollarga yetgan. 2020-yilning ilk oylarida o‘zaro savdo hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil qilgan.

Ikki davlat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiyasi kengaymoqda: bugungi kunda 2 mingga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, qiymati 12 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 10 milliard dollardan oshgan.

Hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi — fan va ta’lim sohalaridagi faol almashinuvlar. Keyingi bir necha yilda O‘zbekistonda Rossiya yetakchi oliy ta’lim muassasalarining 7 ta filiali tashkil etilgan. Ularning umumiy soni 10 taga yetgan. Rossiyaning yana 4 ta universiteti filiallarini O‘zbekistonda ochish rejalashtirilgan.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston—Rossiya munosabatlarining dolzarb masalalarini batafsil ko‘rib chiqdi.

Vladimir Putin hamda Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi muloqot vaqtida RF prezidenti o‘ziga xos yumor bilan hamkasbiga hazil qilgan.

“Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar bilan bir qatorda kulinariya bo‘yicha hamkorlik ham rivojlanib bormoqda. Fursatdan foydalanib sizni tushlikka taklif qilaman”, — deya hazil qilgan Putin.

Faol muloqotni davom ettirish hamda hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida kelishuvlarni hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga bo‘lajak oliy darajadagi tashrifga puxta tayyorgarlikni davom ettirish, bunda yangi iqtisodiy dasturlar va ilg‘or investitsiya loyihalariga e’tibor qaratish topshirildi.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdi, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini, shu jumladan, MDH va ShHTning navbatdagi sammitlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida anglashib olgan.

Shavkat Mirziyoyev 24-iyun kuni fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etishni rejalashtirgan.

От qwert.uz