O‘zbekistonda 11 ta tibbiyot OTMlariga bakalavriat uchun 6025 nafar, magistraturaga 1377 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi 11 ta oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021-o‘quv yilida davlat buyurtmasiga ko‘ra, bakalavriatga jami 6025 nafar (shundan 2598 nafari davlat granti, 3427 nafari kontrakt asosida), magistraturaga esa jami 1377 nafar, (291 nafari davlat granti, 1086 nafari kontrakt) o‘qishga qabul qilish parametrlari belgilangan. Bu haqda SSV jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Bakalavriat va magistraturada 6025 ta hamda 1377 ta yangi talabalik kvotalarining 11 ta tibbiyot oliygohi bo‘yicha taqsimoti:

  • Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning Urganch, Farg‘ona va Termiz filiallariga 1900 nafar (shundan 861 nafari grant, 1039 nafari kontrakt);
  • Toshkent tibbiyot pediatriya institutiga 625 nafar (shundan 285 nafari grant, 340 nafari kontrakt);
  • Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutiga 400 nafar (shundan 196 nafari grant, 204 nafari kontrakt);
  • Toshkent farmatsevtika institutiga 500 nafar (shundan 135 nafari grant, 365 nafari kontrakt);
  • Toshkent davlat stomatologiya institutiga 475 nafar (shundan 150 nafari grant, 325 nafari kontrakt);
  • Andijon tibbiyot institutiga 700 nafar (shundan 336 nafari grant, 364 nafari kontrakt);
  • Buxoro tibbiyot institutiga 600 nafar (shundan 264 nafari grant, 336 nafari kontrakt);
  • Samarqand tibbiyot institutga esa 825 nafar (shundan 371 nafari grant, 454 nafari kontrakt) o‘rin ajratilgan.

Magistratura bo‘yicha:

  • Toshkent tibbiyot akademiyasiga 405 nafar (shundan 90 nafari grant, 315 nafari kontrakt);
  • Toshkent tibbiyot pediatriya institutiga 277 nafar (shundan 52 nafari grant, 225 nafari kontrakt);
  • Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutiga 14 nafar (shundan 6 nafari grant, 8 nafari kontrakt);
  • Toshkent farmatsevtika institutiga 78 nafar (shundan 13 nafari grant, 65 nafari kontrakt);
  • Toshkent davlat stomatologiya institutiga 50 nafar (shundan 2 nafari grant, 48 nafari kontrakt);
  • Andijon tibbiyot institutiga 254 nafar (shundan 53 nafari grant, 201 nafari kontrakt);
  • Buxoro tibbiyot institutiga 119 nafar (shundan 28 nafari grant, 91 nafari kontrakt);
  • Samarqand tibbiyot institutga 180 nafar (shundan 47 nafari grant, 133 nafari kontrakt) o‘rin ajratilgan.

2020-yilda O‘zbekistondagi 91 ta oliy ta’lim muassasasida bakalavriatga 1 million 484 ming nafar (2019-yilga nisbatan 417 mingta (39 foiz)ga ko‘p) abituriyent hujjat topshirib, bir o‘ringa o‘rtacha 10,6 nafar abituriyent to‘g‘ri kelmoqda. Magistraturaga esa 72 ta oliy ta’lim muassasasiga 78 ming 720 nafar (2019-yilga nisbatan 53,5 ming nafar) abituriyent hujjat topshirgan.

Barcha oliy ta’lim muassasalari kabi tibbiyot oliygohlariga kirish uchun topshiriladigan test sinovlari epidemiologik xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan markaziy stadionlar va boshqa tanlangan maydonlarda 2020-yilning 2-sentabridan boshlanadi.

SSV axborotida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni hamda bir talabalik o‘rniga necha kishi da’vogarlik qilayotganiga aniqlik kiritilmagan.

2020-yilda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 364 ta, magistraturaga 10 425 ta o‘rin ajratilgan. Kirish imtihonlari ikki smenada respublika bo‘yicha tanlab olingan 155 ta stadionning 40 tasida o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda ikkinchi mutaxassislikka hujjatlar qabul qilish jarayoni 2020-yilning 10-avgustidan boshlangan, oliy o‘quv yurtlariga kirish test sinovlari 2-sentabrdan boshlanib, 14 kun davom etadi, bakalavr bosqichining 1, 2, 3, 4-bosqich talabalariga hozircha sentabr oyidan boshlab masofaviy ta’lim boshlanadi.

Respublika Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar avvalgi yillarda olingan mos fan bo‘yicha test sinovlari bilan almashtirilgan.

Avval abituriyentlarga har 30 ta test topshirig‘ini yechish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 90 daqiqa (60 ta test topshirig‘iga jami 180 daqiqa beriladi) vaqt ajratiladi.