Bayrutning port mavzesida 4-avgust kuni kuchli portlash yuz berdi. Undan avval yana bir, kuchsizroq portlash kuzatilgan. Ikkinchi portlashning to‘lqini kuchi 3,3 magnitudali zilzilaga teng seysmik to‘lqinlarni keltirib chiqardi. Bu hatto Livandan 240 kilometr masofada joylashgan Kiprda ham sezilgan. Bayrutning o‘zida esa portlash joyidan 10 kilometr masofada joylashgan binolar zarar ko‘rgan: ularning oynalari sinib ketgan va balkonlari ko‘chib tushgan. Shaharning zarar ko‘rgan hududlarida avtomobillar portlash sabab ag‘darilib ketgan, ko‘chalar vayron bo‘lgan bino bo‘laklariga to‘lgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: AFP

Kamida 78 kishi halok bo‘lgan, 4 mingga yaqin odam tan jarohati olgan, deya ma’lum qildi Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi. Bundan tashqari, kamida bir necha o‘n kishi bedarak yo‘qolgan, deb gumon qilinmoqda. Ular orasida Livanning “Al-Kataib” partiyasi yetakchisi Nazar Najaryan ham bor, jabrlanuvchilar orasida esa Livan bosh vaziri Hasan Diabning rafiqasi va qizi borligi aytilmoqda. Bayrut kasalxonalari yaralangan oqimiga bas kela olmayapti, ularni boshqa shaharlardagi kasalxonalarga yuborishmoqda. Livan OAVlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari aholini jabrlanuvchilar uchun qon topshirishga chaqirmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2750 tonna ammiak selitrasi portlagan — undan, odatda, o‘g‘it va portlovchi moddalar tarkibiy qismi sifatida foydalaniladi. Livan prezidenti Mishel Aunning ma’lum qilishicha, ma’lum bir partiya ammiak selitrasi portdagi omborlarning birida 2014 yildan beri saqlab kelingan (avvalroq, bu selitra musodara qilingan mahsulot ekani aytilgan edi). Mamlakat bosh vaziri Hasan Diab portlash xavfi bo‘lgan modda olti yil davomida tegishli xavfsizlik choralari ko‘rilmagan holda saqlangani uchun aybdor shaxslarni topib, jazolashga va’da berdi.

Livan rasmiylari yuz bergan voqeani terakt deb hisoblamayapti. Livandagi “Hizbulloh” harakati ushbu portlashlar Isroil armiyasi uning Bayrut portidagi qurol-yarog‘ omborlariga bergan aviazarbasi oqibatida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni rad etdi. Isroilning o‘zi ham ushbu voqeaga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Ayni vaqtda Livan huquq-tartibot organlari va “Hizbulloh”dagi manbalarning ta’kidlashicha, portlab ketgan omborda yuqori aniqlikdagi raketalarni yig‘ish uchun zarur uskunalar saqlangan, “Hizbulloh” esa bu raketalardan Isroilga qarshi foydalanish niyatida bo‘lgan. Ayni vaqtda, ularning qo‘shimcha qilishicha, portlashlarga inson omili sabab bo‘lgan.

Bayrutda vafot etganlar xotirasi uchun butun Livanda motam e’lon qilindi. Shahar gubernatori Marvon Abbud yuz bergan voqeani Ikkinchi Jahon urushi vaqtida Xirosima va Nagasakida yuz bergan atom bombasi portlashlariga tenglashtirdi. “Men umrim davomida bunday vayrongarchiliklarni ko‘rmaganman. Bu milliy falokat”, — dedi Abbud. Livan Xavfsizlik kengashi Bayrutni falokat hududi deb e’lon qildi va shaharda ikki hafta muddatga favqulodda vaziyat joriy etishni taklif etdi. Bir qator davlatlar (jumladan, Isroil) rahbarlari hamdardlik bildirdi va Livanga yordam taklif qildi.

От qwert.uz