Ijtimoiy tarmoqlarda 2020-yilning yozi boshidan buyon xorijdan uchib kelgan fuqarolar telefonlarining IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimida muammolarga duch kelayotgani haqida xabar berilgandi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi boshqa shaxslarning pasport ma’lumotlari bilan telefonlarning IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazayotganlarga nisbatan tergov-surishitiruv olib borilayotganini, Davlat bojxona qo‘mitasi IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qilgandi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi IMEI kodlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirgandi.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan xabar berilishicha, ushbu muammoli masala yuzasidan bir qator choralar amalga oshirildi. Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasining 1108 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali mazkur masala yuzasidan fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R. bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra, qo‘shni davlatlarga o‘tib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirgan. Shundan so‘ng, ular pasportlar rasmlarini Telegram orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni UzIMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan.

Qayd etilishicha, birgina fuqaro M.B.ning telefoni ko‘zdan kechirilganda uning xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi aniqlangan. U pasport ma’lumotlarini yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 dollardan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141-2-moddasining 2-qismi “a” va “v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etilgan shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

От qwert.uz