Tugʼilgan kuning bilan,

Muborakbod etayin.

(Doʼstim boʼlganing bilan,

Sen baribir betayin!).

Yaxshi tilaklarimni,

Senga qilay baxshida.

(Kerakli ekanimni,

Bilib qoʼysang yaxshida…)

Senga sovgʼa keltirdim,

Uni qilaman taqdim.

Boʼlmasin deb bir gʼovgʼa,

Sarflayman doim vaqtim.

Senga tilayman sogʼlik,

(Bu shifokorga bogʼliq!)…

Qadrdon doʼstim salom,

Xoʼsh, yaxshimi ishlaring?

(Endi xullasi kalom,

«Senga nima!» demagin).

Tugʼilgan kuning bilan,

Tabriklarim yoʼllayman.

Sovgʼa olmaganimdan,

Sendan uzr soʼrayman.

Kelajakda albatta,

Oyligim chiqsa katta,

Аna oʼshanda shartta,

Sovgʼa olaman bitta!…

(Chunki biz xam xayotda,

Qolmaylikda uyatda!…)

Doʼstim keldik mexmonga,

Qani «palovxon toʼra»?

Sen xam oʼxshab mezbonga,

Mexmon qil undan koʼra.

Tashrifimiz yoqmasa,

Ochigʼini ayta qol.

(Kecha bergan pulimni,

Indamasdan qayta qol!)…

Qutlab ayyoming bilan,

Tilagimiz bir talay.

Qalbimizning toʼridan,

Joy olgansan, xar qalay.

Eʼzozlaymiz, sen bilsang,

Chunki, puling koʼp juda.

Аytib qoʼy, «bankrot» boʼlsang,

Biz yurmaylik bexuda!…

-«»Nega tugʼilgan kuning,

Toʼrt yilda bir martadir?».

-«Menday ziqna odamning,

Niyatini aytadir!»…

-«Аllo, kim bu? Xa, doʼstim,

Nega yoʼqsan uyingda?

Gapirsam gapni rostin,

Shunday ayyom kuningda?»…

-«Аllo, gapiring, bu kim?,

Аntennangiz yoʼq demak?»,

(Ziqnalik senga muxim,

Bu «xunar» senga ermak!)…

«Doʼstim tavallud kuning,

Muborakbod qilayin.

Doʼstning qadriga yetgin,

Shu xaqida soʼylayin:

-«Doʼst — achitib gapirar,

Dushman esa — kuldirib».

«Doʼst — jon berib gapirar,

Dushman esa — oʼldirib!».

«Doʼst — meʼyorda ichirar,

Dushman esa — toʼldirib!».

«Doʼsting — bildirmay aldar,

Dushman esa — bildirib!«…

(Demak ayrim paytlarda,

Doʼstdan dushman afzalda!)

Tugʼilgan kuning bugun,

Tabriklayman qalbimdan.

«Zaxar yut — doʼsting uchun!»,

Deyishadi qadimdan.

Nima degan gap «zaxar»,

Deyman qarab koʼzingga.

(Esim joyida axir,

Zaxar siylov oʼzingga!)…

Doʼstim, amring kutaman,

Men tayyorman, xar nafas.

Xoxlasang, mix yutaman,

Faqat, tekin boʼlsa bas!…

Tavallud ayyomingda,

Qutlay barcha nomidan.

(Doʼstlar sovgʼa oʼrniga,

Pul berishsa yonidan,

Pulni koʼrib derdingda,

«Boʼlarkanku, jonidan!»).

Doʼst bilan obod uying,

Deydi dono xalqimiz.

Bugun tavallud kuning,

Sovgʼalarni eltamiz.

Kechki payt uyingni biz,

«Obod» qilib qaytamiz!…

(Yoki obod qilishni,

Qaytayotib aytamiz!)…

Doʼstim tavallud kunda,

Seni tabriklab dildan,

Shunday ayyom kunida,

Tursam deyman yoningda.

Mashoyixlar aytadir,

«Doʼst boʼlsang — yonimda tur!».

(Ketgan boʼlsang qaygadir,

Kech qolsang, ortimda tur!).

Buning sababi shunday,

Doʼst bilinar kulfatda.

Bazmda turib bunday,

«Bilinamiz» albatta!…

  • Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
  • «Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.

© MUALLIF

От qwert.uz