Har ikki variantning afzallik va kamchiliklarini inobatga olgan holda, tish yuvish vaqtini o‘zingizga moslab tanlashingiz mumkin.
— Манба: «Daryo» нашри.

Ertalab tishlarni qachon yuvgan ma’qul?
Ertalab tish yuvish uchun aniq vaqt belgilanmagan. Asosiy qoida — buni kuniga ikki marta: uyqudan oldin va kun davomida puxta bajarishdir. Bunda tarkibida ftor bo‘lgan tish pastasidan foydalanish tavsiya etiladi. Amerika stomatologiya assotsiatsiyasi hamda Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati ekspertlari shunday maslahat berishadi.
Stomatolog tishlarni faqat nonushtadan oldin yoki faqat undan keyin yuvishni qat’iy tavsiya qiladigan qoida yo‘q. Eng asosiy talab — tish yuzasini yaxshilab tozalashdir. Tishning o‘z qatoridagi qo‘shni tishlar bilan tutashadigan qismlarini, ya’ni kontakt yuzalarini unutmaslik juda muhim, chunki kariyes ko‘pincha aynan shu joylarda paydo bo‘ladi, deydi W Dent terapevt-stomatologi Yelizaveta Belyanina.
Har ikki variantning afzallik va kamchiliklarini inobatga olgan holda, tish yuvish vaqtini o‘zingizga moslab tanlashingiz mumkin.
Nonushtadan oldin tish yuvishning afzalliklari va kamchiliklari nimada?
Afzalliklari
Nonushtadan oldin tishlarni yuvish tish karashining bir qismini — bakteriyalar yashaydigan yopishqoq bioplyonkani ketkazishga yordam beradi. Ovqatlangandan so‘ng bakteriyalar shakar va boshqa bijg‘iydigan uglevodlarni qayta ishlab, kislotalar ajratib chiqaradi. Buning oqibatida emal o‘z minerallarini yo‘qotadi. Bunday “kislotali hujumlar” takroriy davom etsa, kariyes rivojlanishi mumkin.

Bundan tashqari, tishlarni pasta bilan yuvganimizda ularni ftorid — emalni mustahkamlaydigan va boshlang‘ich bosqichlarda kariyesning oldini olishga yordam beradigan modda bilan qoplaymiz. Nonushtada iste’mol qilinadigan oziq-ovqat va ichimliklar tarkibida kislota hamda shakar bo‘lishi mumkinligi sababli kun avvalida tishlarni bu tarzda himoyalash zarar qilmaydi.
Shuningdek, tun davomida to‘plangan bakteriyalar og‘izda yoqimsiz hid va ta’m paydo qiladi. Tishlarni yuvish bu noxush hislardan xalos bo‘lishga yordam bergani uchun ba’zilarga tish yuvgandan so‘ng nonushta qilish yoqimliroq tuyuladi.
Kamchiliklari
Agar tishingizni faqat ovqatdan oldin yuvib, ishga shoshilsangiz, og‘izda ovqat qoldiqlari qolib ketadi. Taom tarkibida shakar bo‘lsa, tish karashidagi bakteriyalar ularni qayta ishlab, emalning demineralizatsiyasiga (minerallarini yo‘qotishiga) va kariyes rivojlanishiga sabab bo‘luvchi kislotalarni ajratib chiqaradi.

Nonushtadan keyin tish yuvishning afzallik va kamchiliklari nimada?
Afzalliklari
Nonushtadan keyin tish yuvish tish ariqchalarida, tishlar orasida va milk chizig‘i bo‘ylab tiqilib qolgan karash hamda ovqat qoldiqlarini ketkazishga yordam beradi.
Kamchiliklari
Agar nonushtada kislotaga boy mahsulotlar, masalan, sitrus mevalar yesangiz, meva sharbatlari yoki gazlangan ichimliklar ichsangiz, ovqatdan so‘ng og‘izni oddiy suv bilan chaygan ma’qul. Bu ovqat qoldiqlarini ketkazishga va og‘iz bo‘shlig‘idagi kislotalilik darajasini pasaytirishga ko‘maklashadi. Tishlarni to‘laqonli yuvishdan oldin esa bir soat kutgan yaxshi.
Gap shundaki, kislotaga boy mahsulotlar tish emalini vaqtincha yumshatib qo‘yishi mumkin. Tishlar darhol yuvilsa, bu himoya qatlamining yupqalashishiga olib kelishi ehtimoli bor. Shu bois stomatologlar so‘lak kislotalarni tabiiy yo‘l bilan neytrallashga va emalni mustahkamlashga ulgurishi uchun biroz tanaffus qilishni tavsiya etishadi.

Tishlarni ovqatdan oldin ham, keyin ham yuvish mumkinmi?
Og‘iz bo‘shlig‘idagi noxush hidni ketkazish uchun uyg‘ongandan so‘ng darhol tishlarni yuvish mumkin. Keyin esa nonushtadan so‘ng bakteriyalar oziqlanadigan yumshoq tish karashi va ovqat qoldiqlarini yo‘qotish uchun tishlar yana bir bor yuviladi. Bu og‘iz bo‘shlig‘idagi pH darajasining kislotali muhitga tomon pasayishining oldini olishga yordam beradi.
Tishlar yumshoq yoki o‘rtacha qattiqlikdagi cho‘tkada kuchli bosimsiz hamda abrazivligi 50 dan 70 RDA (bu tish pastasidagi abraziv modda konsentratsiyasi ko‘rsatkichi) gacha bo‘lgan pasta bilan yuvilganda, tishning qattiq to‘qimalari yemirilmaydi.
Agar shoshayotgan bo‘lsangiz va tishlarni ikkinchi marta yuvishga vaqtingiz bo‘lmasa, nonushtadan so‘ng ovqat qoldiqlarini ketkazish uchun shunchaki og‘izni suv bilan chayib tashlash ham mumkin.

