“Daryo” tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Erkin Rajabovning qatag‘ondan omon chiqib, fojia bilan tugash ehtimoli katta bo‘lgan qismatini shonli taqdir egasiga aylantira olgan o‘zbek harbiylaridan biri general Sobir Rahimov haqidagi maqolasini havola etadi.
Sobir Rahimov.
Foto: Wikipedia
Qaysi tarixiy davr bo‘lmasin, harbiylar har qanday davlatning o‘zak tayanchlaridan biri sanalgan. Rossiya imperiyasida hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tgandan keyin yuzaga kelgan voqelikda O‘zbekistonda Mirkomil Mirsharopov, Yunus Narimonov, Burhon Hamroqulov, Komiljon Tolipov, Sobirjon Oxunov kabi milliy harbiy yetakchilar yetishib chiqqani yaxshi ma’lum.
Ammo Turkistonda sovet hokimiyatini mustahkamlash ishida g‘ayrat ko‘rsatib, butun hayoti va faoliyatini kommunizm, sotsializm g‘oyalariga bag‘ishlagan bo‘lishlariga qaramay, ularning ko‘pchiligi 1937—1938-yillardagi “katta qirg‘in”dan qochib qutulolmagan. Oyoqqa turib olishi, mustahkamlanishida o‘zlari jonbozlik ko‘rsatgan rejim ularni ayab o‘tirmagan.
Sobir Rahimov shaxsi va faoliyati bugungi kungacha M.Malenkovskaya, I.Fedyuninskiy, L.I.Batov, B.Jabarov, L.U.Yusupov, H.Sodiqov tomonidan ilmiy o‘rganilgan. Sovet davrida yaratilgan barcha adabiyotlar hamda tadqiqotlarda Sobir Rahimov o‘zbek millatiga mansub ekani ta’kidlangan bo‘lsa-da, ammo so‘nggi yillarda MDH tarixchilari, xususan, qozoq tarixchilari tadqiqotlari, ayniqsa, Qozog‘iston elektron axborot makonida qo‘mondonning qozoq millatiga mansubligi haqida ilmiy asoslanmagan, noto‘g‘ri ma’lumotlar berilmoqda.
Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasining Podolsk shahrida joylashgan Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivi (TsA MO RF), Moskva shahrida joylashgan Rossiya Davlat harbiy arxivi (RGVA) hamda Rossiya ijtimoiy-siyosiy tarix arxivi (RGASPI)da saqlanayotgan hujjatli ma’lumotlar Sobir Rahimovning shaxsi va harbiy faoliyati to‘g‘risida aniq tasavvur yaratishga xizmat qiladi.
Sobir Rahimovning Rossiya Davlat harbiy arxivida saqlanayotgan harbiy xizmat guvohnomasi va uning anketa ma’lumotlariga ko‘ra, u 1902-yil 1-yanvarda (ba’zi adabiyotlar va elektron nashrlarda 12, 25-yanvar deb beriladi) Toshkent shahar Kirov tumani Vodopadnaya ko‘chasi — Toshkentning Eski shahar qismidagi “Taxtapul” mahallasida tegirmon ishchisi oilasida tug‘ilgan. 1910—1915-yilgacha Toshkentning eski shahar qismidagi maktabda o‘qigan Sobir 15 yoshida otasidan yetim qoladi va oilasiga yordam berish maqsadida ishga kiradi.
Foto: Wikipedia
U 1920-yildan 1922-yilgacha Toshkent to‘qimachilik ustaxonasida ishchi bo‘lib ishlaydi. Kelasi yili O‘zbek maorif institutining tayyorlov kursiga tinglovchi sifatida kirgan. Shu orada uning qarashlarida keskin o‘zgarish bo‘lgan ko‘rinadi. Chunki 1922-yil avgustda Sobir Rahimov Boku shahridagi Birlashgan otliq maktabida o‘qishni boshlaganini bilamiz. Harbiy ta’lim jarayonidagi yutuqlari, chavandozlik mahorati uchun M.V.Frunze qo‘lidan esdalik sovg‘a — bronzadan quyilgan ot haykalchasini olishga muvaffaq bo‘ladi.
Bokudagi harbiy maktabni 1925-yil 7-avgustda tamomlagan Sobir Rahimov Samarqanddagi 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasiga qabul qilinadi. 1925—1927-yillarda u alohida o‘zbek otliq divizionida vzvod qo‘mondoni, 1927—1930-yillarda esa 6-o‘zbek otliq brigadasi 1-o‘zbek otliq polki vzvod qo‘mondoni vazifasini bajaradi.
Sobir Rahimov sovet hokimiyati yillarida yetishib chiqqan ko‘plab o‘zbek harbiy kadrlari kabi kasbi hamda vaziyat taqozosi bilan Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni bostirishda qatnashishga majbur bo‘lgan. Vzvod qo‘mondoni sifatida Junaidxon, Ibrohimbek kabi qo‘rboshi guruhlarini tugatishga qaratilgan harbiy amaliyotlarda qatnashgani ma’lum.
Sobir Rahimov harbiy bilim va ko‘nikmasini yanada oshirish maqsadida 1930-yili Moskva shahridagi K.E.Voroshilov nomidagi harbiy akademiyada qo‘mondonlik tarkibi malakasini oshirish kursini tamomlaydi. Yurtiga qaytgach, 1930-yildan 1933-yilgacha 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 41-tog‘-otliq polki o‘qchi eskadronining qo‘mondoni, 1933—1934-yillarda 41-tog‘-otliq polki shtabi boshlig‘i yordamchisi, 1934—1937-yillarda esa 41-tog‘-otliq polki maktabi rahbari vaziflarida faoliyat yuritadi.
Turkiston harbiy okrugi harbiy qismlaridagi faoliyati davomida qo‘mondonlik malakasini oshirgani Sobir Rahimovga O‘zbekiston SSRdagi eng katta va mashhur harbiy tuzilma hisoblangan 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasida o‘zbek milliy harbiy kadrlarni tayyorlash jarayonida juda qo‘l kelgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘z davrida Sobir Rahimov vzvodi jangovar tayyorgarlik hamda harbiy intizom bo‘yicha 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi 42-tog‘-otliq polkining eng yaxshi harbiy bo‘linmalaridan biri sanalgan.
Foto: Wikipedia
U hamisha qo‘l ostidagi har bir askar bilan yakka tartibda suhbatlashib turgani, o‘zi va jangchilarga nisbatan talabchan bo‘lgani hujjatlarda o‘z aksini topgan. Teskari holda, XX asrning 30-yillarida Sobir Rahimov kabi bir qator o‘zbek milliy harbiy kadrlarining ustozi hisoblangan Mirkomil Mirsharopov unga “…irodali, pishiq qo‘mondon, polk maktablaridan birining boshlig‘i. Diviziyada uning maktabi birinchi o‘rinda turadi”, deya bejizga tavsif bermagan edi.
Sobir Rahimovning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jangovar qahramonliklari to‘g‘risida bugungi kunga qadar ko‘plab tarixiy, badiiy asarlar, kinofilmlar yaratildi, tadqiqotlar amalga oshirildi. Ammo Sobir Rahimovning 1937—1938-yillardagi qatag‘onda 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasida faoliyat ko‘rsatgan quroldosh do‘stlari bilan ma’lum muddat Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan qamoqqa olinib, so‘roq ostida bo‘lganligi tadqiqotlarda yoritilmagan.
1937-yili boshlangan “katta qirg‘in” 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasi va uning tuzilmalarida faoliyat ko‘rsatgan o‘zbek milliy harbiy kadrlarini ham chetlab o‘tmadi. 1937-yil 28-oktabrda diviziya qo‘mondoni Mirkomil Mirsharopov Ichki ishlar xalq komissarligining Azov-Qora dengiz o‘lkasi boshqarmasi tomonidan qamoqqa olinib, Toshkentga yuboriladi. Ushbu voqeadan so‘ng komissarlik tomonidan o‘zbek tog‘-otliq diviziyasida “siyosiy tozalash” jarayoni boshlanib, diviziyaning ofitserlik tarkibidagi ko‘plab harbiy mutaxassislar qamoqqa olinadi.
Arxiv hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Sobir Rahimov bilan birgalikda 32 nafar harbiy mutaxassis 1937-yili (oyi ko‘rsatilmagan — R.E) qamoqqa olinadi hamda O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 57-2, 63, 64 va 67-moddalari bo‘yicha aybdor deb topiladi, Ishchi-dehqon qizil qo‘shini safidan chetlatiladi. Tergov jarayoni 1938-yilning boshida tugatilib, 1938-yilning may oyida O‘rta Osiyo harbiy okrugi Harbiy tribunali tomonidan ayblov hukmi e’lon qilinadi. Qamoqqa olingan 33 nafar o‘zbek harbiyi quyidagi “jinoyat”larni sodir etganlikda ayblanadilar:
- artilleriya qismlarini yo‘q qilish;
- siyosiy buzg‘unchilik;
- harbiy aslahalar, otlarni atayin yaroqsiz holga keltirish;
- jangovar mashinalarni qasddan ishdan chiqarmoq;
- artilleriya ombori va snaryadlarni portlatishga tayyorgarlik ko‘rish;
- polk otlariga qasddan shikast yetkazish va yo‘q qilish.
Foto: Wikipedia
Aslida ham shunday bo‘lganmidi? 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasida xizmat qilgan Dadajon Jumayevning ko‘rsatmalariga ko‘ra, u o‘quv mashqi jarayonida boshqaruvni yo‘qotib daraxtga borib uriladi. Ammo xizmat mashinasiga ham, mashina boshqaruvida bo‘lgan Dadajon Jumayevga ham hech qanday zarar yetmaydi. Ammo keyinchalik mazkur voqea O‘rta Osiyo Harbiy okrugi Ichki ishlar xalq komissarligi maxsus bo‘limi rahbari A.I.Mishkovskiy, uning qo‘l ostidagi A.Ya.Karpachevskiy, A.S.Vasilyev kabi xodimlar tomonidan soxtalashtirilgani, Sobir Rahimov va uning 32 hamkasbi nohaq qamoqqa olingani ma’lum bo‘ladi.
Aslida Sobir Rahimov va uning hamkasblariga O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 57-2, 63, 64 va 67-moddalari bo‘yicha nohaq qo‘yilgan ayblovlar 1937—1938-yillar uchun juda jiddiy ayblov sanalar, mazkur modda bilan ayblangan shaxs oliy jazoga hukm etilar yoki uzoq muddat mehnat tuzatish lageriga surgun qilinar edi.
Ikkinchi jahon urushi bo‘lg‘usi qahramonining qatag‘on tegirmonidan chiqib ketishining asosiy sabablaridan biri qamoqqa olingan 33 nafar harbiy mutaxassisdan bittasi Sobir Rahimov bosh bo‘lgan 42-otliq polkidan bo‘lib, bu boshqa harbiy qismlarga nisbatan juda kichik ko‘rsatkich edi. Ikkinchidan, mazkur jarayonda asosiy e’tibor 19-o‘zbek tog‘-otliq diviziyasining artilleriya divizioni hamda diviziyaning yetakchi rahbarlariga qaratilganligi sababli Sobir Rahimov va boshqa diviziya harbiylari 1938-yilda ozod etildi.
Ikkinchi jahon urushining boshlanishi Sobir Rahimovning sovet armiyasiga qayta tiklanishi va ko‘plab o‘zbek jangchilari kabi harbiy mutaxassis sifatida o‘zini ko‘rsatishi uchun katta imkoniyat tug‘diradi. Sobir Rahimov polk qo‘mondoni o‘rinbosari vazifasidan diviziya qo‘mondoni darajasigacha bo‘lgan mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan. U g‘arbiy maxsus okrugga yuborilib, 104-tank diviziyasi 104-motorlashgan polk qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. Qo‘mondon o‘rinbosari sifatida ilk jangni Elnya atrofida o‘tkazadi. U 1941-yildan boshlab o‘qchi polkiga qo‘mondon sifatida mustaqil harakatlana boshlaydi. 1941-yili Jeleznovodsk shahrida bo‘lgan janglardan birida yaralanib, ko‘chma harbiy kasalxonaga yuboriladi.
Foto: Wikipedia
Tuzalib chiqqach, Sobir Rahimov 1941-yil 20-oktabrdan Janubiy frontdagi 353-o‘qchi diviziyasi 1149-o‘qchi polkining qo‘mondoni, 1942-yil 1-maydan esa 353-o‘qchi diviziyasi qo‘mondonining o‘rinbosari vazifalarida ishlaydi. Harbiy harakatlardagi jangovarligi uchun 1942-yil 1-avgustidan Shimoliy Kavkaz fronti 395-Shaxtyor diviziyasi qo‘mondoni etib tayinlanadi. Shimoliy Kavkaz frontidagi uch oylik jangovar harakatlar davomida Sobir Rahimov qo‘mondonligi ostidagi diviziya dushmanning sakkiz mingga yaqin ofitser, askarlari hamda harbiy texnikasini yo‘q qilgan. Jangovar jasorati uchun 1942-yil 10-fevralda Sobir Rahimovga podpolkovnik, olti oydan so‘ng esa 37-o‘qchi diviziyasi polkovnigi unvoni beriladi.
Sobir Rahimov Kuban, Krasnodar kabi shaharlarni ozod etishda qatnashib, mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatadi. Shu sababli 1943-yili II darajali Suvorov ordeni hamda general-mayor unvoni bilan taqdirlanadi.
1943-yil yozida Sobir Rahimov harbiy bilim va malakasini oshirish maqsadida Moskva shahridagi Harbiy akademiyaga yuboriladi. 1943-yil 1-oktabrda u turmush o‘rtog‘i Munira Rahimovaga “O‘n kundan beri imtihonlar ketayotgani sababli xat yozishning imkoni bo‘lmadi. Meni tabriklasangiz bo‘ladi. Barcha fanlarni ijobiy topshirdim. To‘g‘risini aytsam, birinchi kunlarda eplay olamanmi, deya qo‘rqqan edim. O‘zimni qo‘lga olib, kecha-kunduziga ikki soatgina uxlab, tun-u kun o‘z ustimda uzluksiz ishlayapman”, deb xat yozadi. Demak, Sobir Rahimov qisqa muddatli malaka oshirish davomida harbiy nazariya va qo‘mondonlik sirlarini qunt bilan o‘rganishga qattiq kirishgan.
O‘qish tamom bo‘lgandan so‘ng Sobir Rahimov o‘z diviziyasiga qaytadi hamda 1 va 2-Belarus frontida Baranovichidan Belostokkacha jangovar harakatlarda ishtirok etadi. Ikkinchi jahon urushi davomida fashistlar Polshaning Graudents shahrini egallanib, uni mustahkam himoya qo‘rg‘oniga aylantirgan edi. Uni ozod etmay turib, oldinga harakatlanishning imkoni yo‘q edi.
Qisqasi, hal qiluvchi jangga Sobir Rahimov qo‘mondonlik qilgan 37-o‘qchi diviziya kiradi. Shaharning har bir qarichi uchun kechgan qirq kunlik shiddatli janglardan so‘ng Gitlerning ishongan generali Frikke o‘zining to‘rt mingdan ortiq ofitser hamda askarlari bilan birgalikda asir olingan. Ushbu g‘alaba munosabati bilan Moskvadan oliy bosh qo‘mondonning buyrug‘i o‘qib eshittirilib, Sobir Rahimov diviziyasi sharafiga 20 marta o‘q uzib, harbiy qutlov beriladi.
Sobir Rahimovning Toshkentdagi haykali.
Foto: Google Photos
Sobir Rahimovning so‘nggi janggi Polshaning yirik port shahri hisoblangan Dantsig ostonalarida bo‘lib o‘tgan. General-polkovnik Pavel Batov Sobir Rahimovning qahramonlarcha halok bo‘lishi haqida “Rahimovning ilg‘or qismi Dantsig shahri tomon harakatlanayotgan edi. Shaharga uch km qolganda Sobir Rahimov radio orqali artilleriya kuzatuvi yeriga o‘rmon chekkasiga chiqqani hamda shahar bugun egallanishi to‘g‘risida xabar berdi. Ammo Rahimovga Dantsig shahrini egallash nasib etmadi. 26-mart kuni u dushman snaryadidan yaralandi”, deya xotirlagan edi. Oldiniga Grodno shahrida ko‘milgan Sobir Rahimov xoki urushdan keyin Toshkentga olib kelinadi va Kafanovo xiyoboniga dafn etiladi.
Bugungi kunda general-mayor Sobir Rahimov nomini abadiylashtirish, uning jasorati va Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan qahramonligini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida general tug‘ilib o‘sgan Toshkent shahri, shuningdek, Qozog‘istonning Chimkent shaharlarida haykallar o‘rnatilgan. Sovet harbiylarining Gdansk shahri general Gelguda ko‘chasidagi qabristonida general-mayor Sobir Rahimov sharafiga maxsus yodgorlik lavhasi o‘rnatilgani Ikkinchi jahon urushining iste’dodli jangchisi xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat va e’tibor namunasidir.
Sobir Rahimov nafaqat mohir harbiy qo‘mondon, hayotda juda samimiy, mehribon inson ekanini ko‘rsatuvchi dalillar ham bor. 1942-yili Sobir Rahimov qo‘mondonligi ostidagi bo‘linma Debaltsevo shahrida otasi fashistlar tomonidan osib o‘ldirilgan 12 yoshli Gennadiy Suvorov bilan uchrashadi. Uni otalarcha quchoqlab, otiga o‘tkazib o‘zi bilan olib ketadi. Ushbu voqeadan keyin Gennadiy Suvorov Sobir Rahimovning doimiy yordamchisiga aylanadi.
“Temir general” nomi bilan tanilgan Sobir Rahimovning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi o‘sib kelayotgan yosh avlodni jasur va mard bo‘lib kamol topishga, Vatani va millatiga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.