Bugungi kunda Oq Uy atamasi butun jahonga mashhur. Hattoki dunyoning eng chet hududlarida ham kundalik hayotimizda tez-tez quloqqa chalinadigan yoki o‘qiladigan “Oq uydan kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra…, Oq uy xabarni rad etdi…, Oq uy yakuniy qarorni ma’lum qildi…” kabi iboralar tanish. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev xalqaro siyosatning va ta’sirning markaziga aylangan Amerikaning eng asosiy tarixiy ramzlaridan biri Oq uy bilan yaqindan tanishtiradi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Depositphotos
Oq uy AQSh prezidentlarining rasmiy qarorgohi bo‘lgan bino. Mazkur bino Kolumbiya okrugining Vashington shahridagi Pensilvaniya avenyu 1 600 ko‘chasida joylashgan qiziqarli afsonalarga boy bo‘lgan tarix bilan yana betakror. Oq uy ramzi amerika pul birligi – 20 dollarlik banknotada ham tasvirlanagan va AQShning go‘zal go‘shalari reytingida Nyu-Yorkdagi Empayr Steyt Bilding’dan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.
1776-yil mustaqillik uchun kurash nihoyasiga yetgach AQSh davlatchilariga davlat xizmatini tashkil qilish uchun muqim joy kerak edi. Odatda, poytaxt sifatida kongress to‘planib qaror qabul qiladigan aholi punkti tanlanar, shu sababli ham avvalida Baltimor, Lankaster, York, Nyu-York, Prinston, Trenton va Annapolis kabi shaharlar mamlakatning bosh shahri vazifasini bajardi. Filadelfiya shahri esa besh marta bosh shahar bo‘lish maqomiga erishdi. 1788-yildan boshlab esa kongress qaysi shtatdan bo‘lishidan qat’i nazar, poytaxt sifatida yangi shaharni tiklash borasida munozaralar ko‘tarila boshlandi.
1789-yilda saylangan AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington mavjud shaharlardan hech qaysi birini poytaxt deb e’lon qilmaslik taklifini berdi. Jorj Vashington nazarida federativ davlatda u yoki bu shtatning shahrini poytaxt qilish shtatga alohida maqom berishi va birinchilik uchun da’vo qilishi kabi mulohazalarni o‘rtaga chiqarishi mumkin edi. Shu sababli 16-iyul 1790-yil sanasida Kongress shaxsan Vashingtonga poytaxt tanlash topshirig‘ini beradi. Vashington tanlagan joy esa Merilend va Virginiya shtatlari orasida Potomak daryosi bo‘yida joylashgan edi. 1791-yilning 9-sentabr sanasida poytaxtga Vashington nomi berilishini Kongress ma’qullaydi Kongressga bo‘ysunadigan okrugni esa Kolumbiya deb nomlashadi.
Foto: The Library of Congress
Oq uy binosining qurilishi ham Jorj Vashingtonning g‘oyasi bilan yuzaga keladi. Kongress qaroridan so‘ng Jorj Vashington Potomak daryosidan 10 mildan uzoq bo‘lmagan joyni tanlaydi. Prezident qarorgohini qurish uchun tanlov e’lon qilinadi. Tanlovda hattoki prezidentning o‘z ham ismini yashirgan holda qatnashadi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, prezident qarorgohini qurish uchun kelib chiqishi irland bo‘lgan Dublinda tahsil olgan Jeyms Xoban g‘olib bo‘ladi. Xoban prezident qarorgohini Irlandiya parlamenti yig‘iladigan Leynster Haus uslubida taqdim etadi, biroq Jorj Vashington Xobanning eskiziga ham o‘zgartirish kiritish zarurligini aytadi. Shu tariqa 1792-yilning 13-oktabr sanasida Oq uyning fundamentiga birinchi g‘isht qo‘yiladi.
Oq uy qurilishida oq tanlilar bilan bir qatorda ijaraga olingan qora tanli qullar ham ishtirok etadi. Xorijdan taklif qilingan yevropalik ustalar toshlarni kesib, silliqlab gul yasashsa, italyan ustalari Oq uy ustunlarini bezash ishlarini olib boradi. Sakkiz yildan ko‘proq davom etgan Oq uyning qurilishi 1800-yilning 4-iyunida nihoyasiga yetadi. Taassufki, Oq uyning birinchi prezidenti bo‘lish Jorj Vashingtonga nasib etmaydi. Mamlakatni bir necha yildan beri ikkinchi prezident Jon Adams boshqarib kelar va muhtasham binoga rafiqasi Abigayl bilan ko‘chib o‘tgandi. Prezident Jefferson davrida Oq uyning sharqiy va g‘arbiy terrasalari bitkaziladi. Aynan Jefferson davrida Oq uyni tomosha qilishga kelganlarning uning darvozalarini ochib qo‘yish odati paydo bo‘ladi.
Oradan o‘n yil o‘tib 1812-yilda uch yil davom etgan Angliya-Amerika urushi boshlanadi. 1814-yilning yozida ingliz eskadrasi Potomak daryosiga kirib boradi. York uchun qasos olamiz deb poytaxtning mashhur binolari – Kapitoliy, Oq uy, G‘aznachilk uyini talon-taroj qilishadi va yoqib yuborishadi. Urushdan so‘ng Oq uyni ta’mirlash uchun yana Xobanni taklif qilishadi va Xoban o‘z “farzandi” – Oq uyni ta’mirlash ishlarini 1817-yilda prezident Heyms Monro qasamyodi kuni tugallab bitiradi.
Karter, Anvar Saodat va Begin.
Foto: Google Photos
1833-yilda Oq uyga suv quvuri tushiriladi va yuvinish xonasi qo‘shiladi. 1848-yilda esa gazli lampa o‘rnatiladi. Franklin Pirs prezidentligi davrida isitish tizimi tushiriladi. Ikkinchi qavatda ham yuvinish xonalari quriladi.
1901-yilda Oq uyga AQShning 26-prezidenti Teodor Ruzvelt ko‘chib kiradi. Teodor Ruzvelt davrida binoga g‘arbiy qanot va kichikroq bo‘lgan sharqiy qanot qo‘shiladi. Aynan Ruzvelt davrida bino rasmiy tarzda Oq uy deya nomlana boshlaydi va butun dunyoga taniladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uyga ishlatilgan ohak kulrang bo‘lib, 1814-yilgi yong‘indan so‘ng sarg‘aygan devorlarni oqlash ishlari olib borilgan. Yana bir ma’lumotda esa XIX asrning oxirlarida Oq uy degan nom tez-tez ishlatilgani, mahalliy aholi bino atrofdagi uylardan ranggi bilan ajralib turgani uchun ham binoni Oq uy deb atashgan deyiladi.
1909-yilda prezident Uilyam Taft Oq uyning g‘arbiy qanotini kengaytiradi va birinchi Oval kabinetni quradi. 1927-yilda prezident Kalvin Kulij davrida Oq uyning asosiy binosidagi omborxona turar joyga aylantiriladi. 1929-yilning dekabridagi yong‘in natijasida binoning havo quvurlari va kanalizatsiyasiga sezilarli ziyon yetadi. Omborda chiqqan yong‘inni sezib qolgan Oq uy xodimi yong‘in haqida prezidentni tezda xabardor qiladi va yong‘in o‘chiriladi. Biroq Rojdestvo bayrami sharafiga uyushtirilgan raqs sabab kelib chiqqan yong‘in binoning matbuot markaziga, prezidentning shaxsiy yozishmalariga jiddiy zarar yetkazib bo‘lgan edi.
Foto: commons.wikimedia.org
1942-yilda prezident Franklin Ruzvelt Ikkinchi jahon urushi ketayotgan bir vaziyatda Oq uyning sharqiy qanotini ta’mirlash ishlarini olib boradi. 1945-yilda prezident Garri Trumen Oq uyga ko‘chib o‘tgan davrda Oq uy shu darajaga borib yetgandiki, yurganda pollar g‘ichirlar, bino devorlari nurab borar edi. O‘zining 145 yillik tarixi davomida ikkita yong‘inni ko‘rgan bino shu darajaga borib yetgan ediki, binoda yashash xavf tug‘dirib borardi. 1948-yilning iyunida prezident Trumenning qizi Margaretga tegishli fortepiano oyog‘i polni teshib qo‘yadi va prezident binoning oldi ko‘rinishini saqlagan holda radikal ta’mirlash ishlari olib borilishi haqida buyruq beradi va Trumen o‘z oilasi bilan Oq uyni 22 oyga tark etishga majbur bo‘ladi.
Aynan shu davrdagi Oq uy ta’miri hozirgi kunda ham o‘z qiyofasini saqlab qolgan. Hozirda Oq uy hududi 7.2 gektar yerda yastanib yotadi. Oq uy 6 qavat bo‘lib, unda 132 xona, 35 ta vannaxona, 412 ta eshik, 147 ta deraza, 28 ta kamin pechi, 8 ta zina, 3 ta lift, tennis korti, golf maydoni, yugurish yo‘lakchasi, basseyn, bouling yo‘lkasi va kinoteatr mavjud.
Har to‘rt yilda AQSh kongressi Oq uyni yaxshi holatda saqlab turish uchun davlat budjetidan 100 ming dollar mablag‘ ajratadi. Oq uyning yuqori qismidagi ikki qavat birinchi xonim xizmatida bo‘lib, mamlakatning birinchi xonimlari mazkur qavatlarni o‘zlari istagancha bezashlari, devorlarini bo‘yatishlari, didlariga mos parda osishlari huquqiga ega. Mabodo prezident va birinchi xonim Oq uy mehmonxonasida biror narsani o‘zgartirishni istab qolsalar, ular albatta Oq uyni saqlash qo‘mitasi bilan maslahatlashishi joiz.
Reygan va Gorbachyov.
Foto: commons.wikimedia.org
Oq uyning davlat qavatlarini tamirlash uchun Oq uyning tarixiy uyushmasi mablag‘larida har o‘n yilda bir marta mablag‘ ajratiladi. Umuman olganda, Oq uyga kelgan har qanday prezident o‘z oilasi bilan o‘ziga xos o‘zgarish olib keladi. Kennedilar Oq uyda bog‘ barpo qilgan, Niksonlar oilasi bouling uchun yo‘lak qurdi, Karterlar davrida Oq uyga quyosh batareyalari o‘rnatildi, Obamalar davrida esa tennis kortida basketbol o‘ynash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Oq uyni bezatishda yoki o‘zgartirishda mamlakat birinchi xonimlarining o‘rni ham beqiyos. Greys Kulij qarorgoh landshaftini o‘zgartirish uchun Oq uydan uncha uzoq bo‘lmagan joyda liliya gullari o‘sadigan hovuz qurdiradi. 1909–1913-yillarda AQShning birinchi xonimi bo‘lgan Xelen Taft Oq uy bog‘ida 3 ming dona yapon olcha daraxti ekishning uddasidan chiqadi. Bu olchalar hozirga qadar prezident qarorgohiga o‘zgacha go‘zallik berib kelmoqda. Mishel Obama esa Oq uyning janubiy qismidagi dala maydonida o‘z qo‘llari bilan sabzavot yetishtirishni juda xushlar edi. Eleonora Ruzvelt ham bog‘da ishlab, turli xil gullar va sabzavotlar yetishtirishni juda xush ko‘rgan. Prezident Vudro Vilsonning ikkinchi xotini Edit Vilson esa Oq uyda chorva yetishtirishni ma’qul ko‘rib, uning bir qancha qo‘ylari ham bor edi.
Oq uyning xonalari
Sharqiy qanotdagi ikki etajlik xonada AQShning birinchi xonimi ofisi joy olgan. Uning xizmatida esa jamoat va shaxsiy bayramlarni o‘tkazishga yordam beradigan xodimlar: matbuot kotibi, dizayner florist, bosh kalligraf, bosh oshpaz va boshqa xodimlar ish olib boradi. Ularning barcha ishini Oq uyning ijtimoiy kotibiyati nazorat qiladi. Uning devorlariga esa AQSh prezidentlari va ularning birinchi xonimlari portretlari osib tashlangan. Oq uyning sharqiy qanoti yerosti qavatida yadro hujumidan himoyalanish paytida favqulodda operatsiyalarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xona mavjud.
G‘arbiy qanotdagi uch qavatli binoda esa Oq uyning siyosiy hayoti qaynaydi. Oval xona aynan shu qismda joylashgan. Prezident xonasi, vitse-president xonasi, Oq uyning kanselyariyasi rahbariyati aynan shu qismda ish yuritadi. Shuningdek, bu qismda matbuot anjumanlari uchun jurnalistlar xonasi hamda yerosti qavatida inqirozli paytlar uchun maxsus qurilgan xona mavjud bo‘lib, bu yerda maxfiy xizmat, oshxona, suzish havzasi joylashgan. Bu qism sayyohlar uchun yopiq.
Foto: commons.wikimedia.org
Yuqorida Oq uy olti qavatdan iborat dedik, shu qavatlardan ikkitasi yerosti qavatlar hisoblanadi. Birinchi qavatda asosan kirxona, oshxona va Oq uy xizmatchilarining harakatlanish xonalari joy olgan. XX asrning boshlarida xususan AQShning 33 prezidenti Garri Trumen davrida Oq uyning birinchi qavati markaziy qismi to‘liq rekonstruksiya qilingan. Birinchi qavatda 10 xona mavjud bo‘lib, bu qavat asosan Oq uyning sharqiy qismini g‘arbiy qism bilan bog‘lash uchun xizmat qiladi. Hozirda bu qavatda kutubxona, diplomatik korpus vakillarini qabul qilish xonasi, Xaritalar xonasi, Xitoy xona yoki Chinni xona, Tillo xona va boshqa xonalar joy olgan. Bundan tashqari, birinchi qavatda bouling xonasi, shifokor xonasi ham mavjud.
Diplomatic Reception Room – Diplomatik qabullar xonasida asosan xorij davlatlari diplomatlari o‘zlarining ishonch yorliqlarini topshiradigan marosim o‘tkaziladigan xonadir. Bu xona Federalizm ruhidagi mebellar bilan jihozlangan bo‘lib, xona gilamlarida 50 shtatning ramzlari aks ettirilgan. Xona devorlaridagi gul qog‘ozlar 1834-yilda Fransiyadan keltirilgan bo‘lib, ularda Niagara sharsharasi, Boston porti, Vest Poynt (AQSh harbiy akademiyasi binosi), Virjiniya tabiat mosti va Nyu-Yorkka kirishdagi dengiz yo‘lagi aks etgan. Aynan shu xonadan prezident Ruzveltning kamin oldidagi suhbatlari namoyish qilingan.
Map Room — Xaritalar xonasi oldin bilyardxona bo‘lgan. Prezident Franklin Ruzvelt bu xonadan harbiy amaliyotlar payti xaritalardan foydalanish xonasi sifatida foydalangan. Prezident Kennedi davrida mazkur xona ish ofisi xonasi sifatida xizmat qilgan bo‘lsa, hozirda bu xona prezident intervyu berishi uchun xizmat qiladi hamda prezident va birinchi xonimning Oq uy mehmonlari bilan uchrashuvlarida foydalaniladi. Aynan shu xonada 2010-yilning 18-fevralida prezident Barak Obama 14 Dalay Lama bilan muloqot qilgandi. Xonadagi ikki qizil yog‘ochdan yasalgan kreslo filadelfiyalik mashhur qizil yog‘och ustasi Tomas Afflekom mehnati mahsulidir.
Foto: Commons.wikemedia.org
China Room— Xitoy yoki Chinni xona bir vaqtlar omborxona, o‘t yoquvchi va garderobxona bo‘lib xizmat qilgan. 1917-yildan buyon bu xonada AQSh prezidentlari foydalangan chinni va oynali idishlar kolleksiyasi namoyishi o‘tkazib kelinadi. Bu xonada AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashingtonning sevimli chinni buyumlaridan to Bill Klintonning fil suyagidan yasalgan noyob idishlari kolleksiyasi, zargarlik buyumlari saqlab kelinadi. Buyumlarni to‘plash ishlarini XIX asrda AQShning 23-prezidenti rafiqasi Kerolayn Harrison boshlab bergani diqqatga molik.
1917-yilda esa Vudro Vilsonning rafiqasi Edit Vilson prezidentlar ishlatgan chinni buyumlarni namoyish qilish ishlariga bosh qosh bo‘lgan. Xonaning janubiy qismidagi devordagi portretda prezident Kalvin Kulijning rafiqasi Greys Kulij qiyofasi aks etgan bo‘lib, mazkur portret 1924-yilda rassom Govard Chandler Kristi tomonidan chizilgan. Shu boisdan xona fonlarida qizil ranglar ustunlik qiladi, sababi esa portretdagi qizil libosda tasvirlangan Greys Kulij tasviridir. Bu xona so‘nggi marta Richard Niksonning rafiqasi Pet Nikson davrida ta’mirlangan. Ko‘pincha Oq uyning birnchi xonimlari bu xonada tor doiradagi choy marosimini o‘tkazadi va xonalardagi chinni buyumlardan foydalanadi.
Vermeil Room — tilla suvi yuritilgan xona bir vaqtlar bilyard xona vazifasini o‘tagan. Keyinchalik mazkur xonadan tilla bilan ishlov berilgan 1956-yildan boshlab Oq uyga turli ehtiyojlar uchun olib kelingan buyumlar joy olgan. Bu xona, shuningdek, “Alvonrang xona” yoki “Birinchi xonimlar xonasi” deb ham ataladi. Sababi mazkur xonada bir nechta AQSh prezidentlarining rafiqalari portretlari ham joy olgan. Jaklin Kennedi Onassisning Aaron Shikler tomonidan chizilgan portreti ham shu xonada joylashgan.
Foto: Commons.wikemedia.org
White House Library – Kutubxona. 1935-yilgacha mazkur xonadan kirxona sifatida foydalanishgan. O‘zining bugungi qiyofasiga kirishida Kichik Jorj Bushning xizmatlari beqiyos. Xonada zangori ranglar ustunlik qilib, amerikalik mualliflarning tarixiy, ilmiy va badiiy adabiyot janridagi asarlari saqlanadi. Xonadagi XVII asrning oxiri va XIX asrning boshlaridagi mebellar va qandillar bir vaqtlar amerikalik yozuvchi Jeyms Fenimor Kuperning oilasiga tegishli bo‘lgan. Xonadagi devorlarda besh hindu sardorlarining prezident Jeyms Monro bilan uchrashgani kelgani aks etgan bo‘lib, mazkur portret Charlz Byord King mo‘yqalamiga mansub. Bu xonani ta’mirlashda 1817-yildagi yog‘ochlardan foydalanilgan.
“Davlat qavati” deb nomlanadigan ikkinchi qavatda asosan turli darajadagi rasmiy tadbirlar o‘tkazilishi urf. Bu rasmiy tadbirlar sirasiga qabullar, tushliklar, matbuot konferensiyalari kiradi. Bu qavatda sakkizta xona mavjud bo‘lib, ular Sharqiy zal, Zangori zal, Moviy zal, Qizil zal, oilaviy ovqatlanish xonasidir.
Blue Room – Moviy zal Oq uydagi eng benazir xonalardan biri hisoblanadi. Bu xonada AQSh prezidenti asosan mehmonlarni qabul qilish va kichik tushliklar uchun foydalanadi. Uning pastki qismida sariq oval xona va diplomatik qabullar xonasi joylashgan. Bu xonadagi mebel jihozlari 1814-yilgi yong‘indan so‘ng preident Jeyms Monro tomonidan jihozlangan. Jorj Vashington, Jon Adams, Jeyms Medison, va Jon Kuinsi portretlari va kamin ustiga Gannibal haykali ishlangan fransuz soatlari 1817-yilda sotib olingan.
1971-yilga kelib xonadan Tomas Jefferson, Jeyms Monro va Endryu Jekson portretlari ham joy olgan. Xona markazida esa fransuz imperiyasi davriga oid chiroqlar va qandil osilgan. Mazkur xonani moviy ko‘rinishi Martin van Byuren davrida paydo bo‘lgan. Jaklin Kennedi davrida Oq uyning mazkur xonasi o‘z ranglarini o‘zgartirgan. Xillari Klinton birinchi xonimligi paytida mazkur xona yana o‘zining avvalgi holiga qaytgan. Aynan shu xonada 1886-yilning 2-iyun sanasida AQSh tarixidagi eng birinchi prezidentlik to‘yi o‘tkazilgan– Grover Klivlend uylangan edi. An’anaga ko‘ra, aynan shu xonada Rojdestvo bayrami uchun maxsus archa ham o‘rnatiladi.
Foto: Commons.wikimedia.org
Red Room – Qizil xona. Jeyms Medisonning prezidentlik davrida uning qizi Dolli bu xonaga fortepiano joylashtiradi va bu xona Oq uyning musiqiy saloni sifatida ishlatila boshlanadi. Qizil xonadagi aksar mebel jihozlari va antikvariatlar Trumen, Kennedi va Nikson davrida xarid qilingan. 1775–1780-yillarga oid kamen soatlari prezident Trumenga Fransiya prezidenti Vensan Oriole tomonidan 1954-yilda sovg‘a qilingan. Eleanora Ruzvelt esa mazkur xonadan matbuot vakillari bilan uchrashish uchun foydalangan. Jaklin Kennedi esa mazkur xonadan turmush o‘rtog‘i Jon Kennedining ta’ziyasiga kelganlarni qabul qilgan. Hozirda mazkur xona musiqa saloni sifatida ishlatiladi.
Family Dining Room – Oilaviy oshxona. Oilaviy oshxona mehmonlar uchun qurilgan oshxona bilan tutashib ketadi. 1800-yillarda mazkur xona prezident oilasi bilan ovqatlanadigan xona sifatida ishlatilgan.
Green Room – Zangori xona. Mazkur xonadan uchrashuvlar va kichik qabullarni o‘tkazish uchun ishlatishadi. Qachonlardir bu xona Tomas Jeffersonning oshxonasi bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu xona mebel bilan jihozlangan kabinet. Xonadagi barcha mebel 1810-yilda Nyu-Yorkdagi mebelchi usta Dunkan Fayf tarafidan yasalgan. Xona devorlari zangor to‘lqinli ipak bilan bezatilgan. 2007-yilda AQShning birinchi xonimi Lora Bush mazkur xonaning interyerini yangilagan.
East Room – Sharqiy zal. Oq uydagi eng katta zaldir. Bu zal ham matbuot anjumanlari, qabullar, uchrashuvlar uchun xizmat qiladi. Bu xonada bir qator esda qolarli to‘y marosimlari ham bo‘lib o‘tgan. Prezident qizlari Nelli Grant, Elis Ruzvelt, Linda Byord Jonsonlarning to‘y marosimlari shu xonada o‘tkazilgan. Mazkur xonada, shuningdek, ko‘plab tarixiy shartnoma va voqealarga guvoh. 1973-yilning 21-iyun sanasida AQSh prezidenti Richard Nikson va Sovet Ittifoqi rahbari Leonid Brejnev atom energetikasidan tinch maqsadlarda foydalanish borasida ikki davlat rahbarlari bitim imzolagan; 1978-yilning 17-sentabrida esa prezident Karter va Misr rahbari Anvar Saodat hamda Isroil bosh vaziri Menamex Begin o‘rtasida Kemp Devid bitimi imzolanadi; 1987-yilning 8-dekabrida Ronald Reygan va Mixail Gorbachyovning o‘rta masofaga uchuvchi raketalar borasidagi bitim va 2011-yil 8-mayda dunyoning nomer birinchi terrorchisi deb nom olgan Usoma ben Lodenning o‘limi haqida Barak Obama ma’lumot beradi.
Foto: Commons.wikemedia.org
Yellow Oval Room – Sariq oval xona. Bu xona asosan xorij mamlakatlarining rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladigan joy. 1801-yilning 1-yanvar sanasida prezident Jon Adams o‘zining prezidentlikdagi ilk qabulini shu xonada o‘tkazgan. 1889-yilda esa bu xonada Oq uy tarixidagi birinchi Rojdestvo archasi o‘rnatilib bezatilgan. Franklin Ruzvelt aynan shu xonada o‘tirganida yaponlarning Pyorl Xarborga hujum qilganidan xabar topgan.
Va nihoyat so‘nggida Oval Office – Oval xona haqida bir ikki og‘iz so‘z. Oval xona AQSh prezidentlarining ish xonasi. Bu xona Oq uyning g‘arbiy qanotida joylashgan. Oval xonada uchta katta rom mavjud bo‘lib, romdan Kapitoliy binosi namoyon bo‘ladi. Oq uyda bir nechta oval xonalar mavjud bo‘lib, aynan shu xona o‘z shakliga monand. Mazkur xona 1909-yilda prezident Uilyam Taft davrida qurilgan va shu davrdan beri prezidentlarning ofisi bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Franklin Ruzvelt nogironlik aravachasiga o‘tirib qolganidan so‘ng, xona aravachada yurishga mos qilib ta’mirlangan.
Har bir prezident o‘z ish xonasini o‘zining didiga moslab bezab olishi odat tuziga kirgan. Oval xona tarixi mobaynida bu yerdagi ish stoli faqatgina olti marotaba o‘zgartirilgan. Hozirda ham mavjud bo‘lib, xizmat qilib kelayotgan ish stoli “Rezolyut” hisoblanadi. “Rezolyut” 1853-yilda Arktikada qoldirib ketilgan harbiy dengiz kemasidan tayyorlangan. Keyinroq amerikaliklarga tegishli kit ovlovchi kema mazkur harbiylar kemasini topib oladi va Nyu-Yorkka ta’mirlash uchun olib kelishadi. So‘ng kema Buyuk Britaniyaga qaytarib beriladi va 1879-yilda inglizlar kemani bo‘laklab tashlaydi. Britaniya qirolichasi Viktoriya mazkur kema yog‘ochlaridan uch dona stol yasattiradi va birini “Rezolyut”ni Buyuk Britaniyaga qaytargani uchun AQSh hukumatiga sovg‘a qiladi.
Kerolin va Kerri Kennedi «Rezolyut» stoli tagiga kirib olgan, 1963 yil.
Foto: commons.wikimedia.org
XVIII asrda dunyoga kelgan va XIX asrda oyoqqa turib olgan qariyb uch yuz yillik tarixga ega mamlakatning rahbarlari qarorgohi aynan bir maqsad uchun – barqarorlik uchun xizmat qilish umidida qurilgandek. Oq uy AQSh prezidentlariga mamlakatning ikkinchi prezidenti bo‘lgan Jon Adamsning nasihatlarini eslatib turadi. Nasihat Oq uyning mehmonlar uchun oshxonasi devorlari peshtoqiga ilib qo‘yilgan bo‘lib, yozuvda quyidagi so‘zlarni o‘qish mumkin: “Men bu uyning kelajakdagi egalari haqiqatparvarlik va donishmandlik bilan shu uy tomi ostida mamlakatni boshqarishlarini so‘rab duo qilaman”.
Bu bino bugunda tarixning alg‘ovli va shonli davrlari to‘fonidan o‘tib, butun amerikaliklarga barqarorlik va tinchlikni eslatuvchi o‘ziga xos ramzga aylangani ham bejiz emas.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.