Ajoyib tele va radioboshlovchi Larri King og‘ir damlarni boshidan o‘tkazmoqda. Bir hafta avval uning o‘g‘li Endi King to‘satdan vafot etgan edi, 20-avgust, payshanba kuni esa qizi Chayya King olamdan o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Chayya o‘pka saratoni bilan kurashayotgan edi. Boshlovchining qizi uning uchinchi xotini Elin Eykins bilan ikkinchi marotaba turmush qurgandan so‘ng tug‘ilgan. O‘g‘li Endi ayoli Elinning sobiq turmush o‘rtog‘idan bo‘lib, Larri unga birinchi marta uylanganida asrab olgan edi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Hello
So‘nggi ikki yil Larri uchun mashaqqatlarga boy bo‘ldi. 2019-yil aprel oyida boshlovchi ikkinchi marta yurak xurujiga uchradi, natijaga ko‘ra, unga angioplastika tashxisi qo‘yildi. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishiga bir oy qolguncha Larri haftalab komada yotdi. 2019-yil may oyiga kelib u deyarli o‘limga olib keladigan insultga uchradi. Oradan uch oy o‘tib Larri 22 yil mobaynida birga yashagan xotini Shon bilan ajrashishga qaror qildi.
Foto: Hello
“Mart oyida menda yurak xuruji ro‘y berdi, u oyda nimalar bo‘lganini eslay olmayman, sababi komada edim. Juda qiyin yil bo‘lgandi. Hozir deyarli hammasi yaxshi, chap oyog‘imdan tashqari. Har kuni reabilitatsiya markaziga boraman, shifokorlarning aytishiga qaraganda, Yangi yilgacha o‘zim yurib ketaman. Hozircha hassaga suyanaman. Mashinamdan foydalanganim yo‘q, ammo ishga qaytdim, bu meni xursand qiladi”, — deydi Larri noyabr oyida bergan intervyusida.
Shuningdek, Larriga 2017-yil o‘pka saratoni kasalligi qo‘yilgan va undan bu o‘simtani olib tashlash bo‘yicha qilingan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan. Undan ham avvalroq Larrida ilk yurak xuruji 1987-yilda yuz bergan. 1999-yil prostata bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, Larri King o‘zining professional faoliyatini davom ettirmoqda. Uning “Larry King Now” mualliflik ko‘rsatuvi RT America va Hulu saytida namoyish etiladi.