Qashqadaryo viloyati prokuraturasi “Daryo” internet-nashrida 4-oktabr kuni e’lon qilingan “‘Agar molga bizni qiynagandek azob berishsa, u ham gapirib yuborardi’. ‘Kondesat ishi’da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX hibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi sarlavhali ochiq sud majlisidan tayyorlangan reportajga munosabat bildirdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Dilshod Umarov.

Foto: “Daryo”

Reportajda “kondensat ishi”da ayblanayotgan Alisher Gulistonov va Dilshod Umarov DXX tergov hibsxonasidagi tergov jarayonida qiynoqqa solingani, soatlab qo‘lidan osib qo‘yilib, ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilganini, agar “tergovchilarning aytganini qilmasa, otasi va akasini qamatib yuborish bilan qo‘rqitgani”ni aytgan.

Alisher Gulistonov.

Foto: “Daryo”

“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasida qamoqqa olinganlar IIV va DXX organlarining tergov hibsxonalarida saqlanishi ko‘rsatilgan. Qashqadaryo viloyati prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, “kondensat ishi”da ayblanayotganlar orasida ichki ishlar organlari xodimlari borligi, “tergovning xolisona o‘tkazilishi, tergov sirining fosh etilishini oldini olish maqsadida” qamoqqa olingan ayblanuvchilar DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tergov hibsxonasida saqlangan.

Tergovda ayblanuvchilarning himoya huquqi ta’minlanib, ular bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari himoyachilari ishtirokida Jinoyat-protsessual kodeksining 91-moddasiga asosan videoyozuv vositalaridan foydalangan holda o‘tkazilgan bo‘lib, ayblanuvchilarga 24 marotaba himoyachilari bilan xoli uchrashishlari, o‘rnatilgan tartibda 8 marotaba yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari va 7 marotaba telefon orqali so‘zlashishlari ta’minlanib, har uch kunda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib borilgan”, — deyiladi Qashqadaryo prokuraturasi bayonotida.

Shuningdek, tergov organi tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 142-moddasiga asosan, qamoqda saqlangan ayblanuvchilar bilan himoyachilari ishtirokida guvohlantirish tergov harakati o‘tkazib borilgan va bunda, viloyat prokuraturasining qayd etishicha, ayblanuvchilarda tan jarohatlari aniqlanmagan. “DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tergov hibsxonasida videokuzatuv vositalari o‘rnatilgan bo‘lib, qamoqqa olingan ayblanuvchilarga nisbatan tergov hibsxonasida jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmagan”, — deyiladi prokuratura axborotida.

Avval xabar berilganidek, mazkur jinoyat ishi hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rib chiqilmoqda. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bayonotida alohida ta’kidlanishicha, “ayblanuvchilarning ularga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilganligi haqidagi vajlariga sud tomonidan ham huquqiy baho beriladi”.

От qwert.uz