1941-yil 29 va 30-sentabrda, ya’ni ikki kun ichida Kiyevning shimoli-g‘arbidagi Babiy Yar jarligida nemis fashistlari tomonidan 33 771 kishi otib tashlangan edi. “Daryo” tinch aholining Ikkinchi jahon urushi paytidagi eng katta ommaviy qirg‘inlaridan biri tarixi haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Insoniyat tarixidagi eng katta ommaviy qirg‘in harakatlaridan biri

Babiy Yar jarligida qatl qilinganlar orasida yahudiylar, sovet harbiy asirlari, lo‘lilar, ruhiy kasalxonalarning bemorlari va partizan kommunistlar bor edi. Ammo ularning juda ko‘p qismi, aniqrog‘i, 30 ming kishi yahudiylardan iborat edi. Babiy Yar jarligidagi qirg‘in insoniyat tarixidagi eng katta ommaviy qirg‘in harakatlaridan biriga aylandi.

Yahudiy ovi

Urushgacha Kiyevda 50 mingga yaqin yahudiy yashagan edi. SSSR hududida harbiy harakatlar boshlanishi bilan ko‘pchilik sharqqa, mamlakatning ichki qismiga qochdi, boshqalari frontga ketdi, shaharda qolganlarning aksariyati esa o‘ldirildi. Nemislar Kiyevni egallashi bilanoq yahudiylarni ov qilish boshlandi. Ularni ko‘chalarda, hovlilarda ushlab, kaltaklashdi. Sentabr oyining oxirida shahar bo‘ylab e’lonlar joylashtirildi. E’lonlarga ko‘ra, 29-sentabr kuni barcha yahudiylar Melnikovaya va Dokterivskaya ko‘chalarining burchagiga yig‘ilishi, o‘zlari bilan hujjatlari, qimmatbaho buyumlari va issiq kiyimlar olib kelishi kerak edi. Bo‘ysunmaganlar darhol otib tashlanishi ta’kidlangandi.

Nima uchun Babiy Yar?

Nemis qo‘mondonligi tomonidan ommaviy qotillik uchun aynan Babiy Yarning tanlanishiga keladigan bo‘lsak, u yerda tabiiy ariqlar va jarliklar mavjud edi. Bu esa jallodlar uchun ishni osonlashtirdi, minglab jasadlar uchun qabr qazishlariga hojat qolmadi va jasadlarni oson ko‘mib yuborish mumkin deb reja qilindi. Bundan tashqari, bu joy shahar markazidan yetarlicha uzoqlikda edi: qiziquvchan ko‘zlardan panada  va shaharga bu yerdan hech qanday o‘q ovozlari eshitilmasdi.

Foto: Google Photos

O‘lim korxonasi

Bu shunchaki otib o‘ldirish emasdi. Bu o‘lim konveyer lentasi edi. Bir necha soat davomida dahshat bilan baqirayotgan odamlar boshlarining orqa qismiga ketma-ket o‘q uzildi. Faqat birinchi kunning o‘zidayoq 20 mingdan ortiq odam otib o‘ldirildi. Bu “o‘lim korxonasi”dagi ishlar bir nechta guruhlar tomonidan nemischa tartib-intizom bilan bajarilardi. Bunda bir guruh nemislar qatlni ijro etish uchun mas’ul bo‘lsa, ikkinchi guruh jasadlarni taxlash uchun, uchinchi guruh qimmatbaho buyumlarni saralash uchun, to‘rtinchisi esa o‘z “navbati”ni kutayotganlarni qo‘riqlash uchun javobgar edi. Bu guruhlarning umumiy nomi “aynzats gruppa” deb atalardi.

Dahshatli Einsatzgruppen der Sicherheitspolizei

Fashist Germaniyasi qurolli kuchlari tarkibidagi “aynzats gruppa”lar aynan o‘lim guruhlari sifatida yaratildi. Bosib olingan o‘lkalarda Vermaxtga hamrohlik qilgan ushbu bo‘linmalar hududlarni “keraksiz elementlardan tozalash”da ishlatilardi. Amerikalik tarixchi Timoti Snayderning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy qatlni tashkil qilish va amalga oshirishda nafaqat SD xavfsizlik xizmati va SS vakillarini, balki oddiy nemis politsiyachilari, shuningdek, fuqaroviy idora vakillari, Vermaxtning ofitserlari va oddiy askarlari ham ishtirok etganini anglash juda muhimdir.

Mahalliy kollaboratsionistlar (nemislar tomonga o‘tgan aholi vakillari) ham nemislarni faol qo‘llab-quvvatladi. Ukrainalik millatchilar ham bu dahshatli fojialarda bevosita ishtirok etdi. Urushdan keyin bo‘lib o‘tgan Nyurnberg sudidan keyin xalq tilida “kichik Nyurnberg sudlari” deb nomlangan bir qator sudlar bo‘lib o‘tdi. Ular “aynzats gruppa”larning faoliyatini alohida tekshirishga bag‘ishlandi. Ba’zi qurolli bo‘linma rahbarlari harbiy jinoyatchilar sifatida sud qilindi.

Foto: Google Photos

Nyurnbergdagi sudda aybdor deb topilgan Kurt Verner 1941-yildagi Babiy Yar qirg‘ini haqida gapira turib, bu ishlarni amalga oshirish vaqtida nemis ofitserlari juda katta psixologik muammolarga uchraganlari haqida “shikoyat” qildi. Balki fashistlar ushbu jallodlarining nozik asablarini saqlab qolish uchun odamlarni ommaviy qirg‘in qilishning oddiyroq va samaraliroq usullarini qidirgandir, shuning uchun ham Osventsimda asfiksiya qiluvchi kimyoviy gazlar bilan tajribalar o‘tkazilgandir.

Tarixchi Timoti Snayder ta’kidlaganidek, Babiy Yar Uchinchi reyx rahbariyati uchun nemislarning nimalarga qodir ekanini namoyish etishning o‘ziga xos usuli bo‘ldi: ular ikki kun ichida Yevropaning yirik shaharlaridan biridagi yahudiy aholini deyarli butunlay qirib yuborishga muvaffaq bo‘ldi. Aslida, nemislar tomonidan yahudiylarning yo‘q qilinishi Osventsimning gaz kameralarida boshlanmagandi. Fashistlar tomoniddan 1942-yilda bo‘lib o‘tgan Vanzey konferensiyasida yahudiylar masalasini uzil-kesil hal qilish yo‘llari muhokama qilinayotgan paytda nemislar kamida yarim millionga yaqin yahudiyni qirib tashlashga ulgurgan edi.

Babi Yardagi qirg‘inlar 30-sentabrdan keyin ham davom ettirildi. Qirg‘inlar endi unchalik katta masshtabda bo‘lmasa-da, doimiy ravishda – Qizil Armiya shaharni ozod qilguniga qadar amalga oshirildi. Babi Yardan keyin boshqa katta shaharlarda ham yahudiylarning qatliomlari davom etdi. Biroq keyinchalik bu fojialarning barchasi kontsentratsion lagerlarda sodir bo‘lgan dahshatlar fonida nohaq unutildi. Masalan, Odessa va Rigada sodir etilgan qatliomlar, ammo bular endi umuman boshqa hikoyalar…

Nurbek Alimov tayyorladi.

От qwert.uz