Jahon tarixi bir-biridan qiziqarli voqealarga guvoh. Bu voqealarning qaysidir birlari boshqacharoq shakl-u shamoyilda bugun ham namoyon bo‘lyapti desak, mubolag‘a bo‘lmas. Soqol masalasi esa tarixda ham ancha-muncha bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan desak, ko‘pchilik ishonmasa kerak. Bugun “Daryo” ana shunday g‘ayrioddiy tarixiy hodisalardan biri haqda hikoya qiladi.
Qirol Genrix VIII 1535-yilda Angliyada soqol solig‘ini joriy qildi. Ushbu soliq soqol qo‘yuvchining ijtimoiy holatiga qarab belgilanar edi. Keyinchalik uning qizi Yelizaveta I ham ikki haftadan ko‘proq vaqt davomida o‘stirilgan har qanday soqolga solinadigan shunga o‘xshash soliqni joriy etdi (M. E. Sharpe, Challenge, v. 2, 1967) — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Google Photos
Fransiya zodagonlari va dindorlari orasida soqol qo‘yish an’anasining asoschisi qirol Fransisk I (1515–1547) edi. Hukumat ruhoniylarga soliq solgani sababli kambag‘al ruhoniylar soqol olishni afzal ko‘rgan. Tez orada soqolga solinadigan soliqqa qarshilar va tarafdorlar o‘rtasida nizolar kelib chiqishni boshlagan, bu esa mojaroga eng yuqori katolik ruhoniylarining aralashuviga olib kelgan. 1119-yilgi Tuluza sobori natijalarini qisqa soqol qo‘yish tarafdorlari foydasiga talqin qilish mumkin edi.
Xuddi shunday tarixiy hodisa Rossiya tarixida poshsho Pyotr I nomi bilan bog‘lanadi. Pyotr I hukmdorligi davrida amalga oshirilgan eng bahsli islohotlaridan biri 1698-yilda joriy qilingan soqolni majburiy oldirish siyosati edi. Ushbu yangilik soqolni muhim deb hisoblovchi qatlamning jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan. XVII–XVIII asrlar oralig‘ida Rossiyada deyarli hamma soqol qo‘ygan – oddiy dehqonlardan tortib, boy zodagonlargacha. Jamiyat orasida soqolga ham yuzning bezagi, ham erkaklik va pravoslav e’tiqodiga sodiqlik belgisi hisoblanardi.
Aholi uchun soqol oldirish dahshatli xo‘rlik, haqorat va zulmga teng edi. Biroq ayyor hukumat ataylab an’analarning eng ashaddiy tarafdorlari uchun yo‘l qoldiradi – istagan kishi davlat xazinasiga soliq to‘lasin va soqol qo‘yib yuraversin. Bu davrda Rossiyadan chet davlatlarda hech kim uzun soqol o‘stirib yurmas, aksincha, sivilizatsiyalashgan dunyoda uzun soqollar vahshiylikning bir namoyishi sifatida qabul qilinardi. Bulardan boxabar bo‘lgan Pyotr I esa o‘z hukmronligi ostidagilarning tashqi ko‘rinishlarini yevropaliklarnikiga yetkazish istagida edi.
Sir emaski, Pyotr I ning harakatlari ko‘pchilikni g‘azablantirgan. Ammo mamlakatda podshoga qarshi chiqishga jur’at eta oladigan “ahmoq” topilmagan. Sababi podsho o‘z xohish-irodasiga qarshi chiqqanlarni kechirmaydigan va qasoskor xislatlarga ega edi. Shunday qilib, chet eldan kelgan zahoti 1698-yil 29-avgustda, qirol yangi farmonni imzoladi va noxolis ko‘rinmaslik va psixologik ta’sir ko‘rsatish uchun qo‘liga qaychi olib, shaxsan o‘zi knyazlik oilalaridan bo‘lgan keksa boyarlarning soqollarini kesishni boshladi. “Ustara yig‘ilganlarning soqoli ustidan beparvolik bilan uchib o‘tdi”, deb esladi voqeani Avstriya elchisi seskanib.
Shu zaylda soqol politsiyasi podshoning buyrug‘i bilan ko‘chalarga chiqdi. Soqolli kishilarni ovlash boshlandi. Rossiyaning ilg‘or qatlam vakillari yosh hukmdor amalga oshirayotgan chora-tadbirlardan sarosimaga tushdi. O‘sha vaqtdagi e’tiqodlarga ko‘ra soqolsiz yurish gunoh deb hisoblanar, soqolsiz odam cherkov marhamatidan mahrum bo‘lar edi. Shuning uchun ba’zilar soqollaridan emas, hayotlaridan ajralishni afzal ko‘rdi.
Foto: Google Photos
Jamiyatda chaqmoq tezligida tarqayotgan norozilik kayfiyati Pyort I ni yangi choralar o‘ylab chiqishga majbur qildi va 5-sentabrda uning buyrug‘i bilan soqolga afsonaviy va tarixiy soliq o‘rnatildi. Bundan buyon boy fuqarolar chinakam bebaho bo‘laklarini – soqollarini sotib olishga qodir edi.
Turli sinf vakillari uchun stavkalar farq qilgan. Birinchi toifadan o‘rin olgan savdogarlarga og‘ir soliq yuklatilgan: ular yiliga 100 rubl miqdorida to‘lashi kerak edi. Reytingning keyingi o‘rinlaridan saroy nozirlari (60 rubl), murabbiylar va taksichilar (har biri 30 rubl) joy olgan. Farmon 1705-yilda qayta yangilandi va Yekaterina II hukmronligining o‘rtalariga qadar bir necha bor tasdiqlandi.
1715-yildan boshlab yiliga 50 rubl miqdorida bir xil boj to‘lash tartibi kuchga kirdi. Bu tartib faqat 1772-yilga kelibgina bekor qilindi. So‘nggi imperatorlar buyuk ajdodlarining ko‘rsatmalariga ahamiyat bermadi. Aleksandr II, Aleksandr III va Nikolay II taniqli soqolli rus hukmdorlari edi. Soqol solig‘ini to‘laganlarga soqol nishonlari berilardi ular har doim to‘lovchining yonida bo‘lishi va so‘ralganda ko‘rsatilishi shart edi.
Hayratlanarlisi, islohot tashabbuskorining o‘zi odatdagidek Yevropa uslubida mo‘ylov qo‘yib yurar va bu ham farmonga zid edi. Pyotr I tegishli soliqlarni to‘ladimi yoki yo‘qmi, tarix jim… Faqat ruhoniylar va dehqonlarga soqol qo‘yishga ruxsat berildi. Biroq dehqonlar uchun “erkinlik” faqat qishloqlarda ishlagan. Shaharga sayohat qilayotganida dehqon har bir kelishi uchun bir tiyin to‘lashga majbur edi.
Shu bilan birga, Rossiyada g‘arb kiyimlari tatbiq qilingan. 1700–1724-yillarda liboslarni o‘zgartirish to‘g‘risida 17 ta farmon chiqarilgan, ularning bajarilishi qat’iy nazorat qilingan. Eski tartibni sevuvchilar itoatsizlik uchun shahar darvozalarida jarimaga tortilgan. E’tiborlisi, Pyotr I davrida mamlakatda ilk marotaba manekenlar paydo bo‘lgan. Ulardan odamlarga Yevropa kiyimlari arzon, qulay va unchalik qo‘pol emas ekanini ko‘rsatish maqsadida foydalanilgan.
Foto: Google Photos
Pyotr I xudojo‘y, konservativ va jamiyatdagi har qanday yangilikka qarshi aholi orasida yangi tartiblarni joriy qilish uchun ko‘p harakatlarni amalga oshirishi kerak edi. Shunga qaramay, vaqt o‘tishi bilan soqol olish, shuningdek, lab bo‘yog‘i, parik va bosh kiyimlardan foydalanish ruslarning odatiga aylandi.
“Rossiya odamlarga to‘lib toshgan sartaroshxonaga aylandi, bu yerdagilardan biri soqolini o‘z xohishi bilan oldirsa, ikkinchisi bunga majburlandi”, deb yozgan edi Nikolay Gogol o‘sha davr haqida.
1705-yil 16-yanvardagi soqolga soliq solish to‘g‘risidagi farmonda to‘rt toifadagi boj belgilab berilgan edi:
1) saroy xodimlaridan, shahar zodagonlaridan, amaldorlardan yiliga 60 rubl;
2) birinchi darajali mehmonlardan yiliga 100 rubl;
3) o‘rta va kichik buyum savdogarlaridan, shuningdek, shahar aholisidan yiliga 60 rubl;
4) xizmatkorlardan, qo‘riqchilar va taksichilardan, cherkov xizmatchilaridan va Moskva aholisidan yiliga 30 rubl
Rossiya tarixida “soqollilarga qarshi kurash” davri alohida o‘rin tutadi. Ushbu maqoladan ko‘rinib turibdiki, soqol mavzusi asrlar osha ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Hatto hozir ham, hatto O‘zbekistonda ham bu masala ko‘tarilib turadi.
Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.