Serotonin bo‘shlig‘i: bazmlar, konsertlar va ta’tildan so‘ng nega kayfiyatimiz tushib ketadi?

Sayohatdan qaytgach, energiya o‘rniga g‘alati bir bo‘shliqni his qilasiz. Sevimli guruhingizning konsertidan so‘ng esa hissiyotlar bilan bo‘lishishga emas, shunchaki hech narsa qilmay yotishga ehtiyoj sezasiz. Orziqib kutilgan bazmdan keyingi tongda nafaqat jismoniy charchoq, balki sarosima hissi ham hamroh bo‘ladi. Bu “serotonin bo‘shlig‘i” deyiladi.  Bu qanday hissiy tushkunlik ekani va unga tushib qolmaslik yo‘llarini mutaxassislar bilan birga ko‘rib chiqamiz.

  — Manba: «Daryo» nashri.

Nima uchun yorqin voqealardan so‘ng bizda bo‘shliq hissi paydo bo‘ladi?

Klinik psixolog, psixoanalitik, “Alter” psixologik platformasi mutaxassisi Yevgeniy Shcheglovning tushuntirishicha, “serotonin bo‘shlig‘i” ancha keng tarqalgan va umuman olganda normal holatdir. Bu yerda gap serotonin kamayishi haqida emas, balki shiddatli holatdan kundalik hayotga keskin o‘tishga nisbatan ruhiyat va asab tizimining kompleks reaksiyasi haqida ketmoqda. Biror voqea tugagach, asab tizimi tabiiy ravishda o‘zining boshlang‘ich darajasiga “qaytadi” va bu o‘tish subyektiv ravishda bo‘shliq, zerikish yoki yengil qayg‘u sifatida his qilinishi mumkin.

“Yorqin voqealar paytida dofamin tizimi kuchli faollashadi, negaki bunda intizorlik, yangilik, his-tuyg‘ular, ijtimoiy muloqot mujassam, — deya qo‘shimcha qiladi “Atlas” klinikalari psixiatr-shifokori, psixoterapevti Timur Mutaliyev. — Miya faolligi eng yuqori cho‘qqiga chiqadi, har qanday cho‘qqidan keyin esa pasayish kuzatiladi. Retseptorlarning sezgirligi pasayadi, rag‘batlantirish darajasi tushadi va bu subyektiv ravishda “ahvol yomonlashgandek” tuyuladi, vaholanki bu shunchaki me’yoriy holatga qaytishdir. Biroq ruhiyatimiz bu holatni me’yor bilan emas, o‘sha cho‘qqi bilan solishtiradi, tushkunlik hissi ham shundan kelib chiqadi”.

Haqiqatan ham, biz ko‘pincha hodisaning o‘zi emas, balki uni kutish qanchalik quvonch keltirishini yetarlicha baholamaymiz. Voqea tugashi bilan u bilan birga bu hissiyot ham g‘oyib bo‘ladi. Qolaversa, oddiy toliqish ham qo‘shiladi. Hatto yoqimli taassurotlar ham o‘ziga xos bir yuklamadir. Ulardan so‘ng organizm tiklanishga muhtoj bo‘ladi.

Bu holat qancha davom etadi?

Yevgeniy Shcheglovning so‘zlariga ko‘ra, “serotonin bo‘shlig‘i, odatda, bir necha soatdan bir-uch kungacha, kamdan kam hollarda, masalan, sayohat kabi juda sermazmun voqealardan so‘ng bir haftagacha davom etadi”.

Agar tushkunlik bir necha haftadan ortiq cho‘zilsa va kundalik hayotga ta’sir qila boshlasa, bu o‘z holatingizga e’tibor qaratish va ehtimol, mutaxassisga murojaat qilish uchun jiddiy sabab bo‘ladi.

Serotonin bo‘shlig‘idan qanday chiqish mumkin?

Bunday paytlarda beixtiyor yana biror yorqin tadbir — konsert yoki bazm rejalashtirgingiz keladi. Umuman olganda, bu bir safar yordam berishi mumkin, chunki yana kutish rejimi ishga tushadi. Ammo oxir-oqibat, bu bilan berk doiraga tushib qolasiz. Bundan ko‘ra, teskari strategiya — asosga qaytish ancha yaxshi samara beradi. Bu borada mutaxassislar uyquni asosiy omil deb bilishadi. To‘laqonli tungi uyqu asab tizimini tom ma’noda qayta tiklaydi.

Garchi oddiy eshitilsa-da, amalda ish beradigan oddiy tavsiyalar:

  • yetarli miqdorda oqsil va murakkab uglevodlarga boy ratsion;
  • stimullarni kamaytirish (kamroq shovqin, ijtimoiy tarmoqlar, yangi taassurotlar);
  • ortiqcha zo‘riqishlarsiz kundalik tartibga xotirjamlik bilan qaytish;
  • yengil jismoniy faollik: sayr, harakat, nafas olish mashqlari.

Yevgeniy Shcheglovning so‘zlariga ko‘ra, refleksiya ham foydali bo‘lishi mumkin: boshdan kechirilgan tajribani yo‘qotishdek his qilmaslik, aksincha, u hayotiy hikoyangizning bir qismiga aylanishi uchun uni birovga aytib berish yoki yozib qo‘yish kerak.

“Shunisi muhimki, bunday hissiy pasayish biror nuqson emas, balki siklning tabiiy qismidir. Vazifa undan butunlay qochish emas, balki bu davrni o‘zingizga ehtiyotkorlik bilan yashab o‘tishdir”, deya tushuntiradi Yevgeniy Shcheglov.

author info

Hilola G‘iyosova

От qwert.uz