Amerika va butun dunyo adabiyotida o‘z o‘rniga ega, asarlari bilan millionlab o‘quvchilarini topgan Ernest Xemingueyning mashhur asari “Chol va dengiz” 1952-yil 1-sentabrda ilk marta nashr qilingan edi. “Daryo” sana munosabati bilan asar haqidagi qiziqarli faktlar haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Yozuvchi haqida

Amerikalik mashhur yozuvchi Ernest Xeminguey 1899-yil Amerikaning Illinoys shtatida shifokorlar oilasida tug‘ilgan. 1954-yilda Nobel mukofoti laureati bo‘lgan. Birinchi jahon urushi qatnashchisi ekani asarlarida jang maydonlarining bemisl suratlarini aks ettirishida poydevor vazifasini bajardi. Dastlabki hikoyalar kitobi — “Bizning zamonda”, “Quyosh chiqadi”, “Alvido, qurol!” (1929) romanlarida ham urush sahnalari  yorqin ifodalangan edi.

Xeminguey asarlarida dastlabki jurnalistik kuzatuv o‘rnini tahliliy, qiyosiy mulohaza va mushohadalar egallaydi. U har qanday urushni qoralaydi, shu tufayli insoniyat aziyat chekayotganiga e’tibor qaratadi. Inson huquqlari yo‘lida, ozodlik kurashida yolg‘iz maydonga tushishning halokatli oqibatlarga olib kelishini oddiy kishilar obrazi orqali ifodalaydi. Asarlari orasida “Chol va dengiz” qissasi Xemingueyga katta shuhrat keltirdi. Yozuvchi asos solgan XX asrning o‘ziga xos bo‘lgan qatiy xolislikka asoslangan  uslubi keyinchalik Amerika yozuvchilari tomonidan yangi yo‘nalish sifatida qaraldi va qo‘llanildi.

“Chol va dengiz” asari haqida

Ernest Heminguey mashhur “Chol va dengiz” asarini 1952-yilda Bagama orollarida 51 yoshida yozgan edi. Kasallik yozuvchi hayotiga xavf solib turganda ham ushbu asari orqali betakror obrazlarni yaratdi. Asar ikki oy ichida davomida tugallangan edi. Qahramonlar oddiy obrazlar orqali tasvirlangan bo‘lsa ham, zamirida hayot haqiqatining chizgilar bor.

Demak, asar Xemingueyning umri oxirda yozilgan mashhur asari. Unda kubalik baliqchi, keksa Santyagoning hayoti haqida hikoya qilinadi. Shuni aytish kerakki, “Chol va dengiz” asarida, avvalo, inson hamisha suyanadigan ishonch tuyg‘usi va albatta, umid haqida so‘z boradi. Asar bosh qahramonida ham tajribasiga suyanib yashayotgan, ishonchini yo‘qotib qo‘ymaslikka harakat qilayotgan obrazni ko‘rishimiz mumkin.

Foto: Google Photos

Asar kitob ko‘rinishida 1952-yil sentabrda 50 ming nusxada nashrdan chiqdi. 1953-yil may oyida Xeminguey Pulitser mukofotiga, 1954-yilda esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shunday qilib roman yozuvchini dunyoga tanitdi.

Asarning syujetiga biroz to‘xtalsak. Santyago ismli chol Kubadagi kichik baliqchi qishlog‘ida yashaydi. Va baliqchilik bilan shug‘ullanardi. U 84 kundan buyon dengizda qolib ketgan, ammo biror o‘ljaga ega bo‘lmagandi. Manolin – chol bilan birga baliq ovlagan bola. Ota-onasi cholni omadsiz sanagani uchun unga boshqa qayiqqa chiqishni buyurgan edi. Ammo bola Santyagoni juda yaxshi ko‘rardi.

Xullas, bu gal chol omadiga ishonib dengizga yo‘l oladi. Dastlab, qahramonimiz  kichkina tunets balig‘ini ushlaydi. So‘ng esa juda katta baliq qarmoqqa ilinadi. Ulkan baliq qayiqni uzoqqa tortib keta boshlaydi. Chol uning yonida Manolin yo‘qligidan xafa bo‘ladi, bunday paytlarda bolaning yordami juda asqotardi. Shunday qilib, chol baliq bilan uzoq  “jang” qiladi. Umid va ishonch uni bir zumga bo‘lsa-da tark etmaydi. Santyagoga tashqi muvaffaqiyat yetishmasa ham, uning ishonch va umidi uni oldinga boshlayveradi.

Asarda adib inson va tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlikni, insoniyatning hamisha kurashuvchanligini ham tasvirlaydi. Qissa uning ana shu jihatlari yorqin ko‘zga tashlanadigan asarlaridan. Shunday kurash oldida borayotgan o‘quvchi beixtiyor asardagi muvaffaqiyatsizlikdan og‘rinmaydi, balki insonning oldinga bo‘lgan ishonchi uni ruhlantirib boraveradi.

Foto: Google Photos

Roman 1952-yil 1-sentabrda Life jurnalida nashr etilgan edi. Ikki kun ichida jurnal besh million nusxada sotilishga muvaffaq bo‘lgan. Qissa atoqli olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Quyida esa asardan keltirilgan iqtiboslar bilan tanishasiz.

  • Itoatkorlik ruhi qachondan boshlab o‘z qalbida qo‘nim topgani ustida bosh qotirib o‘tirmoqlik uchun chol benihoya soddadil edi. Ammo u o‘zining itoatgo‘y bo‘lib qolganini va bu itoatdan u o‘z nomusi, insonlik qadr-qimmatini yo‘qotmaganligini bilar edi…
  • Bir narsa ikki marta hech qachon qaytarilmaydi…
  • — Men uchun qarilikning o‘zi qo‘ng‘iroq soat. Chollar nega juda barvaqt turisharkan-a? Nahotki, buni qolgan umrlaridan bir kunini bo‘lsa ham cho‘zish niyatida qilishsa? — Bilmadim. Faqat shuni bilamanki, yoshlar qattiq va ko‘p uxlashadi…
  • Endi faqat bir narsa ustida bosh qotirish kerak. Gap mening nima uchun tug‘ilganim ustida boradi…
  • Garchi adolatdan bo‘lmasa-da, — fikran davom etdi u, — men odam bolasining nimalarga qodir ekanligi va nimalarga dosh berib, chidashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘yaman…
  • Ammo inson bolasi yengilib, yengilganiga rozi bo‘lib ketaverish uchun yaratilmagan, — dedi u. — Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi…
  • Umidsizlik — halokat, — deb o‘ylardi u. — Buning ustiga, fahmimcha, umidsizlik hatto — gunoh. Nima gunoh-u, nima gunoh emas, deb bosh qotirib o‘tirishning hojati yo‘q. Busiz ham dunyoda boshni qotiradigan narsalar to‘lib-toshib yotibdi. To‘g‘risini aytganda, men gunoh bo‘lgan narsalarni yaxshi tushunmayman…

Zulxumor Orifjonova tayyorladi.

От qwert.uz