Tog‘li Qorabog‘da 27-sentabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida harbiy nizo qaytadan boshlandi. Nizoni kim keltirib chiqargani hozircha aniq emas. Har ikki tomon ham bir-birini ig‘vogarona xatti-harakatlar va vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda, deb yozmoqda Meduza  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Armanistonda umummilliy safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng Ozarbayjonga qarshi urush uchun Yerevan ko‘chalarida to‘plana boshlagan ko‘ngillilar, 2020-yil 27-sentabr.

Foto: Meduza

Yakshanba kuni tongda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi vakillari poytaxt Stepanakert va boshqa aholi punktlari Ozarbayjon tarafdan “Grad” yalpi o‘t ochish tizimi orqali ommaviy tarzda o‘qqa tutilgani haqida bayonot berdi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ tomon yurish boshlaganini ma’lum qildi.

O‘z navbatida Ozarbayjon Mudofaa vazirligi frontbo‘yi hududida joylashgan qishloqlar va Ozarbayjon armiyasi marralarini o‘qqa tutish orqali Armaniston qurolli kuchlari “keng miqyosli provokatsiyani amalga oshirgani”ni bildirdi. Shu munosabat bilan rasmiy Boku qarshi hujum operatsiyalarini o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan. Jangovar harakatlarga raketa-artilleriya qo‘shinlari va aviatsiya qo‘llovidagi tank bo‘linmalari jalb etilgan.

Armaniston Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashuvi ortidan butun mamlakatda harbiy holat va umummilliy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi prezidenti Araik Arutyunyan ham xuddi shunday choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Ozarbayjon esa umummilliy safarbarlikka hojat yo‘qligi, mamlakat armiyasi to‘liq shay holatda ekanini bildirdi. Shunga qaramay, mamlakat parlamenti bir qator shahar va tumanlarda harbiy holat joriy etish haqida qaror chiqargan.

Xarita: Al Jazeera

Ozarbayjon tomoni Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar davomida arman harbiylarining mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, yettita qishloq ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qildi. Armaniston Mudofaa vazirligi ushbu ma’lumotlarni axborot provokatsiyasi deb atadi. Rasmiy Stepanakert chegaradagi vaziyat nazorat ostida ekani, mudofaa chizig‘i yorib o‘tilgani haqidagi bayonotlar esa yolg‘on ekanini ta’kidlamoqda. Rasmiy Yerevan ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar davomida Ozarbayjon to‘rtta vertolyot, 15 ta dron, 10 ta tank va piyodalarning jangovar mashinasi (BMP) yo‘qotgan. Boku bu ma’lumotlarni tasdiqlamayapti.

Qorabog‘dagi Ozarbayjon harbiy texnikasining o‘qqa tutilishi (video Armaniston Mudofaa vazirligi tomonidan tarqatilgan):

Qorabog‘dagi Armaniston harbiy texnikasining o‘qqa tutilishi (video Ozarbayjon Mudofaa vazirligi tomonidan tarqatilgan):

Har ikkala tomon ham o‘qqa tutishlar va harbiy harakatlar oqibatida qurbonlar va yaralanganlar borligini ma’lum qildi, ularning soni aniqlanmoqda. Armaniston Mudofaa vazirligining qayd etishicha, chegaradagi aholi punktlaridan tashqari, Armaniston shimoli-sharqidagi Vardenis shahri ham o‘qqa tutilgan. Tog‘li Qorabog‘ vakillarining ma’lum qilishicha, yakshanba kuni kamida 10 harbiy xizmatchi va ikki nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, yana o‘nlab odamlar yaralangan. Boku esa armanlarning o‘qqa tutishlari oqibatida 14 kishi yaralanganini bildirdi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida Qorabog‘dagi operatsiya davomida “dushmanning jonli kuchi va harbiy texnikasiga katta zarar yetkazilgani”ni aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armanistonning harbiy provokatsiyasi oldindan rejalashtirilgan va Yerevan bunga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rgan. Aliyev qarshi hujum operatsiyasi “Ozarbayjon yerlari okkupatsiyasiga, va nihoyat, barham berishi”ga ishonch bildirdi.

Ko‘plab xorijiy mamlakatlarning vakillari Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish tashabbusi bilan chiqish qilishga ulgurdi. Xususan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 27-sentabrning o‘zida armanistonlik va ozarbayjonlik hamkasblari bilan telefon orqali bog‘lanib, nizolashuvchi tomonlarni “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun muzokaralar stoliga o‘tirish”ga chaqirgan; NATO va Eron ham shunday chaqiriq bilan chiqqan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Tog‘li Qorabog‘ nizosida Ozarbayjon tarafda bo‘lishga va’da berdi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa xalqaro hamjamiyatdan Turkiyaning ushbu nizoga aralashuvining oldini olishga chaqirdi.

Ozarbayjon va Armaniston chegarasidagi odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan bundan avvalgi jiddiy otishmalar iyul oyida yuz bergan edi. Shundan so‘ng ozarbayjonliklar va armanlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ushbu ikki mamlakatdan tashqarida, xususan, Moskvada qayd etilgan edi.

От qwert.uz