Instagram ijtimoiy tarmog‘i bugungi kunda mashhurlarga yaxshigina daromad manbayiga aylangan. Taniqli shaxslarning obunachisi qanchalik ko‘p bo‘lsa, uning sahifasida reklama joylashtirish narxi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Jurnalist Nargiza Murodova o‘zbek shou-biznesi vakillari Instagram’dagi reklamadan qancha pul topishi haqida surishtiruv o‘tkazdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lumotlarga ko‘ra, mashhurlarning sahifasidagi eng arzon reklama 200 dollar, eng qimmati esa 2 000 dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, kunlik reklama uchun ham 30 dollardan 200 dollargacha narx belgilangan. Ammo ularning ko‘pchiligi bizneslari haqida ochiqchasiga gapirishni istamadi.

Shahlo Zoirova

2,4 million obunachiga ega “Bravo” kulgi jamoasi a’zosi Shahlo Zoirovaning Instagram sahifasidagi stories’ga reklama joylash narxi 300 dollar, akkauntiga reklama joylashtirish esa 500 dollarni tashkil etadi.

Rayhon G‘aniyeva

3,6 million obunachiga ega O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva esa eng qimmat reklamalarni joylashtiruvchi akkaunt egasi. O‘zi ishtirok etmagan reklamani xonandaning sahifasiga joylash 1 500 dollarni tashkil etadi. Agar mahsulot yoki xizmat turini o‘zi reklama qilib bersa, bu narx yana 500 dollarga oshib 2 000 dollarni tashkil etadi.

Munisa Rizayeva

Xonanda Munisa Rizayeva o‘zbek ijodkorlari ichida eng ko‘p folloverlarga ega ijodkor hisoblanadi. Instagram tarmog‘ida uning 4,4 million kuzatuvchisi bor. Ammo u reklamaga mukkasidan ketmagan. Shu kungacha sanoqli reklamalarni qabul qilgan xolos. Uning stories’ga bir martalik reklama joylash 1 500 dollarni, lentaga esa 2 500 dollarni tashkil etadi. Munisa Rizayevaning shaxsan o‘zi ishtirok etgan reklama roliklari esa bundan ancha qimmat turadi.

Muqaddas Sa’dullayeva

2,7 million obunachiga ega aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva bitta reklama posti uning sahifasidan joy olishi uchun qancha pul to‘lash kerakligini oshkor etishni istamadi.

“Turmush o‘rtog‘im buni sir tushishimni qa’tiy talab qiladi (kulib). Ammo Instagram orqali yaxshigina mablag‘ topish mumkinligini ochiq aytolaman. Garchi bizda bu reklama tizimi hali u qadar rivojlanmagan bo‘lsa-da, bir oylik daromadimiz yomon emas. Sahifamda 2 million 600 mingdan ziyod obunachi bor. Aslida buncha kuzatuvchi uchun yaxshigina haq to‘lanishi kerak. Agar hamma sahifachi reklama narxini arzonga sotmasa, kuzatuvchilar orasida reklama narxi ham oshgan bo‘lardi. Shaxsan men faqatgina berilgan mahsulot uchun reklama qilmayman”, — deydi aktrisa.

Nargiza Abdullayeva

Aktrisa Nargiza Abdullayeva esa reklama katta-kichikligiga qarab bitta post uchun 200-400 dollar oladi.

“Eplaganlar qandini uryapti, ammo men menejerlikni eplolmadim (kuladi). Ko‘nglim bo‘shligi shu yerda ham pand berdi. Masalan, oyiga 10 ta reklamani sahifamga joylasam, undan 5 tasi bepul bo‘ladi. ‘Yangi biznes boshlaganman, qo‘llab yuboring’, deydiganlarga buncha bering, deyolmayman. Doimiy hamkorlarim esa reklamaning murakkabligiga qarab 200-400 AQSh dollari miqdorida pul to‘lashadi. Shu bilan birga reklama joylayotganda uning ishonchli mahsulot ekanligiga ham jiddiy e’tibor beraman. Pul deb odamlarga aziyat beradigan mahsulotlarni reklama  qilishdan qo‘rqaman”, — deydi aktrisa.

Aziza Yoqubova

468 ming obunachiga ega aktrisa Aziza Yakubova sahifasidagi reklama orqali oyiga 2000 dollargacha ishlashini ma’lum qildi.

“Instagram orqali yaxshigina pul topish mumkin, ammo reklamaga berilib ketish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Kuzatuvchilar orasida mavqe tushishi va ularni yo‘qotish ham hech gap emas. Bir necha oy oldin oyiga 2000 dollarlik reklamalarni oldim. Hozir esa har oyda 200 yoki 500 dollarlik reklamalarni qabul qilyapman xolos. Shaxsan men o‘zimni qimmat reklama qo‘yadigan sahifa egasi deb bilmayman. Hatto meni avrab, uch-to‘rtta kosmetika evaziga ham reklama qo‘ydirish mumkin. ‘Bravo’ jamoasidagi Shahlo va Munisa Rizayevaning Instagram reklamasi juda qimmatligi haqida eshitgandim. Reklama beruvchi ham ahmoq emas. Agar e’londan naf bo‘lmasa, katta mablag‘ evaziga reklama joylashtirmaydi”, — deydi Aziza Yoqubova.

От qwert.uz