Xitoydagi bir nechta fermada mikrobiologlar cho‘chqa grippining yangi shtammini topdi. Mazkur shtammdagi mutatsiya unga bir odamdan boshqasiga yuqish imkonini beradi. Tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida e’lon qilindi, deb yozmoqda “TASS”  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Reuters

“G4 virusi yangi gripp pandemiyasini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan barcha patogen belgilarga ega. O‘z ko‘rinishi bilan u mavsumiy gripp shtammlaridan farq qiladi va odamdan odamga o‘tishi mumkin. Unda 2009-yilda cho‘chqa grippi pandemiyasini yuzaga keltirgan H1N1 virusining barcha belgilari mavjud”, — deb yozadi olimlar.

XXI asrning birinchi o‘n yilligi oxirida dunyoda parranda va cho‘chqa grippi tarqaldi va bir necha ming kishining umriga zomin bo‘ldi. Shifokorlar va biologlar ana shu viruslar tarqalishidan qilgan xulosada insoniyatga qamrovi jihatdan XX asrning birinchi yarmida millionlab odamlarni hayotdan olib ketgan “Ispan grippi”ga o‘xshash bo‘lgan yangi pandemiya xavf solishi mumkinligi aytilgan.

Hozircha bunday gripp epidemiyasi bir sababga ko‘ra yuz bermadi — cho‘chqa va parranda grippi havo-tomchi yo‘li bilan tarqalishni bilmaydi va odamdan odamga tez o‘ta olmaydi. Boshqa tomondan, 2011-yilda o‘tkazilgan tajribaga ko‘ra, parranda grippi virusi uchun uchta kichik mutatsiya kerak. Keyinroq xitoylik olimlar tomonidan aniqlanishicha, H7N9 virusi shtammining tabiiy ko‘rinishlari mazkur mutatsiyalardan biriga ega bo‘lgan.

Xitoyning chorvachilik fermalarida uchraydigan viruslarni qayta ko‘rib chiqayotgan Xitoy Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi direktori Jorj Gao boshchiligidagi mikrobiologlar cho‘chqa grippi shtammida ham mutatsiya yuz berganini aniqlagan.

Yangi cho‘chqa grippi

Gao va uning hamkasblari ta’kidlashicha, so‘nggi 20 yil davomida 2009-yilda pandemiya boshlanishiga sabab bo‘lgan pdm/09 virusining yaqin qarindoshi — H1N1 shtammi cho‘chqalar orasida ustunlik qilishni boshlagan. Pandemiya tugaganidan keyin mazkur virus cho‘chqalar populyatsiyasi orasiga “qaytgan” va ular orasida tarqalishni boshlagan. Shuning uchun olimlar 2011—2018-yillarda Xitoy fermalaridagi hayvonlar organizmida mavjud bo‘lgan gripp turlarini batafsil kuzatib boradi.

Aniqlanishicha, pdm/09 virusining paydo bo‘lishi va tabiiy evolyutsion jarayonlar H1N1 virusining bir necha alohida yo‘nalishda rivojlanishiga olib keldi. Ularning har birida o‘zining mutatsiya to‘plami bo‘lgan. Yaqinda ulardan biri — G4 cho‘chqalar orasida ustunlik qilishni va boshqa virus turlarini siqib chiqarishni boshlagan.

Bu shtamm H1N1 va pdm/09 o‘rtasidagi virus hisoblanadi. Taxmin qilinishicha, bu shtamm cho‘chqa birdaniga H1N1 va pdm/09 viruslari bilan kasallanishi natijasida yuzaga kelgan. Yangi shtamm pdm/09 virusidan M genini meros qilib olgan. Bu gen yangi virus bo‘laklarini yig‘adi va mazkur virusning yuqori o‘lim darajasiga ega bo‘lishining asosiy sababchisi hisoblanadi.

Mavzuga doir:

Odam hujayralari va latchalarda o‘tkazilgan tajribalarning ko‘rsatishicha, bu shtamm odam o‘pkasi hujayralariga kirishi va havo-tomchi yo‘li bilan yuqishi mumkin. Buning ustiga, G4 virusi uning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan ikki virusga qaraganda latchalarda kasallikning og‘irroq ko‘rinishlarini keltirib chiqaradi.

Latchalarda o‘tkazilgan keyingi tajribalarning ko‘rsatishicha, grippga qarshi mavjud bo‘lgan barcha vaksinalar bu hayvonlarni kasallanishdan himoya qila olamagan. Bu G4 virusi H1N1 va pdm/09 viruslaridan farqli ravishda boshqa antigen guruhiga mansubligi bilan bog‘liq. Biologlarning ta’kidlashicha, bu holat mazkur shtamm insoniyat populyatsiyasi uchun juda xavfli ekanligini ko‘rsatadi. Shuning uchun fermalardagi epidemiologik vaziyatni qat’iy nazorat qilish kerak.

Olimlar tomonidan 15 ta ferma xodimlarida G4 virusiga qarshi antitana testi o‘tkazilgan. Natijalarning ko‘rsatishicha, xodimlarning 10-15 foizi grippning bu shakli bilan aloqada bo‘lgan. Shu sababli Gao va uning hamkasblari bu virus yaqin yillarda yangi pandemiyani yuzaga keltirishi mumkinligini istisno qilmayapti. Ularning xulosasiga ko‘ra, yangi pandemiyaga tayyor bo‘lish kerak.

От qwert.uz