Quyidagi aktyorlar filmlarda insonlar kayfiyatini ko‘taradigan komik rol ijro qilgan va muxlislar yodida shunday obrazda qolgan. Shunga qaramay, hayotida o‘ziga yarasha qiyinchilik bo‘lgan aktyorlarni dramatik ijrolarini tomosha qilib, ularning ochilmagan qirrasini kashf qilish mumkin — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Jona Xill (36 yosh)
Foto: Cosmopolitan
To‘ladan kelgani bilan ajralib turadigan aktyor, asosan, komik rollarni ijro qilgan. Jonaning vaznidagi ortiqcha kilolar karyerasiga xalaqit qilmagan, lekin salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar kuzatilgan. Shundan keyin aktyor ratsionini o‘zgartirgan va sport bilan shug‘ullana boshlagan va natijada 2017-yilda 30 kilogramm “tashlash”ga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin Jona dramatik rollarni ijro qila boshlagan. “Haqiqiy hikoya”, “Hammasini o‘zgartirgan inson” filmlaridagi roli shular jumlasidan. Gasa Van Sentaning “Xavotir olma, u uzoqqa ketmaydi” kartinasida Xill odamlarga spirtli ichimlikka qaramlikdan qutulishga yordam beradigan kuchli qahramonni jonlantirgan.
Jek Blek (50 yosh)
Foto: Cosmopolitan
“Rok maktabi”da quvnoq rol o‘ynagan, “Kung-fu panda” multfilmida pandaga ovoz bergan aktyor ismi quvnoqlikning sinonimiga o‘xshaydi. “Xavotir olma, u uzoqqa ketmaydi” filmida aktyor komik ijrosidan butkul uzoqlashmagan. Lekin film so‘ngidagi sahnalardan birida komik qahramonning dramatik tomonini kashf qilish mumkin bo‘ladi. 2016-yilda internetda aktyor o‘limi haqida tarqalgan yolg‘on axborot esa uning muxlislari uchun haqiqiy shok bo‘lgan. Aktyor hazilkash bo‘lishiga qaramay, o‘zining o‘limi haqidagi ma’lumot uni qanchalik yomon ahvolga solganini tasavvur qilish qiyin.
Robin Uilyams (1951-2014)
Foto: Cosmopolitan
Karyerasini stendapdan boshlagan komik aktyor “Popay” filmidagi rolidan keyin mashhurlikka erishgan. Ammo “Orzular qayerga yetaklar” va “Aqlli Uill Xanting” dramalari aktyorning jiddiy rollarni ham qoyillatishini isbotlagan. U 80-yillarda illyustrator Jon Kallaxanning memuarlarini sotib olgan va unda rol ijro qilishni istagan, lekin loyiha taqdim qilinmagan. Robin 2014-yilda hayotdan ko‘z yumgan. U bir necha yillar davomida depressiyada bo‘lgan va bu alkogolga qaramlikni keltirib chiqargan. Ko‘p ichish oqibati esa Parkinson kasalligiga olib kelgan.
Jim Kerri (58 yosh)
Foto: Cosmopolitan
“Niqob”, “Ahmoq va ahmoqroq”, “Kabelchi”, “Yolg‘onchi-yolg‘onchi” va boshqa bir qancha filmlardagi komik rollari bilan yaxshi tanish bo‘lgan Kerri arsenalida tushkunlikka tushgan ma’yus qahramonlar ijrosi ham bor. Qiyinchilikda kechgan bolalik, o‘qish bilan bog‘liq muammolar, onasining otasi ishsizligidan asabiy tushkunlikka tushganini ko‘rib ulg‘aygan Kerriga tanish his-tuyg‘u ruhiy holatni “Truman shousi”, “Oydagi odam” filmlaridagi ijroda his qilish mumkin. “Falokat keltiradigan raqam 23” psixologik trillerida esa u kitobdagi sujetni va o‘z hayotidan ajrata olmaydigan aqldan ozgan inson rolini o‘ynagan. 2015-yilda aktyorning sobiq sevgilisi Katriona Uayt o‘z joniga qasd qilgan va uning yonidan Kerri taxallusi yozilgan tabletkalar hamda o‘limidan avval aktyor bilan ayrilgani yozilgan video topilgan. Qizning oila a’zolari uning o‘limida Kerrini ayblagan, ushbu fojiadan aktyor qizning ularidan kam tushkunlikka tushmagan.
Ouen Uilson (51 yosh)
Foto: Cosmopolitan
“Ota-ona bilan tanishuv”, “Chaqirilmagan mehmon”, “Muzeydagi tun” filmlarida komik rol ijro qilgan aktyor “Mo‘jiza” filmida dramatik qahramonni gavdalantirgan. Ushbu filmda u yuzida jiddiy muammo bilan tug‘ilgan va 10 yil ichida 27 marta operatsiya qilingan bolaning otasi rolini ijro qilgan.
Bill Myurrey (69 yosh)
Foto: Cosmopolitan
“Arvoh ovlovchilar” komediyasidagi ijrosidan keyin tanilgan aktyor bugungi kunda rejissor Ues Andersonning eng sevimli aktyorlaridan biri. “Tarjima qiyinchiliklari” filmidan xulosa chiqarilsa, aktyor mashhurlikdan charchagan inson bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Mazkur ijro aktyorga “Oltin globus” mukofotiga egalik qilishi hamda “Oskar”ga nomzodi qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan.
Aleksey Smirnov
Foto: Cosmopolitan
Leonid Gaydayning “I operatsiyasi” filmidagi komik roli bilan yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Leonid Bikovning “Keksalargina jangga kiradi” filmida dramatik mahoratini namoyon qilgan. Ushbu filmda Smirnov rol ijro qilmagan, unda yashagan. Aktyorning farzandi bo‘lmagan, lekin doim bolali bo‘lishni orzu qilgan. 7 yil davomida Smirnov Vanya ismli nogiron bolakayni bolalar uyidan asrab olishga uringan, lekin ruxsat berilmagan. Spirtli ichimliklarga haddan tashqari qaram bo‘lib qolgan aktyor 59 yoshida yurak xurujidan vafot etgan.