“Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tizimida samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “Daryo”
Shu bois ham, tasarrufiga FHDYo sohasini qabul qilgan DXA, birinchi navbatda tizimda faoliyat yurituvchi xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish ishlarini boshladi. Sinovlar Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilib, tizimda yuqori tajribali kadrlar qolishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, endilikda FHDYo organlarida texnik xodim bo‘lib hisoblanuvchi arxivarius lavozimi tugatilib, boshqaruvchi hisoblanmish 1 va 2-toifali inspektor lavozimlari joriy etiladi. Ya’ni sohaga tegishli ma’lumotga ega, tashabbuskor, malakali kadrlar jalb qilinadi.
Shuningdek, FHDYo xodimlari mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari bo‘yicha agentlikning hududiy boshqarmalari bo‘limlari xodimlariga tenglashtiriladi. Bu bilan FHDYo xodimlari oylik ish haqlari o‘rta hisobda 3 baravarga oshishi, FHDYo organi mudirasi ish haqi 5 million so‘mga (1,5 million so‘m bo‘lgan), 1 va 2-toifali inspektorlar ish haqi 3,2-3,5 million so‘mga yetishi (1,2—1,3 million so‘m bo‘lgan) ko‘zda tutilmoqda.
Adolatni ta’minlash uchun FHDYo bo‘limlari va nikoh uylari mudirlari, inspektorlari hokimliklar tizimidagi ishlagan davri ko‘p yil ishlaganligi uchun ustamalar to‘lash hamda martaba darajalari olishga zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi.
Endilikda FHDYo organlarini tug‘ilish, o‘lim, nikoh va ajrim to‘g‘risidagi gerbli guvohnomalari bilan Davlat xizmatlari agentligining buyurtmalariga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’minlash tartibi joriy etilmoqda.
Ya’ni FHDYo va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalariga tegishli gerbli guvohnomalar yanada tezkorroq yetkaziladi.
“Endilikda nikohlanuvchilarga qo‘shfamiliyalikka ruxsat etiladi. Masalan, kuyov Ahmedov kelin Shuhratova bo‘lsa, shunda kuyov Ahmedov-Shuhratov, kelin esa Ahmedova-Shuhratova bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
“FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘ri va aktualligi doimiy ravishda tekshirib boriladi. Buning uchun FHDYo organlari xodimlari arxivdagi mavjud hujjatlarni elektron tizimga kiritilgan ma’lumotlar bilan solishtirish orqali nazorat qiladi.
Avvalroq O‘zbekistondagi barcha FHDYolarda 1-sentabridan boshlab tug‘ilish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi joriy etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.