FAI-1129

Gаnnibal armiyasining mag‘lubiyati bilan yakunlangan Ikkinchi Pun urushining so‘nggi hal qiluvchi jangi bo‘lmish Zama yaqinidagi jang miloddan avvalgi 202-yilning aynan bugungi sanasi – 19-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan edi. “Daryo” ikkala tomondan urushga kirgan jami 70 ming kishining hayotini o‘zgartirib yuborgan mazkur urush va uning tafsilotlari haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Zama jangining sodir bo‘lish sanasi tarixchilar o‘rtasida hozirgacha munozaralarga sabab bo‘ladi: kimdir voqeani bahorda sodir bo‘lgan desa, yana kimdir kuzda deya qayd etadi. Omon qolganlar bergan guvohliklar orasida nafaqat jang kuni, balki u sodir bo‘lgan yil mavsumi haqida ham aniq ma’lumotlar yo‘q.

Bizda urushning aniq sanasini aniqlash uchun Rim konsuli Dion Kassiusning vizantiyalik tarixchi Zonar tomonidan yozilgan hikoyalarida saqlanib qolgan voqea sodir bo‘lgan paytda to‘liq quyosh tutilishi ro‘y bergani haqidagi so‘zlari bor xolos.

“Gannibal jang qilishni xohlamadi, lekin tun bo‘yi lager qurish va quduq qazish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ular charchoq va chanqoq tufayli qiyin ahvolda qolgan bo‘lsa-da, Ssipion ularni o‘z xohishlariga qarshi jangga kirishga majbur qildi. Rimliklar ishtiyoq bilan va tartibli zarbalar berar edi. Gannibal va karfagenliklar esa quyosh tutilishi va boshqa bir qancha omillar sabab esankirab qoldi”.

NASA’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘sha yili Afrikada sodir bo‘lgan yagona Quyosh tutilishi miloddan avvalgi 202-yil 19-oktabrga to‘g‘ri keldi. Ammo hozirgi Tunis hududida uning uchdan bir qismigina kuzatilgani ta’kidlanadi.

Urush qanday sodir bo‘ldi?

Rim Karfagenga qarshi kurashish uchun o‘zining barcha harbiy, siyosiy va diplomatik kuchlarini bir yerga to‘pladi.  Respublikaning an’analaridan farqli o‘laroq, armiya qamoqdan ozod qilingan mahbuslar va davlat hisobidan ozod qilingan qullar bilan to‘ldirildi.  Rim qo‘shinlari qo‘mondoni, konsul Ssipion strategik tashabbusni Karfagen armiyasidan tortib olish uchun Senatga urushlarni Afrikaga ko‘chirishni taklif qildi.

Miloddan avvalgi 204-yilda Ssipionning o‘zining 30 ming kishilik qo‘shini bilan Utika yaqinidagi Afrika qirg‘og‘iga tushdi. Bu yerda Karfagenning ittifoqchilari bo‘lgan numidiyaliklar rimliklarga qarshi chiqdi. Ammo Ssipion Numidiya yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro nizolardan foydalanib, ulardan biri Sifaksni mag‘lubiyatga uchratdi va hokimiyatni uning raqibi Massinissaga topshirdi.

Foto: Google Photos

Massinissa Rimning ittifoqchisiga aylandi va buning ortidan Ssipion O‘rta dengizdagi eng yaxshi yengil kavaleriyalarga ega bo‘ldi. Numidiyaliklar tabiatan tug‘ma chavandoz bo‘lib, ularning otlari jilovga emas, balki xo‘jayinning ovoziga va nayzaning yo‘nalishiga muvofiq harakat qilgan edi. Zama jangida ular Rim tarafida ham, Karfagen tomonida ham jang qildi. Poytaxtga tahdidlar bo‘lgani sababli Karfagen Senati Gannibalni darhol Italiyadan chaqirib oldi.

Kuchlar nisbati qanday edi?

Xo‘sh, Zama jangida tomonlardan jami qancha qo‘shin qatnashdi? Rim armiyasida 20 ming piyoda askar va 10 ming otliq, Karfagen armiyasida 35 ming piyoda askar, uch ming otliq va 80 fil bor edi. Urush fillari, aslida, dahshatli kuch edi, ammo ular yaqindagina Markaziy va Shimoliy-G‘arbiy Afrikadan olib kelingan va hali jang uchun maxsus tayyorlanmagandi.

Shunday qilib, ikkala tomonning hech birida mutlaq ustunlik yo‘q edi: rimliklar otliq qo‘shin hisobida, karfagenliklar esa piyoda askarlarda ustunlikka ega edi. Kuchlar muvozanati Kann jangidagiga o‘xshab ketardi.

Otliqlar qanotlarda saf tortdi.  Rim qo‘shinining o‘ng qanotida turgan Massinissaning Numidian otliqlari, ayniqsa, kuchli edi.  Numidiyaliklar aql bovar qilmas tezlik bilan jang qilish san’atini egallagan edi. Ular karfagenliklarga har tomonlama zarba berib, ularni oxiri ko‘rinmaydigan o‘qlar yomg‘iri ostida qoldirdi.

Karfagenliklar fillar va piyoda askarlarni oldingi safga joylashtirdi, ikkinchi qator birinchisidan 200 metr orqada joylashgan edi. Gannibal Rim otliq qo‘shinlarini jang maydonidan chalg‘itishga qaror qildi va Rim piyodalarini o‘rab oldi.

Jangning borishi

Karfagenliklar jangni markazda fillar bilan bir vaqtda otliq askarlar hujumi bilan boshladi.  Kuch jihatidan ustunlikka ega bo‘lgan Rim otliqlari Karfagen otliqlarini chekinishga majbur qildi va ularni ta’qib qilib, jang maydonidan uzoqlashdi.

Jangda fillarning ishtirok etishi samarasiz bo‘ldi. Fillarning hujumini ko‘rgan Rim piyoda askarlari Ssipioning reja qilganidek, o‘z saflarini buzib, har tomonga tarqalib fillarning erkin harakatlanishi uchun maydon hozirladi. Natijada, fillarning hujumi rimliklarga u qadar kuchli talafot yetkazmadi. Oldinga harakat qilayotgan fillarni, rejalashtirilganidek, kamonchilar bo‘linmasining olovli o‘qlari kutib oldi, bu esa jonivorlarni kuchli sarosimaga solib qo‘ydi. O‘girilib orqaga yugurgan fillar o‘z qo‘shinlariga jiddiy zarar yetkazdi.

Foto: Google Photos

Gannibal fillar bilan sodir bo‘lgan rejadan tashqari holatga qaramay, hujumni markazda piyoda askarlari bilan davom ettirdi. Iberiya yollanma askarlari, shuningdek, Karfagen fuqarolari va ittifoqdosh makedoniyaliklar hujumga o‘tdi. Rim piyodalari Karfagen jangchilarning birinchi safiga hujum qilib, ularni orqaga qaytardi, ammo o‘sha paytda Gannibal armiyasining o‘z vaqtida yetib kelgan ikkinchi, kuchliroq safi jangga kirdi va kuchlar nisbati o‘zgardi.

Shu bilan birga, Gannibal o‘zi bilan o‘n besh yil davomida Italiyada jang qilgan faxriylardan tashkil topgan uchinchi, eng kuchli tarkib bilan dushman qanotlarini yakson qilishga kirishdi. Gannibal ushbu jang texnikasini ko‘plab janglarda qo‘llagan, tanlab olingan piyoda qo‘shinlarining oldinga harakatlanishi va dushman qanotlarini o‘rab olishi rejasi har doim uning muvaffaqiyatini ta’minlagan edi.

Ammo Ssipion ham deyarli bir vaqtning o‘zida shunga o‘xshash harakatni amalga oshirdi, ya’ni o‘zining sara qo‘shinini qanotlarda ilgari surdi. Shiddatli va ayovsiz jang boshlandi, unda turli manbalarga ko‘ra, bir tomondan, shaxsan Gannibalning o‘zi, ikkinchi tomondan, Ssipion o‘z qo‘shinlariga boshchilik qilgan edi.

Yon qanotlarda kechgan jang taxminan ikki soat davom etdi va markazdagi jang jarayoni uning davom etishiga to‘sqinlik qildi: bu yerda karfagenliklar Rim qo‘shinlarining qarshiligini sindirib, orqaga chekinishga majbur qildi.  Natijada, rimliklarning markaziy qanoti 2–3 kilometr orqaga chekindi.  Armiyani ikkiga bo‘linib ketishdan saqlash uchun Ssipion markazdagi holatni barqarorlashtirish uchun o‘z qo‘shinlarini qanotlardan olib chiqishga buyruq berdi. Yuzaga kelgan qulay vaziyat, ya’ni vaqtdan foydalanib Gannibal qo‘shinlarga biroz tin berdi va yangi kuch bilan rimliklarga qayta tashlandi.

Karfagenliklarning son jihatdan ustunligini hisobga olganda, rimliklarning jangda mag‘lub bo‘lishlari aniq edi, ammo o‘sha paytda dushmanni ta’qib qilib ketgan yuqorida aytib o‘tilgan Rim otliq qo‘shinlari Karfagen otliqlarini mag‘lub etib, jang maydoniga qaytib keldi. Rimliklar tezda jang maydoniga yuzlandi va kutilmaganda karfagenliklarning orqa tomoniga zarba berdi. Gannibal armiyasining orqa chiziqlari taxminan bir soatcha vaqt davomida ko‘rsatilgan qarshilikdan so‘ng qurshovga dosh berolmay tartibsizlik bilan qochishni boshladi va shu tarzda jang tartibi o‘zgarib ketdi.

Yakun

Endi Gannibalning mag‘lubiyatga uchrashi tayin bo‘lib qoldi. Karfagenliklar bu paytga kelib allaqachon taxminan 10–25 ming jangchi, 8,5–20 ming mahbus, 132 otliq va 11 ta filini yo‘qotgan edi.  Gannibalning o‘zi so‘nggi daqiqadagina jang maydonini tark etib, o‘limdan qochib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Rimliklar tomonidan taxminan 1,5–6 ming odam halok bo‘ldi.

Zama jangi Ikkinchi Puni urushlaridagi so‘nggi jang bo‘lib, undagi mag‘lubiyat sabab Karfagen, nihoyat, urushda yutqazdi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.

От qwert.uz