Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyatining bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyati prokuraturasidan Guljahon Yo‘ldoshevani qamoqqa olish haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘radi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Saida Mirziyoyeva.
Foto: “Daryo”
“Men unga qo‘yilgan ayblovlarning qonuniy yoki noqonuniyligini hech qanday baholamoqchi emasman, bu sudning mutlaq vakolati. Ammo sizning e’tiboringizni shunga qaratmoqchimanki, eng kichigi atigi ikki yoshda bo‘lgan oltita farzandning onasi sudgacha qamoqda saqlanmoqda. Bizning qonunchiligimiz, boshqa rivojlangan mamlakatlar qonunchiligi singari, erkaklarnikiga qaraganda ayollar uchun biroz ko‘proq imtiyozlarni o‘z ichiga oladi. Bunga misol sifatida ayol kishining homiladorligi yoki voyaga yetmagan farzandlari borligi unga yengillashtiruvchi holatlar taqdim etishi mumkin. Bu ham insonparvarlikning bir turi. Guljahonning “ishida” nega qonun bu qadar qattiq va qat’iy? Olti bola bilan qayergadir qochib qutulishi mumkinmi? Nahotki sudgacha qamoqda saqlash bizning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yagona yo‘li bo‘lsa? Jinoyat-protsessual qonunchiligida boshqa ta’sirchan ehtiyot choralarini qo‘llashga nima xalaqit beradi?
Hibsga olish — bu kuchli stress va shaxsning ma’nan sindirilishidir. Ayniqsa, uyda yosh bolalaringiz bo‘lganida… Shuning uchun Toshkent viloyatining prokuraturasidan qarorni qayta ko‘rib chiqishlarini so‘rab qolaman”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Avvalroq Tanzila Norboyeva Toshkent viloyati bosh infeksionistiga qo‘llanilgan ehtiyot chorasiga munosabat bildirib, “Og‘ir jinoyat qilganlar ham chetga chiqib ketmaslik sharti bilan uyda saqlanadi — bolasining oldida, oilasida bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, uning jinoyati qanchalik og‘ir yoki og‘ir emasligiga hozir baho bera olmayman, lekin ayol kishi, kichkina bolasi borligini e’tiborga olib, hozircha qamoqqa olmaslik ham mumkin edi, qachonki sud qaror chiqarmagunicha”, deb aytgandi.
Shuningdek, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Guljahon Yo‘ldoshevaning qamoqqa olinganidan tashvishdaligini bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirusga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.
Keyinroq bu masalada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov o‘z munosabatini bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashmagani, Guljahon Yo‘ldosheva asossiz ma’lumotlar tarqatayotganini aytgan.
Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida 8-sentabr kuni xabar tarqaldi. Bosh prokuratura bu holatga munosabat bildirib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam o‘limiga sabab bo‘ladigan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgani va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma’lum qildi.
Sudning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ayblanuvchiga nisbatan qo‘llangan qamoqda saqlash bilan bog‘liq ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.
Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov u aybsizligini aytib, tergov noxolis olib borilayotganini ta’kidlamoqda.